Jahon | 14:59
2674
10 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqda kuchayayotgan inqiroz, Xitoyda yangi siyosiy sahna va Trampning Ispaniyaga tahdidi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Yaqin Sharqdagi urush: inqiroz kuchaymoqda

Mintaqadagi harbiy harakatlar to‘rtinchi kechadirki, o‘zining cho‘qqisiga chiqdi: qurbonlar soni keskin ortgan.

AQSh harbiylari shanba kunidan buyon Eron bo‘ylab qariyb 2000 ta nishonga zarba berilganini va Eronning 17 ta kemasi, jumladan, bitta suvosti kemasi yo‘q qilinganini bildirdi.

Tehronda va boshqa yirik shaharlarda portlashlar davom etmoqda. Islom inqilobi muhofizlari korpusi qarshi hujumlarni to‘xtatmasligini bildirdi.

Isroil Livanga hujumlarini kuchaytirdi. Baalbek, Aramun va Sadiyatdagi turar joy binolariga berilgan zarbalar oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘ldi. Shuningdek, Hazmiyadagi mehmonxona ham bombardimon qilingan.

Isroil va AQSh samolyotlari Qum shahridagi Ekspertlar kengashi binosini nishonga oldi. Bu Eron diniy va siyosiy rahbariyati uchun juda kuchli ramziy zarba hisoblanadi.

AQShda joylashgan Inson huquqlari agentligiga ko‘ra, Erondagi urush tufayli mingdan ortiq tinch aholi halok bo‘lgan. Ularning 181 nafari 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar. Yana 5 ming kishi jarohatlangan.

Eronning javob hujumlari qo‘shni davlatlarga ham ta’sir qilmoqda. Kuvaytda snaryad parchalari tushishi oqibatida bir bola halok bo‘ldi. Saudiya Arabistoni esa o‘z hududiga yo‘naltirilgan ikki raketa va to‘qqizta dronni urib tushirganini e’lon qildi. Eron shuningdek, AQShning Dubaydagi konsulligi, BAAning Fujayra porti va Bag‘dod aeroporti yaqinidagi AQSh harbiy obektiga hujum qildi.

AQShdagi Demokrat qonun chiqaruvchilar prezident Trampning urush uchun keltirayotgan vajlari yetarli emasligini aytmoqda. Ular prezident o‘z maqsadlariga erishish uchun AQShning quruqlikdagi qo‘shinlari – bevosita piyoda askarlarni jangga kiritishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Eron Hormuz bo‘g‘ozini yopishi ortidan Donald Tramp neft tankerlarini harbiy kemalar bilan kuzatib borishga buyruq berdi.

Tramp Ispaniyaga tahdid qildi

Seshanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Ispaniyaga nisbatan to‘liq savdo embargosi joriy etish bilan tahdid qildi. Bunga Ispaniya o‘z bazalaridan Eronga hujum qilish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymasligi sabab bo‘lgandi. Avvalroq AQSh Ispaniya janubidagi Rota va Moron harbiy bazalaridan 15 ta samolyotni, jumladan, havoda yoqilg‘i quyish tankerlarini boshqa joyga ko‘chirishga majbur bo‘lgandi.

«Ispaniya o‘zini dahshatli tutdi», - dedi Tramp Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan uchrashuvi chog‘ida jurnalistlarga. U Moliya vaziri Skott Bessentga Ispaniya bilan «barcha aloqalarni uzish» haqida ko‘rsatma berganini qo‘shimcha qildi. «Biz Ispaniya bilan barcha savdo aloqalarini to‘xtatamiz. Bizning Ispaniya bilan hech qanday ishimiz bo‘lishini xohlamayman», - deya qo‘shimcha qildi u.

«Ispaniya bilan bog‘liq barcha biznesni to‘xtatishga huquqim bor. Embargo — nima xohlasam shuni qila olaman, biz buni Ispaniya bilan amalga oshirishimiz mumkin», dedi Tramp.

Uchrashuvdan so‘ng jurnalistlar bilan gaplashgan Fridrix Mers Tramp bilan yopiq muloqotda Ispaniyani o‘tgan yili Yevropa–AQSh savdo kelishuvidan chiqarib tashlab bo‘lmasligini aytganini bildirdi.

Ispaniya hukumati o‘z bayonotida AQSh xususiy biznes mustaqilligini, xalqaro huquqni hamda AQSh va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo shartnomalarini hurmat qilishi kerakligini ta’kidladi.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Yevropadagi kam sonli so‘l qarashli rahbarlardan biri. U qator siyosiy qarorlari, jumladan, Isroilga qurol tashiydigan kemalarning Ispaniya portlariga to‘xtashini taqiqlashi bilan ham Trampning g‘azabiga sabab bo‘lgan edi.

Xitoyda siyosiy sahna: «Ikki sessiya»

Payshanba kuni Xitoyning eng yirik siyosiy yig‘inlari — siyosiy maslahat organi va rasmiyatchilik uchun xizmat qiluvchi milliy qonun chiqaruvchi organning rejalashtirilgan yillik majlislari bo‘ladi.

Tadbir — Xitoyda uzoq davom etayotgan korrupsiyaga qarshi kampaniyasi doirasida yuqori lavozimli harbiy amaldorlarni «tozalash»dan keyin bo‘lmoqda. Bu tadbir ikki xil uchrashuvni o‘z ichiga oladi:

  1. Xitoy Xalq Siyosiy Maslahat Kengashi: Payshanba kuni boshlanadi. Uning 2000 dan ortiq a’zosi nafaqat Kommunistik partiyadan, balki turli sohalardan jalb qilingan. Bu organ nufuzli bo‘lib, uning muhokamalari asosiy siyosiy yo‘nalishlar haqida tushuncha beradi, lekin u qonun chiqaruvchi hokimiyatga ega emas.
  2. Butunxitoy Xalq Vakillari Kengashi: Texnik jihatdan qonun chiqaruvchi hokimiyat juma kuni yig‘iladigan ushbu organga tegishli. Garchi uning keng vakolatlari qonunlar qabul qilish, konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish va davlat budjetini tasdiqlashni o‘z ichiga olsa-da, amalda u Kommunistik partiya tomonidan yopiq eshiklar ortida qabul qilingan qarorlarni shunchaki tasdiqlab beruvchi «parlament» vazifasini bajaradi.

Odatda bir-ikki hafta davom etadigan «ikki sessiya» dunyoning ikkinchi iqtisodiyoti ustuvorliklarini belgilab beradi. Kuzatuvchilar Si Jinpingning «yo‘l xaritasi»ni tushunish maqsadida yangi Besh yillik rejani sinchiklab o‘rganishadi.

Meksikalik narkobaron oltin tobutda dafn qilindi

Meksikaning eng mashhur va xavfli narkobaronlaridan biri, «El Mencho» nomi bilan tanilgan Nemesio Oseguera dushanba kuni oilasi tomonidan oltin rangli tobutda so‘nggi yo‘lga kuzatildi.

Kartel yetakchisi fevral oyi oxirida uni qo‘lga olish uchun yuborilgan Meksika maxsus kuchlari va uning qo‘riqchilari o‘rtasidagi shiddatli otishmada yaralangan va hibsda vafot etgandi.

59 yoshli El Mencho «Xalisko yangi avlod karteli» asoschisi va mamlakatdagi eng ko‘p qidirilayotgan shaxs edi. AQSh hukumati uning hibsga olinishiga yordam beradigan ma’lumot uchun 15 million dollar mukofot e’lon qilgan.

Dafn marosimi kartelning asosiy tayanch punkti bo‘lgan Xalisko shtatidagi Gvadalaxara yaqinida bo‘lib o‘tdi. Yangi zo‘ravonliklar kelib chiqishining oldini olish uchun Milliy gvardiya bo‘linmalari marosim o‘tkazilayotgan hududda kuchaytirilgan tartibda navbatchilik qildi.

AFP agentligi xabariga ko‘ra, anonim shaxslar tomonidan yuborilgan barcha gullarni qabristonga tashish uchun beshta yuk mashinasi kerak bo‘lgan. Motam tutuvchilarning ko‘pchiligi o‘z shaxsini yashirish maqsadida niqob taqib olishgan.

Osegueraning o‘ldirilishi Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum ma’muriyati uchun katta g‘alaba sifatida ko‘rilmoqda. U AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan narkotrafikka qarshi kurashni kuchaytirish bo‘yicha kuchli bosim ostida qolayotgandi.

«Vaziyatni Tramp emas, Isroil boshqarmoqda»

Tramp Eron bilan urush «Isroilning talabi» bilan boshlanganini rad etdi, biroq uning bayonotlari Rubioning so‘zlariga zid kelmoqda

«Ehtimol, men ularning, ya’ni Isroilning «qo‘lini majburlagandirman», dedi Tramp Oval kabinetda. «Biz bu telbalar bilan muzokaralar olib borayotgan edik va mening fikrimcha, ular birinchi bo‘lib hujum qilmoqchi edi. Agar biz buni qilmaganimizda, ular birinchi bo‘lib zarba berishardi. Men bunga qat’iy ishonganman», dedi u. Biroq o‘z fikrini tasdiqlovchi hech qanday dalil keltirmadi.

Bu bayonot bir kun avval AQSh davlat kotibi tomonidan urushning boshlanishi haqida berilgan asoslarga zid. Marko Rubio dushanba kungi intervyusida AQSh ushbu hujumni — Isroilning Tehronga qarshi rejalashtirilgan harakatlariga javoban, Eron qasos olishidan qo‘rqib amalga oshirganini aytgan edi.

«Biz Isroil tomonidan harakat bo‘lishini bilar edik; bu Amerika kuchlariga hujum qilinishiga olib kelishini ham bilar edik. Agar ular hujumni boshlashidan oldin biz preventiv tarzda ularning ortidan tushmaganimizda, ko‘proq talafot ko‘rgan bo‘lardik», - degan Rubio.

Tramp Isroil AQShni ushbu mojaroga undagani haqidagi taxminlarni rad etdi. Ayni paytda uning ma’muriyati turlicha tushuntirishlar bermoqda. Bu esa uning ba’zi tarafdorlar hamda demokratlar tomonidan «ixtiyoriy urush» ochishda ayblanib, tanqidga uchramoqda.

Bir qancha taniqli konservativ sharhlovchilar tanqidlarni kuchaytirgan: ular Rubioning so‘zlari – vaziyatni Tramp ma’muriyati emas, balki Isroil boshqarayotganidan dalolat berishini ta’kidlamoqda.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid