Jahon | 20:55 / 06.03.2026
3969
9 daqiqa o‘qiladi

AQSh kuchlari Erondagi harbiy bazaga zarba bergan vaqtda maktab ham nishonga olingan – New York Times

Nashr to‘plagan yangi dalillar Minobdagi maktabga berilgan zarba – AQSh kuchlari Eron harbiy-dengiz bazasiga qilgan hujumning bir qismi ekanini ko‘rsatmoqda. Bu esa «ushbu zarbani katta ehtimol bilan ular amalga oshirganiga» dalolat qiladi.

Minob shahridagi maktab (qizilda belgilangan) va Muhofizlar korpusi bazasida

28 fevral kuni Eron janubidagi Minob shahridagi boshlang‘ich maktabga berilgan zarba – AQSh va Isroil Eronga hujum boshlaganidan beri tinch aholi orasida ma’lum bo‘lgan eng yirik talafotdir. Hozircha hech bir tomon ushbu hodisa uchun mas’uliyatni zimmasiga olgani yo‘q.

New York Times nashri yangi e’lon qilingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, ijtimoiy tarmoqlardagi postlar va tasdiqlangan videolar asosida dalillar majmuasini to‘pladi. Unga ko‘ra, dalillar maktab binosi – Islom inqilobi muhofizlari korpusiga tegishli harbiy-dengiz bazasiga qilingan hujumlar bilan bir vaqtda aniq yo‘naltirilgan zarba natijasida jiddiy zarar ko‘rganini ko‘rsatmoqda.

AQSh kuchlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinidagi harbiy-dengiz nishonlariga hujum qilayotgani haqidagi rasmiy bayonotlar ushbu zarbani katta ehtimol bilan ular amalga oshirganidan dalolat beradi, deb yozmoqda NYT.

Bolalar darsda bo‘lgan

Aniq nima sodir bo‘lganini aniqlashga qurol parchalarining ko‘zga tashlanmasligi va tashqi muxbirlarning voqea joyiga yetib borish imkoniyati yo‘qligi to‘sqinlik qilmoqda. Umumiy qurbonlar soni hali mustaqil ravishda tasdiqlanmagan. Biroq Eron sog‘liqni saqlash rasmiylari va davlat ommaviy axborot vositalari «Shajarayi Toyyiba» boshlang‘ich maktabidagi zarba oqibatida kamida 175 kishi halok bo‘lganini, ularning ko‘pchiligi bolalar ekanini ma’lum qildi.

Minobdagi qabristonda maktabda halok bo‘lgan bolalar va o‘qituvchilar uchun qabr qazilmoqda / Foto: Associated Press

Boshlang‘ich maktab Tehrondan qariyb 1000 kmdan ko‘proq masofada, muhim suv yo‘li bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinidagi kichik Minob shaharchasida joylashgan. Shanba kuni Eronda ish haftasining boshlanishi bo‘lgani sababli zarba berilgan vaqtda bolalar va o‘qituvchilar darsda bo‘lishgan.

Zarbalar haqida birinchi bo‘lib mahalliy vaqt bilan soat 11:30 dan biroz o‘tib ijtimoiy tarmoqlarda xabar berilgan. Ushbu postlar, shuningdek, zarbalardan keyin bir soat ichida olingan guvohlar fotosuratlari va videolarining tahlili maktabga harbiy baza bilan bir vaqtda zarba berilganini tasdiqlashga yordam beradi.

Zarbadan keyin maktabdagi qutqaruv ishlari / Foto: Reuters

Geolokatsiya ekspertlari tomonidan aniqlangan videolardan birida baza va maktab hududidan ko‘tarilayotgan bir nechta ulkan tutun bulutlari aks etgan. Tez orada Eron huquq himoyachilari guruhi maktab binosiga yetkazilgan jiddiy zararni aks ettiruvchi suratlarni tarqatdi, Eron OAVlari tomonidan e’lon qilingan va NYT tasdiqlagan video va fotolarda esa vayronalar ostidan omon qolganlar va qurbonlarni qidirayotgan odamlar tasvirlangan.

Yana bir video Muhofizlar korpusi bazasiga kirish joyidan o‘tib ketayotgan haydovchi tomonidan olingan. Videoda majmuaning ikki kirish qismidagi Inqilob muhofizlari belgisi va harbiy-tibbiy qo‘mondonlik belgilari ko‘ringan. Times tahliliga ko‘ra, harbiy binolar urilgan joylardan qora tutun bulutlari ko‘tarilgan.

Baza ichidagi zararni va unga nima sabab bo‘lganini to‘liqroq baholash uchun nashr «Planet Labs» provayderidan yangi sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga buyurtma berdi. Chorshanba kuni olingan surat voqealar ketma-ketligini yanada tasdiqladi. Tasvirlar shuni ko‘rsatadiki, bir nechta aniq zarbalar maktab bilan bir qatorda Inqilob muhofizlarining kamida oltita binosiga tekkan.

Harbiy-dengiz bazasi ichidagi to‘rtta bino butunlay vayron bo‘lgan, yana ikkita binoning tomi markazida zarba izlari ko‘ringan, bu esa bunday aniq nishonli zarbalarga xosdir.

AQSh ayni shu hududlarga zarba berganini e’lon qilgandi

AQSh rasmiylari o‘zlarining ommaviy bayonotlarida o‘sha kuni AQSh samolyotlari maktab joylashgan mintaqada operatsiyalar o‘tkazganiga ishora qilgan.

Xususan, Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Den Keyn chorshanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida AQSh kuchlari o‘sha vaqtda Eron janubi bo‘ylab zarbalar berayotganini aytgandi. U taqdim etgan xarita operatsiyaning dastlabki 100 soatida Minobni ham o‘z ichiga olgan hudud zarbalar nishoni bo‘lganini ko‘rsatadi.

Foto: BBC

Xuddi shu brifingda general Keyn Isroil kuchlari asosan mamlakatning shimoliy qismida harakat qilayotganini aytdi. U, shuningdek, Eronning janubiy va janubi-sharqiy hududlarini nishonga olgan bir nechta AQSh harbiy operatsiyalarini sanab o‘tdi va u yerda Isroil faolligi haqida to‘xtalmadi.

Maktab devor bilan ajratilgan edi

New York Times tomonidan ko‘rib chiqilgan 2013 yilgi sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, maktab bir vaqtlar Inqilob muhofizlari harbiy-dengiz bazasining bir qismi bo‘lgan. Bazaning boshqa hududlaridan shanba kuni zarba berilgan maktab binosiga yo‘llar olib borgan. Ammo 2016 yil sentabrdagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari shuni ko‘rsatadiki, xuddi shu bino devor bilan ajratilgan va endi baza bilan bog‘lanmagan.

Foto: Maxar NYT orqali

Ommaviy foydalanish mumkin bo‘lgan tarixiy sun’iy yo‘ldosh tasvirlari binoda maktabga xos belgilar, jumladan, vaqt o‘tishi bilan qo‘shilgan sport maydonchasi va boshqa dam olish joylari borligini ko‘rsatadi.

«AQShning razvedka imkoniyatlarini hisobga olsak, ular yaqin atrofda maktab borligini bilishlari kerak edi», dedi Stanford universitetining Inson huquqlari va xalqaro adolat markazida dars beradigan sobiq Davlat departamenti rasmiysi Bet Van Shaak.

Noto‘g‘ri talqin va xalqaro huquqning buzilishi

AQSh Harbiy-havo kuchlarida xizmat qilgan va Pentagonda tinch aholiga yetkaziladigan zarar masalalari bo‘yicha katta maslahatchi bo‘lgan milliy xavfsizlik tahlilchisi Ues Brayant yangi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini ko‘zdan kechirdi va barcha binolar, jumladan, maktab ham nishonga «mukammal» urilgan degan xulosaga keldi. Tramp ma’muriyatini tanqid qilib kelgan janob Brayantning aytishicha, eng ehtimoliy tushuntirish — bu maktabni «nishon sifatida noto‘g‘ri aniqlash» bo‘lishi mumkin, ya’ni kuchlar bu yerda ko‘p sonli tinch aholi bo‘lishi mumkinligini anglamay turib hujum qilgan.

Maktab binosining sputnik tasvirlari. Zarbadan oldin va keyin / Foto: NYT

AQSh rasmiylari zarba hali ham tergov qilinayotganini aytishmoqda. Agar «Shajarayi Toyyiba»ga tushgan bomba Amerikaniki ekani tasdiqlansa, asosiy savol shuki, bu xatolik bo‘lganmi yoki maktab eskirgan ma’lumotlar asosida nishonga olinganmi?

Oksford universiteti urush qonunlari bo‘yicha eksperti Janina Dillning aytishicha, hujum qiluvchilar tinch aholiga zarar yetkazilmasligini ta’minlash uchun nishonga olayotgan narsasining «maqomini tekshirishlari» shart. Buni amalga oshirmaslik xalqaro huquqni buzish bo‘lishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi u.

5 mart kuni Reuters nashrining manbalari ham AQSh rasmiylari maktabga berilgan zarba uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga yaqin turganini qayd etgan. Xususan, harbiy tergovchilari 28 fevral kuni Minobdagi qizlar maktabiga berilgan zarba uchun katta ehtimol bilan AQSh kuchlari mas’ul degan to‘xtamga kelishmoqda.

Isroil rad qildi, AQSh hamon «o‘rganmoqda»

Oq uy bu dalillarga javoban matbuot kotibi Karolin Levitning chorshanba kungi so‘zlarini qaytargan. U AQSh maktabga havo zarbasi berganmi degan savolga «biz bilganimizcha yo‘q. Harbiy departament ushbu masalani o‘rganmoqda», deya javob bergandi.

Foto: Mehr News

Hujumdan keyingi bir necha kun ichida AQSh rasmiylari mas’uliyatni na tasdiqladi va na inkor etdi. Mudofaa vaziri Pit Hegset chorshanba kuni tergov ketayotganini aytdi. Isroil harbiy vakili Nadav Shoshani yakshanba kuni jurnalistlarga «hozircha u o‘sha vaqtda, u hududda Isroilning biron bir harbiy operatsiyasidan xabardor emasligini» bildirdi. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid