Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Neft narxi rekord darajada oshdi
Neft narxi 2022 yildan beri eng katta o‘sishni ko‘rsatmoqda. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qamali sababli neft bir haftada 17–20 foizga qimmatlashdi. Yevropada dizel yonilg‘isi fyucherslari qariyb 50 foizga ko‘tarildi.
Neft narxida 2022 yildan beri eng katta haftalik o‘sish qayd etildi, deb xabar berdi Bloomberg. Bir hafta ichida Brent rusumidagi neft 17–20 foizga qimmatladi, 6 mart kuni fyucherslar 2024 yil iyul oyidan beri birinchi marta bir barreli 87 dollardan oshdi. West Texas Intermediate (WTI) rusumidagi neftning bir barreli narxi 84 dollarni tashkil etdi. Dizel yonilg‘isi uchun Yevropa fyucherslari bir haftada qariyb 50 foizga ko‘tarildi. Dizelni qayta ishlash marjasi uch yillik maksimum — bir barreli 49 dollarga yetdi, aviakerosin marjasi esa 55 dollarni tashkil qildi.
Goldman Sachs tahlilchilari agar yetkazib berishdagi uzilishlar saqlanib qolsa, Brent neftining bir barreli narxi 100 dollardan oshishi mumkinligi haqida ogohlantirishmoqda. Bankning xomashyolar bo‘yicha global tadqiqotlar bo‘limi rahbari Samanta Dart bu ssenariy ehtimoli borligini tasdiqladi. Goldman Sachs’ning tezkor hisobotiga ko‘ra, bu Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qamali besh haftadan ortiq davom etganda yuz beradi.
Qatar energetika vaziri Saad al-Kaabi agar harbiy harakatlar davom etadigan bo‘lsa, Fors ko‘rfazidagi barcha mamlakatlar bir necha kun ichida ishlab chiqarishni to‘xtatishga majbur bo‘ladi. Bu holda neft narxi 150 dollarga, gaz narxi esa 1 mln BTU uchun 40 dollargacha ko‘tarilishi mumkin, bu harbiy harakatlardan oldingi darajadan to‘rt barobar yuqori degani. QatarEnergy suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha fors-major e’lon qildi va Ras Laffan kompleksiga Eron droni hujumidan so‘ng 9 ming xodimni evakuatsiya qildi.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tijorat kemalari qatnovi deyarli to‘liq to‘xtagan. Birlashgan dengiz axborot markazi (JMIC) ma’lumotlariga ko‘ra, kemalar signallari tahlili oxirgi 24 soat ichida neft tankeri bo‘lmagan atigi ikkita yuk kemasi harakatlanganini ko‘rsatgan.
Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kuniga 20 mln barrelga yaqin neft va neft mahsulotlari o‘tgan, bu jahon bo‘yicha yetkazib berish hajmining taxminan beshdan bir qismini va jahon suyultirilgan gaz eksportining 30 foizgacha qismini tashkil qiladi.
Maersk, Hapag-Lloyd va CMA CGM konteyner operatorlari yo‘nalishlar o‘zgartirilganini e’lon qildi.
AQSh ma’muriyati narxlar keskin oshishi muammosini hal qilish uchun qator variantlarni ko‘rib chiqmoqda. AQSh ichki ishlar vaziri Dug Bergam ro‘yxatdan favqulodda hamda uzoq muddatli choralar, jumladan strategik neft zaxirasidan foydalanish ehtimoli o‘rin olganini aytdi. Biroq Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Oq uy hozirda 415 mln barrelga yaqin neft saqlanayotgan zaxiradan neft ajratishni hozircha rejalashtirmayapti. Davlat kotibi Marko Rubio esa energetika xarajatlarini kamaytirish dasturini e’lon qildi, lekin tafsilotlarni ochiqlamadi.
AQSh moliya vazirligi Hindistonga Rossiya neftini xarid qilish uchun qisqa muddatli ruxsat berdi. Moliya vaziri Skott Bessentning izoh berishicha, ruxsat «faqat dengizdan allaqachon olingan neft bo‘yicha kelishuvlarga tegishli». Hindiston neftni qayta ishlash korxonalari allaqachon 10 mln barreldan ortiq Rossiya neftini sotib olgan.
Mavzuga oid
20:26 / 19.06.2026
Eron yana Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilganini e’lon qildi
08:37 / 19.06.2026
Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi cheklovlar olib tashlandi, muzokaralar boshlandi
22:16 / 18.06.2026
AQSh vitse-prezidenti Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasi ochilganini e’lon qildi
08:49 / 18.06.2026