Jahon | 01:53
1379
6 daqiqa o‘qiladi

Urush. Eron yolg‘iz qoldi, ittifoqchilar qani?

Amerika va Isroil Eronni bombalashda davom etmoqda. Urushning birinchi kunidayoq Eron rahbari o‘ldirilgach, barchasi hal bo‘lgandek tuyulgandi. Lekin Eron hamon kurashyapti, odamlar namoyishga chiqib, hukumatni egallagani yo‘q, Tehron uch kunda qulamadi. Shu o‘rinda bir savol paydo bo‘ladi: narigi tomonda ikki ittifoqchi Amerika va Isroil juda qalin jo‘ra bo‘lib jang qilmoqda, lekin Eronning ittifoqchilari qani? Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganida Eron ruslarga qurol yetkazib bergan, amalda harbiy ittifoqchiga aylangandi. Nega endi Rossiya ittifoqchisiga yordam bermayapti?

«Biz dunyoni qutqaryapmiz»

Rossiya ittifoqchisiga yordam bermayotganiga to‘xtalishdan avval urushning start tugmasini bosgan odamlardan biri Binyamin Netanyahuning bayonotiga e’tibor qaratmoqchiman. Isroil bosh vazirining aytishicha, ular Tramp ikkalasi butun dunyoni qutqarayotgan ekan. Xuddi Hollywood filmlaridagi amerikalik xayoliy superqahramon Yer sayyorasini qutqarib qolgandek.

«Agar Eron yadro quroliga ega bo‘lsa, ular butun insoniyatga xavf tug‘dirardi. Bizga qo‘shilgan ajoyib do‘stim, dunyoning buyuk yetakchisi Donald Trampga rahmat aytaman. Biz dunyoni qutqaryapmiz», dedi Netanyahu. Isroil yetakchisi do‘sti Trampni «dunyo yetakchisi» deb atadi. Menimcha, hech qanday izoh shart emas, bu insonlar shubhasiz o‘zining parallel olamida yashamoqda.

Faqat telefonda

2022 yil fevralda Rossiya Ukranaga bostirib kirdi. Urushni tezkor tugatish ssenariysi o‘xshamagach, Rossiyada qurol bilan bog‘liq muammo yuzaga kela boshladi. Chunki bunaqa intensiv jang uchun ko‘p qurol kerak bo‘ladi. Shunda Rossiyaga faqat bir davlat yordamga keldi va pul evaziga bo‘lsa ham qurol yetkazib berishni boshladi. Eron Rossiyaning amalda ikki harbiy hamkoridan biriga aylandi. Ruslar hozir ham Ukrainaga eronliklarning Shaheed dronlari bilan hujum qiladi. Rossiyada bu dronlarni ishlab chiqaradigan zavod ham qurildi. Orada Eron Rossiyaga ballistik raketalar ham bergani aytildi. Urush davrida bir davlat boshqasiga qurol sotishining o‘zi yordam deyiladi, chunki qurol pul bo‘lsa, aniq topiladigan mahsulot emas.

Zamon aylanib endi Eron yordamga muhtoj bo‘lib qoldi. Lekin Tehronning hozirgi holatida Moskvaning o‘sha paytdagi ahvolidan ancha yomon. Rossiya mudofaa uchun emas, hujum uchun qurol so‘ragandi. Eron qurollarisiz rossiyaliklar o‘lib qolmasdi.

Hozir Eronga dunyodagi eng kuchli davlat va uning asosiy ittifoqchisi hujum qilmoqda, qurol ularga mudofaa uchun kerak, kuchlar aslo teng emas. Lekin Rossiya Eronga hech qanday yordam bermayapti. Na qurol beryapti, na diplomatik maydonda nimadir qilishga harakat qilmoqda. Putin Mas’ud Pizishkiyonga telefon qilib Xominaiy o‘limi uchun hamdardlik bildirdi xolos.

Aytgancha, BAA prezidenti bilan telefon suhbati chog‘ida Putin strategik va harbiy ittifoqchisi Eronni tanqid qilishga ham ulgurdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eronning BAA bo‘ylab zarbalarini oqlab bo‘lmaskan, chunki amerikaliklar Eronga zarba berish uchun bu davlatdan platsdarm sifatida foydalanmagan ekan.

Putin Amerika Eronga hujum qilganidan keyin hatto Rossiya xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazmadi, Eron prezidenti bilan suhbatda Amerikani bu davlat nomini aytib ayblamadi ham. Putin urush vaqtida Rossiyaning yonida turgan davlatga hujum qilishayotganda gubernatorlar bilan yig‘ilish o‘tkazmoqda, Mojaristonga gaz sotish masalasini muhokama qilyapti, mahalliy ishlar bilan mashg‘ul.

Hozir fursati yo‘qdir, lekin eronliklar urushdan keyin, albatta, bu jimlikning sababini so‘rashsa kerak. «Vladimir Vladimirovich, biz sizning ittifoqchingiz emas edikmi, nega bizga raketa yog‘dirishganda jim qarab turdingiz?» deyishsa kerak eronliklar hujumdan eson-omon chiqib olishsa.

Rossiya, albatta, tan olmaydi, lekin Ukrainaga qarshi boshlagan urushi mamlakatni kuchsizlantirdi, sanksiyalar iqtisodni og‘ir ahvolga keltirdi. Rossiya to‘laligicha xomashyo sotadigan davlatga aylanib qoldi. O‘sha gaz va neftini sotish ham muammo bo‘lib qoldi. Rossiya hozir kimgadir yordam beradigan ahvolda emas, ular bir yildan beri Pokrovsk degan tuman markazini egallash bilan band. Eronga sotadigan ham, tekinga beradigan ham qurol yo‘q.

Va yana bir jihat, Putin Amerikaning Eronga hujumiga reaksiya bildirmaslik orqali o‘zining Ukrainaga qarshi urushini oqlashni ko‘zlayotgan bo‘lishi mumkin. Ya’ni «mana, G‘arbning ahvolini ko‘rdingizmi, biz Eronning ahvoliga tushmaslik uchun Ukrainada «SVO» boshladik», demoqchi bo‘layotgandir balki.

Nima bo‘lganda ham, Eronga hujumga jim qarab turish Rossiyadek katta davlat obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yadro quroliga ega Rossiya bilan ittifoqchi bo‘lish xavfsizlik uchun hech qanday kafolat bermasa, davlatlar bunday ittifoqchilikdan nima umid qilishi mumkin?

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid