Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Kislotali bulutlar» haqidagi xabarlar ilmiy jihatdan asossiz – O‘zgidromet
Havo massalari uzoq masofalarga ko‘chishi jarayonida ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasi keskin kamayishi, shu sababli manbadan minglab kilometr uzoqlikda xavfli darajadagi kislotali yog‘inlar shakllanishi deyarli mumkin emasligi qayd etilgan.
Majid Asgaripour / WANA / Reuters / Scanpix / LETA
Ijtimoiy tarmoqlarda Eron hududida go‘yoki «kislotali bulutlar» shakllanib, ular yog‘inlar bilan Markaziy Osiyo davlatlari hududiga yetib kelishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda. O‘zgidromet mazkur ma’lumotlar ilmiy jihatdan asoslanmaganini ma’lum qildi.
«Kislotali yog‘inlar atmosferada oltingugurt oksidlari (SO₂) va azot oksidlari (NO₂) uzoq vaqt davomida to‘planib, bulutlarda suv bug‘i bilan kimyoviy reaksiyaga kirishishi natijasida hosil bo‘ladi. Bunday jarayonlar asosan yirik sanoat hududlari va to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqindi manbalari yaqinida kuzatiladi.
Havo massalari uzoq masofalarga ko‘chishi jarayonida ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasi atmosferadagi turbulentlik, vertikal aralashish, quruq va nam cho‘kish jarayonlari ta’sirida keskin kamayadi. Shu sababli manbadan minglab kilometr uzoqlikda xavfli darajadagi kislotali yog‘inlar shakllanishi deyarli mumkin emas», deyiladi izohda.
Bundan tashqari, yog‘inlarning hosil bo‘lishi mahalliy bulut hosil bo‘lish jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lib, yog‘inlar asosan hudud ustidagi atmosferada mavjud bo‘lgan suv bug‘i va aerozollar hisobiga shakllanishi qayd etilgan.
«Meteorologik kuzatuvlar va atmosfera havosi sifati monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, kislotali bulutlarning O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar hududiga ko‘chib kelishi xavfi kuzatilmayapti.
Shu munosabat bilan ommaviy axborot vositalarida tasdiqlanmagan va yolg‘on ma’lumotlarni tarqatmaslikni hamda faqat rasmiy manbalarga tayanishni so‘raymiz. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on yoki tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatish uchun amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik choralari mavjudligini eslatib o‘tamiz», deyiladi O‘zgidromet izohida.
Eslatib o‘tamiz, Isroil harbiylari Eron poytaxti Tehrondagi yoqilg‘i saqlash omborlariga zarba bergach, yirik yong‘inlar tufayli shahar osmonini quyuq tutun qopladi, bundan tashqari atmosferaga zaharli moddalar ajralib chiqishi oqibatida shaharga «neft yomg‘irlari» tushgan. Bu esa mintaqadagi ekologik vaziyatga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni yuzaga keltirgandi.
Mavzuga oid
15:02
AQSh harbiy qo‘mondonligi Erondagi urush boshidan beri 8 harbiysi o‘limini tasdiqladi
13:22
Eronda 175 kishi halok bo‘lgan maktab hududiga AQShning Tomahawk raketasi urilgani ma’lum bo‘ldi
13:21
Ozarboyjon Erondan norozi, dronni kim otgan?
13:12