O‘zbekiston | 17:51 / 10.03.2026
4375
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada O‘zbekistondan folbin va ekstrasenslar migratsiyasi oshgani aytildi

Ekspert so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada ularning faoliyati taqiqlanmagan, shuning uchun ezoterik migrantlar tadbirkorlikni tashkil etishi va ishonuvchan fuqarolarni aldashi mumkin.

Foto: Freepik

So‘nggi ikki yil ichida Rossiyaga soxta ekstrasenslar, sehrgarlar va folbinlarni nazarda tutuvchi ezoterik migratsiyaning o‘sishi kuzatilmoqda. Bu haqda ekspert-dinshunos, Davlat Dumasining fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, jamoat va diniy birlashmalar masalalari qo‘mitasi ekspertlar kengashi a’zosi Igor Ivanishko ma’lum qildi.

«So‘nggi bir-ikki yil ichida Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekistondan mamlakatimizga ezoterik migratsiya sezilarli darajada oshdi. Ular o‘z mamlakatlarida bunday faoliyatni amalga oshira olmaydi, chunki qonun buni taqiqlaydi», deb tushuntirdi ekspert.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada bunday taqiqlar yo‘q, shuning uchun ezoterik migrantlar tadbirkorlikni tashkil etishi va ishonuvchan fuqarolarni aldashi mumkin.

Mutaxassis bunday xizmatlarga bo‘lgan talabning sabablaridan biri sifatida Ukrainadagi urushni aytib, harbiy xizmatchilarning qarindoshlari ko‘pincha yo‘qolgan askarlarning qayerdaligini aniqlash yoki «himoya» sehrini o‘tkazish uchun folbinlar va sehrgarlarga murojaat qilishini ta’kidladi.

Chora ko‘rish zarurligi haqida gapirar ekan, Ivanishko ezoterik faoliyatni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi ma’qullanmasligini, shuning uchun hech bo‘lmaganda reklamani taqiqlashga urg‘u berish muhimligini ta’kidladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid