Jahon | 21:06
3486
6 daqiqa o‘qiladi

Minobga hujum bo‘yicha surishtiruvning dastlabki natijalari. U yerda 165 kishi, asosan – bolalar halok bo‘lgandi

Tramp «buni eronliklar qilgani»ni aytgandi. Ekspertlar va jurnalistlar esa bu – amerikaliklar ekanini aytmoqda.

Foto: Anadolu / Getty Images

28 fevralda, AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushining ilk kunida Minob shahridagi qizlar maktabi vayron qilingandi. Rasmiylarga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 165 kishi halok bo‘lgan. Ularning ko‘pchiligi o‘quvchilar bo‘lgan – zarba vaqtida maktabda darslar boshlangandi.

BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar ushbu zarbani qoraladi. Tehron hujum uchun javobgarlikni AQSh va Isroil zimmasiga yukladi. Donald Tramp esa «buni eronliklar qilgani»ni aytib chiqdi. Ammo Amerika armiyasida boshlangan tergovning dastlabki xulosalari, shuningdek, ekspertlar va jurnalistlarning xulosalari shuni ko‘rsatadiki, Minobdagi maktabga aynan AQSh zarba bergan.

Bu versiya foydasiga birdaniga bir necha argument mavjud.

Maktab joylashuvi

«Shajara Toyyiba» nomli qizlar maktabini Islom inqilobi muhofizlari korpusi bazasidan bitta devor ajratib turgan. Islom respublikasi armiyasini o‘rgangan eronshunos Farzi Nadimining so‘zlariga ko‘ra, bu bazada korpusning harbiy-dengiz kuchlari obektlari joylashgandi va o‘sha kuni bu binolar ham hujumga uchragan.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan ma’lum bo‘lishicha, maktab binolari qachonlardir bazaning bir qismi edi, ammo 10 yil muqaddam undan panjara bilan ajratilgan. Vaqt o‘tishi bilan bino atrofida turli ranglardagi panjaralar va sport maydonchasi ham paydo bo‘ladi – ularni sun’iy yo‘ldoshdan ham ko‘rish mumkin.

2013 yil
2024 yil

Nadimi AP bilan muloqotda ushbu maktabda korpus harbiy xizmatchilarining qizlari o‘qiganini taxmin qilgan. Ammo shunday bo‘lgan taqdirda ham, bu maktabni qonuniy harbiy nishonga aylantirmasdi – u baribir fuqarolik obekti bo‘lib qolardi, deya qayd etadi Vashingtondagi «Atlantika kengashi» nomli tahlil markaz katta huquqshunosi Elis Beyker.

Zarbaning maqsadli xarakteri

Maktab binosi va Islom inqilobi muhofizlari korpusi bazasi binolariga yetkazilgan zarar ularga maqsadli ravishda va deyarli bir vaqtning o‘zida havo zarbalari berilganini ko‘rsatadi, deydi CNN telekanaliga qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar bo‘yicha ekspert N. R. Jyensen-Jons. Britaniya armiyasining sobiq zobiti va portlovchi qurilmalarni zararsizlantirish bo‘yicha ekspert Shon Murhaus esa AP nashri bilan suhbatda ko‘plab nishonlarga aniq zarbalar berilgani maktabga Eron havo hujumidan mudofaa tizimining nosoz raketasi kelib urilgani haqidagi versiyani rad etishini ta’kidlaydi.

Amerika armiyasining harakatlanish hududi

4 mart kuni Pentagon AQSh va Isroil Eronda urushning dastlabki 100 soati mobaynida zarba bergan nishonlar xaritasini namoyish etdi. Xaritada Minob alohida qayd etilmagan bo‘lsa-da, Amerika-Isroil zarbalarini ifodalovchi belgilardan biri aynan ushbu shahar joylashgan hududga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, Eronning javob zarbalarini aks ettiruvchi belgi bu shahar atrofida yo‘q edi, deya qayd etadi The Guardian.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh va Isroil qo‘shinlari Eronga hujumdan oldin vazifalarni geografiya va nishonlar turiga qarab taqsimlab olgan. Isroil Eronning shimoliy qismidagi raketa uchirish moslamalariga zarbalar bergan. AQSh harbiylari esa mamlakat janubidagi xuddi shunday nishonlarga (shuningdek, Islom inqilobi muhofizlari korpusining Minobdagi bazasi ham kirgan dengiz floti obektlariga) hujum qilgan.

Isroil mudofaa armiyasi matbuot xizmati isroilliklar Minob hududida amaliyot o‘tkazmaganini ma’lum qilgan.

«Tomahawk» raketasi aks etgan video

8 mart kuni Erondagi Mehr axborot agentligi «Shajara Toyyiba» maktabi bo‘ylab zarba vaqtida olingan videoni e’lon qildi. Bellingcat, BBC Verify va Sky News video chindan ham maktab atrofida olinganini tasdiqlagan.

Jurnalistlar bu videoda Amerikaning «Tomahawk» rususli raketasini ham tanishgan, raketa korpus bazasi hududiga tushgan. CNN telekanaliga ko‘ra, raketa bazadagi klinikaga yoki uning yonidagi qaysidir binoga urilgan (maktab klinikadan bir necha yuz metr masofada joylashgan). «Tomahawk» raketalaridan esa ushbu mojaro ishtirokchilari orasida faqat AQSh harbiylari foydalanadi – bunday raketa Eronda ham, Isroilda ham yo‘q.

Manbalar guvohligi

«Shajara Toyyiba» maktabiga berilgan zarbani tergov qilayotgan AQSh harbiy tergovchilarining dastlabki xulosalariga ko‘ra, zarba uchun aynan amerikalik harbiylar javobgar. Bu haqda dastlab 5 mart kuni Reuters, 6 mart kuni – AP manbaga asoslanib xabar berdi, 9 mart kuni bu ma’lumotni CBS suhbatdoshi ham tasdiqladi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, amerikaliklar maktabga xatolik tufayli zarba bergan – bu xato katta ehtimol bilan, razvedkaning maktab binosi korpus bazasining bir qismi sifatida ko‘rsatilgan eskirgan ma’lumotlari tufayli sodir bo‘lgan.

Amerika armiyasida olib borilayotgan tergovning yakuniy xulosalari hali e’lon qilinmadi. Tramp ma’muriyati vakillari maktabga AQSh tomonidan zarba berilganini tasdiqlash yoki rad etishdan bosh tortmoqda, ular Amerika armiyasi fuqarolik obektlariga maqsadli hujum amalga oshirmasligini ta’kidlash bilan cheklanmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid