Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Yechim – tezlikni tushirish” - hokim o‘rinbosari Toshkentda YTHlar ko‘pligi haqida
Poytaxt hokimligidagi matbuot anjumanida shahar ko‘chalari o‘rtasida yana paydo bo‘la boshlagan panjaralar mavzusi ko‘tarildi. Hokim o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyevning aytishicha, panjara o‘rnatishni yo‘llardagi o‘limlar ko‘pligi sababli YHXBB tavsiya qilgan. Lekin xalqaro tajribaga qarasak, shaharlarda piyodalar o‘limiga qarshi eng asosiy yechim – tezlikni tushirish, dedi u.
Hokim o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev
Yaqinda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi o‘rtasiga panjara o‘rnatilib, bir hafta o‘tib olib tashlandi. 7 yil avval voz kechilgan loyiha yana qaytarilgani muhokamalarga sabab bo‘lgandi. 12 mart kuni Toshkent shahar hokimligi va Yo‘l harakatini tashkil etish markazi o‘tkazgan matbuot anjumanida panjara o‘rnatish qaysi ilmiy asos bilan qaytarilayotgani, unga nega pul ajratilgani haqidagi savollarga izoh berildi.
YHTM bo‘lim boshlig‘i Ollayor Norbo‘tayevning qayd etishicha, shahar ichidagi yo‘llarda panjara o‘rnatish davlat standartlarida bor.
“Hozir mana, qo‘yilgan bo‘lsa, eksperimental turibdi. Mana, markaz tashkil qilindi. Markaz oxirgi o‘sha qo‘yilgan ko‘cha, umuman barcha ko‘chalarda oxirgi 5–10 yil mobaynida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari, ya’ni yo‘lovchilarga, piyodalarga qulaylik yaratish bo‘yicha har bir nuqtada o‘rganish ishlari olib boryapti.
Har bir nuqtada, masalan, sizga aytishim mumkin, o‘rganish ishlari amalga oshirilib, eksperimental xaritada turadi va bitta panjara emas, u yerda svetofor almashadi, yo‘l belgilari qo‘yiladi, yangi piyodalar o‘tish joylari tashkil etiladi, yangi trotuarlar tashkil qilinadi. Bu yo‘l harakatini tashkil etishning yuzdan bir bo‘lagi”, – deydi u.
Poytaxt hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev har bir ko‘chadagi vaziyatni o‘rganish hokimlikning Raqamli rivojlanish departamenti tuzib chiqqan YTHlar xaritasi asosida ketayotganini ma’lum qildi. Jarayon hali oxiriga yetmagan.
“Har bittasini qarab chiqib yotibmiz. Ayrim hollarda rostdan ham yo‘llarda panjaralar o‘rnatilishi noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Hozir yakuniy xulosamiz yo‘q, lekin biz o‘zimiz uchun prioritet belgilab oldik: qaysi holatlarda panjaralar qo‘yilishi kerak, qaysi holatlarda panjaralar qo‘yilishi kerak emas.
Shu xalqaro tajribani ham o‘rgandik. Juda ko‘p hollarda piyodalarga ustuvorlik berish masalasi qo‘yilgan. Eng asosiy bitta kalit omilni aytaman: panjaralar tashabbusi nimadan kelib chiqqan? Yo‘llarda o‘limlar soni ko‘paygani sababli “GAI” xodimlari tomonidan tavsiya qilingan, "panjara qo‘yaylik", degan. Lekin xalqaro tajribada piyodalar o‘limlari bilan qanaqa kurashishadi degan savollarga ham javoblarimiz bor, o‘rgandik.
Asosiy yechim – bu tezlikni tushirish. Ikkinchi masala – bu yo‘llarimizni injyener jihatdan qayta ko‘rib chiqish. Nima deydi, “tezlikni sun’iy pasaytirish” desa bo‘ladi. Shunaqa holat yaratish kerakki, yo‘lda mashinada ketayotgan paytingizda, deylik, 70–80 km/soat tezlikda yurmasdan, o‘zingiz 50–40 km/soatda yurasiz. Shunga nisbatan piyoda chiqib qolsa ham, siz bemalol ulgurasiz tormozni bosib, shu piyodaning hayotini saqlab qolishga”, – dedi Baxtiyev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, panjaraning o‘zi bilan samaraga erishish ehtimoli past.
“Shu panjara bilan birga qo‘shimcha kompleks choralarini qabul qilishimiz kerak. Ayrim holatlarda piyodalar o‘tish yo‘laklarini to‘g‘rilashimiz kerak. Piyodalar [amalda] qayerdan yurayotganini analiz qilib, aynan o‘sha joyga piyodalar o‘tish joyi qilishimiz kerak. “Oqimni xotirjamlashtirish choralari” degan narsa bor, ularni qo‘llashimiz kerak. Shu jumladan, yana panjaralarning o‘rniga alternativ holatlarni, o‘simliklar sifatida butalarni qo‘llash imkoniyatimiz ham bor. Har xil yo‘nalishda ish qilish imkoniyatimiz bor”, – deydi hokim o‘rinbosari.
Qayd etilishicha, YHXBBning panjaralar o‘rnatish taklifi deputatlar bilan 1-2 yil davomida muhokama qilingan, yakunda uning realizatsiyasi uchun pul ajratilgan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida yo‘llar o‘rtasidagi beton to‘siqlar va temir panjaralarning aksariyati 2018 yilda olib tashlangan edi. O‘shanda YHXB ham, hokimlik ham bu to‘siqlar piyodalar va yo‘lovchilarga xavf tug‘dirayotganini tan olgan edi.
Ammo oradan 7 yil o‘tgach, negadir panjaralar qaytariladigan bo‘ldi. Poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqov 2025 yil may va iyul oylarida imzolagan qarorlar bilan ko‘chalar o‘rtasini panjara bilan to‘sishga 8,4 mlrd so‘m ajratgan edi. O‘shanda shaharning ayrim ko‘chalari o‘rtasida mayda katakli, yashil rangli panjaralar paydo bo‘lgan edi.
Ochiq manbalarga ko‘ra, 2025 yil 3 dekabr kuni bu borada tender o‘tkazilgan va unda 6 mlrd so‘mlik taklif bilan “Qarshi Stroy Tsentr” MChJ g‘olib deb topilgan.
Mavzuga oid
19:41 / 12.03.2026
Do‘konli bekatlarning deyarli hammasida noqonuniy qurilish bor – YHTM
13:59 / 12.03.2026
Poytaxtning umumiy qiyofasini yaratishga qaratilgan shahar dizayn-kodi rasman tasdiqlandi
12:58 / 12.03.2026
Toshkentda yo‘l o‘tkazgich o‘pirilib tushdi
12:56 / 12.03.2026