Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni vaqtincha yumshatdi
AQSh 12 martga qadar tankerlarga yuklangan Rossiya neftini 11 aprelgacha sotishga ruxsat berdi. Yonilg‘i narxlari o‘sishi fonida qabul qilingan ushbu chorani AQSh Moliya vazirligi “tor doiraga mo‘ljallangan” va “qisqa muddatli” deb atadi.
Foto: Damien Meyer/AFP
AQSh 12 martga qadar kemalarga yuklangan Rossiya nefti va neft mahsulotlarini sotishni 11 aprelgacha sanksiyalardan chiqardi. Tegishli bitimlarni amalga oshirishga imkon beruvchi litsenziya 12 mart, payshanba kuni mamlakat Moliya vazirligi saytida e’lon qilindi.
Idora rahbari Skott Bessentning so‘zlariga ko‘ra, prezident Donald Tramp bunday qarorni AQSh va Isroilning Eron bilan urushi fonida “jahon energetika bozorlarida barqarorlikni ta’minlash va narxlarni past saqlab qolish” uchun qabul qilgan. Vazir X ijtimoiy tarmog‘idagi postida ta’kidlashicha, bu “tor doiraga mo‘ljallangan, qisqa muddatli chora” Rossiya hukumatiga “sezilarli moliyaviy foyda” keltirmaydi, chunki u energiya tashuvchilardan tushadigan daromadning asosiy qismini qazib olish joyida undiriladigan soliqlar hisobiga oladi. Bessent neft narxlarining o‘sishini “qisqa muddatli va vaqtinchalik uzilish” deb atadi, bu uzoq muddatli istiqbolda AQShga “ulkan foyda” keltirishini aytdi.
Fox News ma’lumotiga ko‘ra, 12 mart holatiga dunyo bo‘ylab 30 ta turli nuqtadagi tankerlarda Rossiyaga tegishli taxminan 124 million barrel neft bor. Teleradiokompaniyaning ta’kidlashicha, Eron tomonidan to‘sib qo‘yilgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida har kuni yo‘qotilayotgan yonilg‘i hajmini hisobga olganda, bu 5–6 kunlik ta’minot uchun yetadi.
Bundan oldin, 6 mart kuni Bessent Vashington Hindistonga dengizdagi tankerlarda turgan Rossiya neftini 30 kun davomida sotib olishga ruxsat berganini aytgan edi. 10 mart kuni esa Tramp matbuot anjumanida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni vaqtincha yumshatish ehtimoliga ishora qilgan. “Biz narxlarni pasaytirish uchun neft bilan bog‘liq sanksiyalardan bir muddat voz kechamiz. Ayrim davlatlarga nisbatan sanksiyalarni to‘xtatib turamiz. Va, ehtimol, agar vaziyat tinch bo‘lsa, keyin ularni qayta tiklashga ham to‘g‘ri kelmas”, — degan edi o‘shanda AQSh prezidenti.
Shu bilan birga, 11 mart kuni G7 davlatlari Eron bilan urush fonida Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni bekor qilmaslikka kelishib olganini e’lon qildi. Oradan bir kun o‘tib, AQSh energetika vaziri Kris Rayt Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatish rejalashtirilmayotganini bildirdi.
Shunga qaramay, urush fonida narxlar oshishi oqibatida AQShning o‘zi ham strategik zaxiradan neft chiqarishga majbur bo‘ldi. 12 mart kuni AQSh Energetika vazirligi mamlakat 172 million barrel neft taqdim etishini ma’lum qildi. Bu qadam Germaniyani ham o‘z ichiga olgan 32 davlatni birlashtiruvchi Xalqaro energetika agentligi oldidagi majburiyatni bajarish hisoblanadi. Tashkilot rejasiga ko‘ra, ishtirokchi davlatlar jami 400 million barrel neft chiqarishi kerak.
Mavzuga oid
22:53 / 12.03.2026
Tramp: AQSh neft narxi oshishidan foyda ko‘radi
21:47 / 12.03.2026
AQSh Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni bekor qilmaydi
21:07 / 12.03.2026
Tramp Eronning jahon chempionatidagi ishtiroki o‘rinli emasligini aytdi
19:07 / 12.03.2026