Jahon | 09:36
1571
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eron neft eksporti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega Xark oroliga hujum qildi

Donald Trampning bayonot berishicha, “Yaqin Sharq tarixidagi eng kuchli bombardimonlardan biri” natijasida Eronning Xark orolidagi “barcha harbiy nishonlar” yo‘q qilingan. Mamlakat nefti eksportining 90 foizi aynan shu orol orqali amalga oshiriladi.

Foto: Morteza Nikoubazl/NurPhoto/picture alliance

AQSh Markaziy qo‘mondonligi Eronning eng yirik neft terminali joylashgan Xark orolida “Yaqin Sharq tarixidagi eng kuchli bombardimonlardan biri”ni amalga oshirdi va “barcha harbiy nishonlarni to‘liq yo‘q qildi”. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp 14 mart, shanbaga o‘tar kechasi Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

Amerika rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u “odob-axloq yuzasidan” Eronning “durdonasi”dagi neft infratuzilmasini yo‘q qilishdan tiyilgan.

“Biroq agar Eron yoki boshqa kimdir Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning erkin va xavfsiz o‘tishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday harakatni amalga oshirsa, men bu qarorimni darhol qayta ko‘rib chiqaman”, — deb yozdi Tramp.

AQSh prezidenti yana shunday dedi: “Eron biz hujum qilishni istagan obektlarni himoya qilishga qodir emas”.

“Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmaydi va u Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yaqin Sharq yoki, umuman olganda, butun dunyoga tahdid sola olmaydi!” — deb yozdi Tramp.

Uzunligi taxminan 8 km, kengligi 4–5 km bo‘lgan, Fors ko‘rfazida joylashgan kichik Xark oroli eksportga yo‘naltiriladigan Eron neftining 90 foizini yuklab jo‘natish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Har yili u yerda taxminan 950 million barrel neft qayta ishlanadi. Orol aholisi taxminan 10 ming nafarni tashkil qiladi.

Bundan oldin, mart oyida Britaniyaning The Telegraph gazetasi Xarkni egallab olish AQShga Eron rahbariyatini mamlakatning materik qismiga qo‘shin kiritmasdan turib nazorat qilish imkonini berishini yozgan edi. Maqola muallifi shuningdek Trampning 1988 yilda Britaniyaning The Guardian gazetasiga bergan intervyusiga ham tayangan. Unda biznesmen prezidentlikka saylangan taqdirda Eron bo‘yicha rejalari haqidagi savolga javoban, “Xark orolini kultepaga aylantirgan bo‘lardim”, degan edi.

“Men Eronga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lardim. Ular bizni ruhiy jihatdan ezmoqda, bizni bir to‘da ahmoq qilib ko‘rsatmoqda. Askarlarimiz yoki kemalarimizga qarshi birorta o‘q uzilsa, men Xark orolini kultepaga aylantirgan bo‘lardim. Men u yerga bostirib kirib, uni egallab olgan bo‘lardim. Eron hatto Iroqni ham yenga olmayapti, lekin shu bilan birga Amerika Qo‘shma Shtatlarini oyoqosti qilmoqda. Dunyo uchun ular bilan jang qilish foydali bo‘lardi”, — degan edi Tramp o‘shanda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid