Agar sizdan insoniyatning eng katta dushmani nima, deb so‘rashsa, ehtimol urush, ochlik yoki kasallik deb javob berarsiz. Alber Kamyu esa bu savolga boshqacharoq javob beradi. U - insonning yovuzlikka ko‘nikib qolishini eng og‘ir kulfat deya baholaydi. Chunki urush ham, diktatura ham, epidemiya ham bir kuni tugaydi. Ammo odamlar yomonlikni oddiy hol deb qabul qila boshlasa, haqiqiy falokat ana shunda boshlanadi.

Asar voqealari Aljirning Oran shahrida sodir bo‘ladi. U yerda hayot odatdagidek davom etardi. Biroq bir kuni ko‘chalarda o‘lik kalamushlar paydo bo‘ladi.

Avvaliga hech kim bu holatga ahamiyat bermaydi. Keyin esa odamlar kasallana boshlaydi. Isitma, og‘riq… Birin-ketin o‘limlar.

Shunda ham shahar rahbarlari xavfni tan olishga shoshilmaydi. Chunki «vabo» degan so‘zni aytishning o‘zi katta iqtisodiy va siyosiy oqibatlarga olib kelardi. Turizm to‘xtaydi, savdo buziladi, odamlar vahimaga tushadi.

Baribir Oran shahri butunlay yopiladi. Bir kunda minglab odamlar o‘z yaqinlaridan ajralib qoladi. Kimdir onasini ko‘rolmaydi. Kimdir farzandiga yetib borolmaydi. Kimdir sevgan insoni bilan xayrlashishga ham ulgurmagan.

Shu yerda romanning asosiy qahramoni - doktor Bernard Riyo paydo bo‘ladi. U har kuni kasalxonaga boradi. Bemorlarni qabul qiladi. O‘lganlarni ko‘radi. Yana yangi bemorlarni qabul qiladi. Uning butun qahramonligi shunda.

Riyo yaxshi bilardi: bu kasallikni to‘xtatish qiyin. Balki ilojsiz hamdir. Ammo u kurashdan to‘xtamaydi. 

Roman davomida boshqa qahramonlar ham paydo bo‘ladi. Jurnalist Raymond Ramber dastlab shahardan qochishga harakat qiladi. Uningcha, bu ofat unga tegishli emas. U faqat Parijga, sevgan ayolining oldiga qaytishni istaydi.

Ammo vaqt o‘tgani sayin Ramber boshqa haqiqatni anglaydi. Agar atrofingdagilar halokat bilan yuzma-yuz qolganda sen faqat o‘zingni o‘ylasang, keyin o‘sha baxt ham senga tatimaydi. U shahardan qochish imkoniyati paydo bo‘lganida ham qolishga qaror qiladi.

Jan Tarru esa butun roman davomida daftariga kuzatishlarini yozib boradi. Ammo Tarruning maqsadi voqealarni qayd etish emas. U inson qanday qilib yovuzlikning bir qismiga aylanib qolishini tushunishga harakat qiladi.

Asarni o‘qirkansiz, ruhoniy Panlyuni ham yaxshi eslab qolasiz. U dastlab minbardan turib vaboni Xudoning odamlarga yuborgan jazosi sifatida talqin qiladi. Uningcha, bu falokat gunohlar uchun berilgan jazodir va insonlar tavba qilishi kerak.