Jahon | 10:33
1247
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukrainaning uch viloyatiga zarba berdi: halok bo‘lganlar bor

Rossiya Chernixiv yaqinidagi blokpostga, shuningdek, Dnipropetrovsk va Xarkiv viloyatlarining bir nechta tumaniga hujum qildi, deb xabar bermoqda mahalliy hokimiyat organlari. Uch kishi halok bo‘lgan, 13 kishi yaralangan.

Foto: Ukraina Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati

Rossiya uchuvchisiz uchish apparati 15 mart, yakshanba kuni Chernixiv viloyatining Novoselovka qishlog‘idagi blokpostga hujum qildi. Zarba oqibatida harbiy xizmatchilar orasida halok bo‘lgan va yaralanganlar bor, deb ma’lum qildi Chernixiv shahar harbiy ma’muriyati rahbari Dmitriy Brijinskiy.

“Hodisa joyida drondan tashlab yuborilgan, kelib chiqishi aniqlanmagan portlovchi buyumlar portlashi davom etmoqda, tegishli xizmatlar ish olib bormoqda”, — deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.

Mahalliy vaqt bilan soat 16:00 holatiga ko‘ra, bir nafar halok bo‘lgan va besh nafar harbiy xizmatchi yaralangani ma’lum bo‘lgan, deya rahbar Ukrainaning Milliy jamoat teleradiokompaniyasi mintaqaviy filialiga bergan izohida aniqlik kiritdi. Brijinskiyning tushuntirishicha, ular Chernixivdagi tibbiyot muassasalariga joylashtirilgan. Bundan tashqari, bir nafar politsiya xodimi ham jabrlangan.

Rossiya qo‘shinlari Rossiya va Belarus bilan chegaradosh Chernixiv viloyatiga, shuningdek, Ukrainaning boshqa hududlariga muntazam ravishda hujum qiladi. Ukraina qurolli kuchlari Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, 15 martga o‘tar kechasi Rossiya Ukraina bo‘ylab 97 ta uchuvchisiz uchish apparatini uchirgan, kunduzi esa bu hujumlar davom etgan.

Bundan tashqari, 15 mart kuni Dnipropetrovsk viloyatining besh tumani dronlar, artilleriya va aviabombalar hujumiga uchradi, deb xabar qildi mintaqa harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Ganja. Uning so‘zlariga ko‘ra, oqibatda besh kishi yaralangan, Pavlograd tumanidagi Troitsk qishloq jamoatida esa bir kishi halok bo‘lgan.

Xarkiv viloyatida 15 mart kuni Kupyansk-Uzlovoy posyolkasi artilleriyadan o‘qqa tutilishi oqibatida bir ayol halok bo‘ldi, deb ma’lum qildi mintaqa prokuraturasi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, 15 mart kechga borib dronlar zarbasidan jabrlanganlar soni uch nafar ekani ma’lum bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid