O‘zbekiston | 21:04 / 17.03.2026
1054
4 daqiqa o‘qiladi

Oltin qazib olish bo‘yicha 175 tonnalik marra va o‘z qoidabuzarligini internetda tarqatganlar uchun jazo – mahalliy dayjest

Prezident 2030 yilga qadar O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarish hajmini 175 tonnaga yetkazish vazifasini qo‘ydi. O‘z qoidabuzarligini internetda tarqatganni jazolashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qabul qilindi. O‘zbekistonlik olimlar havo va suvni tozalovchi o‘ta yengil material yaratdi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

2030 yilga qadar O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarishni 175 tonnaga yetkazish vazifasi qo‘yildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 mart kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif doirasida tog‘-kon sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda, avvalo, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan strategik loyihalarning borishi tanqidiy ko‘rib chiqildi. Xususan, 3-mis boyitish fabrikasining keyingi navbatlarini jadallashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Shuningdek, 2030 yilga qadar O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarishni 175 tonnaga, kumushni 500 tonnaga, uranni 15 ming tonnaga, misni 500 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha belgilangan marralarga erishish uchun barcha imkoniyatlarni to‘liq safarbar etish zarurligi qayd etildi.

O‘z qoidabuzarligini internetda tarqatganni jazolashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qabul qilindi

O‘zbekistonda shaxs tomonidan o‘zi sodir etgan huquqbuzarlikni targ‘ib qiluvchi materiallarni internet tarmoqlarida tarqatganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Loyihaga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 189-3-modda kiritilmoqda. Unda o‘z huquqbuzarligini targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, reklama qilish, namoyish etganlik uchun javobgarlik belgilanadi. Qonun kuchga kirishi uchun Senatda ma’qullanishi va prezident tomonidan imzolanishi lozim.

O‘zbekistonlik olimlar havo va suvni tozalovchi o‘ta yengil material yaratdi

Fanlar akademiyasi olimlari havodagi zararli gazlar hamda suvdagi og‘ir metallarni tozalash imkonini beruvchi yangi turdagi gibrid aerogel ishlab chiqdi.

Aerogel nanosellyuloza asosida tayyorlangan bo‘lib, qayta tiklanadigan va ekologik toza xomashyo hisoblanadi. Olimlarning ta’kidlashicha, materialning g‘ovak tuzilmasi ichiga maxsus metall-organik birikmalar joylashtirilgan. Shu tufayli aerogel havodagi karbonat angidrid (CO₂) gazini ushlab qolish, shuningdek, suv tarkibidagi og‘ir metall ionlari va zararli bo‘yoqlarni o‘ziga singdirib olish imkoniyatiga ega.

Andijonda ayolni «samosud» qilganlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Andijonda ayolning sochini majburan olib tashlagan besh nafar shaxs ushlandi. Aniqlanishicha, 1991 yilda tug‘ilgan ayol 1998 yilda tug‘ilgan boshqa bir ayolni turmush o‘rtog‘i bilan ishqiy munosabatda bo‘lganlikda ayblab, undan qasos olishni rejalashtirgan. Keyin ikki nafar erkakni chaqirib, ayolni ovloq joyda sochini olib tashlashni buyurgan.

Oqibatda ayol besh nafar shaxs tomonidan avtomobilga majburan o‘tqazilib, Andijon tumani Jyevachi mahallasi hududidagi xilvat joyda sochi mashinka bilan olib tashlangan. Jarayon videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga joylangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid