Jahon | 23:11 / 18.03.2026
826
9 daqiqa o‘qiladi

Erondagi urush Dubayning moliyaviy markaz sifatidagi maqomiga qanday ta’sir qilyapti?

Yaqin Sharqdagi mojaroning keskinlashishi fonida mintaqadagi eng barqaror moliyaviy markaz va noyob sayyohlik maskanining nufuzi xavf ostida qoldi. Xo‘sh, urush sabab Dubay nimalarni yo‘qotdi yoki yo‘qotishi mumkin?

Foto: AFP/Getty Images

O‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqlarda bir video tarqaldi: unda Dubaydagi al-Mamzar plyaji ustidan Eronning «Shahed» droni uchib o‘tayotgani ko‘rinadi. Dronning ortidan uni urib tushirishga harakat qilayotgan qiruvchi samolyot quvib borardi. Plyajda esa tumonat odam soyabonlar ostida toblanib yotibdi. Izohlarda ikki xil fikr o‘zaro to‘qnashdi: urush paytida odamlar plyajda qolayotgani hayratlanarlimi yoki ular hukumatning xavfsizlik tizimiga shu qadar ishonishadimi?

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida joylashgan Dubay aslida juda xavfsiz shaharlardan biri edi. Ammo, 28 fevralda AQSh va Isroilning Tehronga bostirib kirishi fonida Eronning qarshi hujumiga uchradi. Birlashgan Arab Amirliklari hududi ustida 290 ga yaqin ortiq ballistik raketa va 1500 dan ziyod dron aniqlangan. Ularning aksariyati yo‘q qilingan, biroq portlashlar tez-tez kuzatilyapti. O‘zini o‘nlab yillar davomida siyosatdan xoli hashamat markazi hamda notinch mintaqadan ajralgan xavfsiz maskan sifatida targ‘ib qilib kelgan shahar birdan himoyasiz bo‘lib qolgandek.

Ayni paytda Dubay qiyin holatda. Yirik banklar va xalqaro kompaniyalar o‘z xodimlarini mamlakatdan evakuatsiya qildi yoki masofaviy ish tartibiga o‘tkazdi. Odamlar yerosti avtoturargohlari yoki boshqa pana joylarga yashirinishgan. Gavjum ko‘chalar bo‘shab qolgan. Hozirgacha BAAda kamida 8 kishi halok bo‘lgan, yuzlab insonlar jarohatlangan. Xo‘sh, Dubay nimalarni yo‘qotdi yoki yo‘qotishi mumkin?

Nega aynan Dubay?

Mahalliy hukumat xavfsizlikni ta’minlash uchun bor kuchini safarbar etayotgani, tez orada vaziyat barqarorlashib, hayot o‘z maromiga qaytishini aytib, barchani xotirjamlikka chaqiryapti. Bu harakatlarni tushunish mumkin, zero mintaqadagi eng barqaror moliyaviy markaz va noyob sayyohlik maskanining nufuzi xavf ostida qolgan. Eron rahbarlari Dubayni G‘arb iqtisodiy tizimining muhim nuqtalaridan biri deb hisoblaydi. Shu bois hujumlar nafaqat Dubay va BAAga, balki butun global iqtisodiyotga ta’sir qiladi, deb hisoblashyapti. Urushning dastlabki kunlarida Tehronning javob hujumi uchun vizual effekt ham muhim edi: Fairmont The Palm mehmonxonasi atrofidagi yong‘inlar yoki aeroportdagi portlashlar tasviri o‘n minglab turist va ekspatlarni vahimaga soldi. Ekspertlar ushbu harakatni «cheklangan va ogohlantiruvchi» zarbalar taktikasi deya baholashdi.

Umuman olganda, Dubay Eron uchun o‘n yillardan beri «iqtisodiy nafas yo‘li» bo‘lib keladi. Fors kompaniyalari va tadbirkorlarining katta qismi aynan Dubay orqali savdo qiladi va sanksiyalardan aylanib o‘tadi. Shahar iqtisodiyotini turg‘unlashtirish Eronning o‘ziga ham moliyaviy zarba beradi. Dubay ko‘chmas mulk va bank sektorida Eron kapitali juda salmoqli ulushga ega. BAA Xitoydan keyin Eronning ikkinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi — 2024 yilda o‘zaro savdo hajmi 28 milliard dollarga yetgan. Bundan tashqari, yarim millionga yaqin eronliklar Amirliklarda yashaydi.

Shu jihatdan, rasmiy Tehron tomonidan amalga oshirilayotgan hujumlar BAA hujumatiga nisbatan «siyosiy bosim» vositasiga sifatida ko‘rilyapti. Ya’ni Dubayni «garov» sifatida ushlab turish. Agar BAA o‘z hududidagi AQSh bazalaridan Eronga qarshi foydalanishga to‘liq ruxsat bersa, Dubayning xavfsiz shahar maqomi tugashi haqida ochiq ogohlantirilyapti. Eronning ayni paytdagi asosiy maqsadi Amirliklarni AQSh koalitsiyasidan uzoqlashtirish yoki kamida neytral holatda ushlab turish. Bu yerda geografik joylashuv ham muhim omil: Eron va BAA o‘rtasidagi masofa dengiz orqali atigi 100 km atrofida, shu sabab raketa va dronlar juda tez yetib boradi. 

Urushning iqtisodiy ta’siri

Faol harbiy harakatlar fonida Dubay iqtisodiyotining barcha ustunlari — aviatsiya, turizm, ko‘chmas mulk va moliya sektorlari jiddiy zarba qabul qilib oldi. Shahar o‘zining «xavfsiz bandargoh» maqomini himoya qilishga urinayotgan bo‘lsa-da, vaziyat murakkabligicha qolyapti. Dubay xalqaro aeroporti — dunyoning eng gavjum havo tugunlaridan biri hisoblanadi. Xususan, aeroport 2025 yilda qariyb 90 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Dunyo mamlakatlarining uchdan bir qismiga to‘rt soatlik, uchdan ikki qismiga esa sakkiz soatlik parvoz masofasida joylashgan mashhur tranzitning dron hujumlari nishoniga aylanishi vaziyatni keskinlashtirib yubordi. British Airways, Lufthansa, Air France kabi yirik aviakompaniyalar Dubayga parvozlarni butunlay to‘xtatdi. Bu uzilishlar turistik mavsumning eng qizg‘in paytiga to‘g‘ri keldi. Natijada ko‘plab odamlar safarlarini bekor qilyapti, ayrim hashamatli mehmonxonalarda narxlar keskin tushib ketgan.

O‘zining «oltin davr»ini boshdan kechirayotgan ko‘chmas mulk bozorida ham turg‘unlik boshlandi. Mart oyi boshidagi ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari o‘tgan oyga nisbatan 50 foizdan ko‘proqqa kamaydi. Ayniqsa, villalar segmentida savdo qariyb 90 foizga tushib ketdi. Urushdan oldin Dubayning yetakchi developeri — «Emaar Properties» kompaniyasining qiymati 40 milliard dollardan ortiqqa baholanayotgandi. Bugungi kunda mazkur ulkan boyliklar Eron dronlari va raketalari nishoniga aylanyapti.

BAA oziq-ovqatning 90 foizini import qiladi. Urush allaqachon ta’minot zanjirlariga bosim o‘tkazishni boshladi. Hozircha zaxiralar yetarli va do‘konlarda tanqislik yo‘q. Ammo Xo‘rmuz bo‘g‘ozi yopiq qolsa, muammolar boshlanishi mumkin. Meva-sabzavotning asosiy yetkazib beruvchisi — Eron eksportni to‘xtatgan. Bu narxlarning oshishiga olib kelishi mumkin.

Yaqin Sharq bo‘yicha ekspert Kristofer Davidson fikricha, hujumlar Dubay jozibadorligiga faqat qisqa muddatda ta’sir qilishi mumkin.

«Asosiy omillar — infratuzilma, qonunchilik, iqlim va geografik joylashuv — o‘zgarishsiz qoladi. Uzoq muddatda jozibadorlik saqlanadi. Agar Eron harbiy jihatdan zaiflashsa, bu jozibadorlik oshishi ham mumkin», deydi u.

Ichki keskinlik kuchayishi fonida chet elliklar uchun ancha yumshoq bo‘lgan mahalliy tartib-qoidalar ham qattiqlashtirildi. Kiberxavfsizlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzishda ayblanib, allaqachon bir necha kishi hibsga olindi. Ushbu holatlarning aksariyati Eron dronlari va raketalari keltirgan vayronagarchiliklarni mobil telefonlarga tasvirga olish bilan bog‘liq.

Boy xorijliklar shahri

Dubay aholisining taxminan 90 foizi — chet elliklar. 2025 yil oxirida amirlik Nyu Yorkni ortda qoldirib, boylar uchun eng jozibador shaharlar reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Shaharning asosiy afzalliklari sifatida kapital o‘sishiga va merosga soliq yo‘qligi, yuqori xavfsizlik darajasi hamda rivojlangan infratuzilma ko‘rsatilib kelinadi. Faqat 2025 yilning o‘zida bu yerga qariyb 10 ming nafar millioner ko‘chib kelgan. Ularning umumiy boyligi 63 mlrd dollarga baholanadi. Yil boshidagi raqamlarga ko‘ra, umumiy hisobda shaharda 81,2 mingta millioner yashaydi, jumladan 100 mln dollardan ortiq boylikka ega 237 kishi va 20 nafar milliarder mavjud. O‘ta boy aholi soni bo‘yicha ham Dubay dunyoning top-20 shaharlari qatoriga kiradi.

XX asrning 70 yillarigacha O‘rta Yer dengizining durdonasi bo‘lmish Livan poytaxti Bayrut ham jozibador moliyaviy markaz bo‘lgan. Biroq harbiy-siyosiy beqarorlik ushbu shaharni qisqa fursatda yashash uchun xavfli va biznes uchun yaroqsiz hududga aylantirdi. Ayni paytda davom etayotgan urush yaqin kunlarda tugasa, salbiy voqealar unutilishi mumkin. Ammo mojaro cho‘zilsa va hujumlar muntazam davom etsa, Dubayning asosiy fishkalaridan biri— xavfsizlik imiji — jiddiy savol ostida qoladi.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid