Jahon | 10:01 / 18.03.2026
3837
5 daqiqa o‘qiladi

WSJ: Rossiya Ukrainadagi urush tajribasi asosida Eronga yordam bermoqda

Ukrainadagi urush davomida Rossiya Shahed turidagi dronlar texnologiyasini takomillashtirdi va endi bu tajribasini Eron bilan bo‘lishmoqda. Bundan tashqari, Moskva Tehronga sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ma’lumotlarini ham uzatmoqda, deb yozadi WSJ.

Foto: Middle East Images/picture alliance

Rossiya Islom Respublikasi bilan harbiy hamkorlik va Eronning AQSh hamda Isroilga qarshi urushida axborot ko‘magi ko‘lamini kengaytirdi. Bu haqda Amerikadagi onlayn nashr The Wall Street Journal 17 mart, seshanba kuni xabar qildi.

Xususan, Moskva Tehronga sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini taqdim etmoqda va Eronga mintaqadagi Amerika qo‘shinlariga zarba berishda yordam berish uchun uchuvchisiz uchish apparatlarining takomillashtirilgan texnologiyalarini uzatmoqda. Nashrga ko‘ra, bunda Rossiya Ukrainaga qarshi urush tajribasidan foydalanmoqda.

WSJ manbalarining ta’kidlashicha, Moskva Tehronga uzatayotgan texnologiyalar modernizatsiya qilingan Shahed dronlarining tarkibiy qismlariga tegishli bo‘lib, ular navigatsiya, aloqa va nishonni aniqlash funksiyalarini yaxshilashi kerak. Suhbatdoshlarning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainada dronlardan foydalanish tajribasidan kelib chiqib, Eronga operatsiyalarda qancha dron ishlatish va ular qaysi balandlikdan zarba berishi kerakligi haqida ham tavsiyalar taqdim etmoqda.

Avvalroq WSJ Rossiya Eronga Yaqin Sharq mintaqasidagi AQSh va uning ittifoqchilari harbiy kuchlarining joylashuvi haqida ma’lumot taqdim etayotganini yozgan edi. Nashrga ikki manba — Yevropa davlatlaridan birining yuqori lavozimli razvedka ofitseri va nomi ochiqlanmagan yaqin sharqlik diplomat — aytishicha, Erondagi urushning ilk kunlaridayoq Rossiya va Islom Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik yanada chuqurlashgan. Maqolada qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda Rossiya sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini bevosita Eronning o‘ziga uzata boshlagan.

Tahlilchilar fikricha, Moskva Tehronga ko‘rsatayotgan yordam so‘nggi yillarda Amerika va Yevropa ittifoqchilari Kiyevga ko‘rsatgan yordamga o‘xshaydi. Kuzatuvchilarning taxminicha, aynan Rossiyadan olingan ma’lumotlar Eronga Yaqin Sharqdagi AQSh radar tizimlariga zarba berishda yordam bergan. Jumladan, Iordaniyadagi THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimi, shuningdek AN/TPY-2 radarlari, shu bilan birga Bahrayn, Kuvayt va Ummondagi nishonlar ham shular jumlasidandir.

Qayd etilishicha, Eronning taktikasi — raketa hujumidan oldin radarlarga dronlar yordamida zarba berish Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushda qo‘llayotgan usulini juda eslatadi.

Rossiya va Eron o‘rtasidagi harbiy hamkorlik Ukrainadagi urush fonida kuchaydi. Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan buyon Rossiya Ukrainada 57 000 dan ortiq Eronning Shahed turidagi dronlaridan foydalangan. Ayni paytda bu turdagi dronlar Rossiyaning o‘zida ishlab chiqarilmoqda va takomillashtirilmoqda. Nashr ta’kidlashicha, Moskva endi aynan shu takomillashtirishlar bilan Tehronni ta’minlamoqda.

WSJ yozishicha, Kreml maqola e’lon qilingan vaqtga qadar bu ma’lumotga izoh bermagan. AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff avvalroq ma’lum qilishicha, Rossiya Eronga razvedka ma’lumotlari bilan yordam berayotganini inkor etmoqda. O‘z navbatida, Amerika yetakchisi Donald Tramp Rossiya Eronga “biroz” yordam berayotgan bo‘lishi mumkin, degan fikrni bildirgan.

Qayd etilishicha, Erondagi urush Rossiya uchun ko‘p jihatdan foydali bo‘ldi. Xususan, uning fonida AQShdan Ukrainaga havo hujumidan mudofaa vositalari yetkazib berish qisqardi. Shu bilan birga, Eronning jahondagi neft va suyultirilgan tabiiy gaz tashishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yishi neft narxlarining o‘sishiga olib keldi, bu esa Rossiya iqtisodiyoti uchun juda manfaatli bo‘ldi. Jahon bozorida ushbu resurs narxini pasaytirishga erishish maqsadida Tramp ma’muriyati Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni yumshatdi.

WSJ yozishicha, Erondagi urush Rossiya nuqtai nazaridan salbiy oqibatlarga ham olib kelishi mumkin, ayniqsa Islom Respublikasidagi rejim ag‘darilsa. “Biroq Moskva hali ham sherigiga yordam berish va AQShga zarba berish imkoniyatini ko‘rmoqda”, — deya qo‘shimcha qiladi maqola mualliflari.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid