Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eng yirik gaz koniga hujum qilgan Isroil, yakunlanayotgan Ramazon va Eronga qo‘shin kiritishni o‘ylayotgan Tramp – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Isroil Eronning eng katta gaz koniga hujum qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil Eronning yirik gaz koniga hujum qilganini aytdi. Shu bilan birga Tramp Isroilning hujumi haqida ma’lumotga ega bo‘lmagani va Qatarning bunga aloqador emasligini qo‘shimcha qildi.
«Isroil Erondagi 'Janubiy Parsʼ gaz koni deb nomlanuvchi yirik inshootga shiddat bilan tashlandi. Agar Eron aybsiz bo‘lgan Qatarga hujum qilishga qaror qilmasa, Isroil ushbu o‘ta muhim va qimmatli konga boshqa hujum qilmaydi.
Bunday holat yuz bergudek bo‘lsa, AQSh Isroilning yordami yoki roziligi bilan yoki usiz butun 'Janubiy Parsʼ gaz konini ommaviy ravishda portlatib yuboradi», deb yozdi Tramp.
Aslida avvalroq AQSh OAVlari Tramp Isroilning ushbu konga hujum qilish rejasini ma’qullagani haqida yozgandi.
«Janubiy Pars» – dunyodagi eng yirik tabiiy gaz konining Eron tomonidagi qismidir. Eron ushbu konni Qatar bilan baham ko‘radi.
Isroil uyushtirgan bu hujum neft narxini ko‘tarib yubordi va Eronning Qatar va Saudiya Arabistoniga raketa zarbalari berishga sabab bo‘ldi.
Global gaz ta’minotining taxminan beshdan bir qismini qayta ishlaydigan Ras Laffan sanoat shahriga Eron raketalari kelib urilgach, Qatarning neft giganti «Qatar Energy», «keng ko‘lamli zarar» haqida xabar berdi.
Saudiya Arabistoni esa chorshanba kuni Riyod tomon uchirilgan to‘rtta ballistik raketa va sharqdagi gaz inshootiga qilingan dron hujumini qaytarganini ma’lum qildi. Payshanba tongida Eron yana Qatarning gaz inshootlarini va Saudiya poytaxtini nishonga oldi.
Birlashgan Arab Amirliklari ham Eronning raketa zarbalari qaytarilgandan so‘ng o‘zining Habshan gaz inshootini yopib qo‘ydi.
Kecha Riyodda yig‘ilgan 12 ta musulmon davlati tashqi ishlar vazirlari Eronning qo‘shnilariga bergan zarbalarini qoraladi va ularni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Ular «zarur deb topilgan taqdirda harbiy choralar ko‘rish huquqini o‘zimizda saqlab qolamiz», deya bayonot berdi.
Shu vaqtda esa konferensiya o‘tkazilayotgan Riyod mehmonxonasi yaqinidan havo hujumiga qarshi mudofaa raketalari otilgani kuzatildi.
Ramazon oyi yakunlanmoqda
Butun dunyo bo‘ylab musulmon jamoalari yetakchilari Ramazon hayiti – Iyd al-Fitr sanasini rasman e’lon qilmoqda. Astronomik hisob-kitoblar va yangi oyning ko‘rinishiga tayangan holda ko‘plab mamlakatlarda, xususan, O‘zbekistonda ham bu yilgi bayram 20 mart sanasiga to‘g‘ri kelishi ma’lum qilindi.
Saudiya Arabistoni rasmiylari ham chorshanba kuni Shavvol oyining hiloli ko‘rinmaganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, qirollikda Iyd al-Fitr – Ramazon hayitining birinchi kuni 20 martga to‘g‘ri kelishi e’lon qilindi.
Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari Fatvo kengashi huzuridagi oyni kuzatish qo‘mitasi ham 2026 yil 19 mart, payshanba kunini Ramazonning so‘nggi kuni deb e’lon qildi.
Aslida diniy bayramlarning aniq sanasi oy ko‘rinishiga qarab 1 kunga farq qilishi tabiiy hol. Bu holat joriy yil Ramazon oyining boshlanishida ham kuzatildi. Xususan, Saudiya Arabistoni oy kuzatish qo‘mitasi va unga ergashgan bir necha mamlakatlar joriy yil 18 fevraldan Ramazon oyini kutib oldi. Boshqa ko‘plab musulmon mamlakatlari, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari esa Ramazonni 19 fevraldan boshlagan edi.
AQSh Eronga qo‘shin kiritishi mumkin
AQSh prezidenti ma’muriyati Yaqin Sharqdagi amaliyotlarini kuchaytirish uchun minglab askarlarini yuborishni ko‘rib chiqmoqda. Xususan, masaladan xabardor manbalarga ko‘ra, AQSh harbiylari Eronga qarshi kampaniyaning ehtimoliy navbatdagi bosqichlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Eron urushi o‘zining uchinchi haftasiga kirgan bir paytda qo‘shinlarning joylashtirilishi Trampga AQSh operatsiyalarini kengaytirish variantlarini taqdim etishi mumkin.
Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu variantlar orasida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft tankerlarining xavfsiz o‘tishini ta’minlash ham bor. Bu missiya asosan havo va dengiz kuchlari orqali amalga oshiriladi. Biroq bo‘g‘ozni himoya qilish – Eron qirg‘oqlariga AQSh qo‘shinlarini joylashtirishni ham anglatishi mumkin.
Reutersʼning yozishicha, Tramp ma’muriyati, Eron neft eksportining 90 foizi o‘tadigan markaz — Xark oroliga quruqlikdagi qo‘shinlarni yuborish variantlarini ham muhokama qilgan. Lekin bunday operatsiya o‘ta xavfli bo‘lishi mumkin.
AQSh quruqlikdagi qo‘shinlaridan har qanday foydalanish Tramp uchun jiddiy siyosiy xavflarni keltirib chiqarishi mumkin. Chunki Amerika jamoatchiligi orasida Erondagi urushni qo‘llab-quvvatlash darajasi past. Trampning o‘zi esa saylovoldi va’dalarida AQShni Yaqin Sharqdagi yangi mojarolarga aralashtirmaslikka so‘z bergan edi.
Eron hududiga kirmasdan va to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvlarsiz ham urushda hozirgacha 13 nafar AQSh askari halok bo‘lgan va 200 ga yaqini yaralangan.
Nigeriyada harbiy bazaga hujum qaytarildi
Nigeriya askarlari mamlakat shimoli-sharqidagi Borno shtatida joylashgan harbiy baza yaqinida kamida 80 nafar gumonlanayotgan jangarini yo‘q qildi.
Armiya rasmiysining ma’lum qilishicha, havo kuchlari bilan quvvatlangan Nigeriya harbiylari chegara yaqinida noma’lum guruh isyonchilarining tungi hujumini qaytargan.
Nigeriya armiyasi vakili Sani Uba harbiylarning harakatini «hujumkor-mudofaa» javobi deb ta’rifladi. Rasmiylarning qo‘shimcha qilishicha, «80 dan kam bo‘lmagan terrorchi» o‘ldirilgan, ular orasida «yuqori martabali» qo‘mondonlar ham bor.
Chorshanba kungi ushbu hujum mojarolardan jabr ko‘rgan shtatda xudkushlik hujumi ortidan sodir bo‘ldi. Shu hafta boshida Maydugurida uchta ehtimoliy xudkushlik portlashi oqibatida kamida 23 kishi halok bo‘lgan va 100 dan ortiq kishi yaralangan edi.
Baxtlilik indeksi va ijtimoiy tarmoqlar
Payshanba kuni e’lon qilingan 2026 yilgi «Jahon baxtiyorlik hisoboti»da ta’kidlanishicha, butun sayyoradagi yoshlar o‘rtasida ijtimoiy tarmoqlardan haddan tashqari ko‘p foydalanish shaxsiy baxtlilik hissiga putur yetkazmoqda.
Oksford universiteti BMT hamkorligida tayyorlagan hisobotda ko‘plab mamlakatlardagi 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida hayotdan mamnunlik darajasi so‘nggi o‘n yil ichida keskin tushib ketgani aniqlandi.
Ushbu tadqiqot 140 ta davlatdan taxminan 100 000 kishi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarga asoslangan.
Hisobotda qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlardan ko‘p foydalanish yoshlar, ayniqsa, ingliz tilida so‘zlashuvchi va G‘arbiy Yevropa davlatlaridagi o‘smirlar o‘rtasida farovonlik darajasining pasayishi bilan bog‘liq. Ushbu xulosalar hukumatlar — voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga nisbatan cheklovlarni ko‘rib chiqayotgan bir paytda e’lon qilindi.
Umuman olganda, hisobotda davlatlar aholisining baxtiyorlik reytingi ham tuzilgan. Unga ko‘ra, Finlandiya, Islandiya va Daniya xalqlari o‘zini eng farovon va baxtli ko‘rmoqda. Bu davlatlarning peshqadamligi — boylik, tenglik, kuchli ijtimoiy ta’minot tizimlari va yuqori umr ko‘rish davomiyligi bilan izohlangan.
Shimoliy Koreya va Rossiya aloqalari
Shimoliy Koreya Rossiyaga umumiy qiymati 7,6 milliarddan 14,4 milliard dollargacha bo‘lgan qurol-yarog‘ va qo‘shin yuborgan. Bu haqda Bloomberg agentligi Janubiy Koreyaning Milliy xavfsizlik strategiyasi instituti hisobotiga tayanib xabar berdi.
Hisob-kitoblar 2023 yil avgustidan 2025 yil dekabrigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Baholashdagi katta farq – yetkazib berilgan o‘q-dorilar tarkibi va hajmi haqidagi ma’lumotlarning cheklangani bilan izohlangan.
Rossiya Pxenyan bilan asosan sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatish qiyin bo‘lgan harbiy texnologiyalar va yuqori aniqlikdagi butlovchi qismlar orqali hisob-kitob qilmoqda. Jami tovon pulining 80-90 foiz qismi aynan shu ulushga to‘g‘ri keladi.
Ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlik 2024 yilda imzolangan ctrategik sheriklik shartnomasiga asoslanadi. Unga ko‘ra, tomonlardan biriga qurolli hujum uyushtirilgan taqdirda, ikkinchi tomon «barcha mavjud vositalar bilan» harbiy yordam ko‘rsatishga majbur.
Shuningdek, urushdagi ishtirok Shimoliy Koreyaga iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish imkonini ham bergan.
Mavzuga oid
15:41 / 18.03.2026
Tramp jamoasida norozilik, Larijoniyning o‘limi va Kubaga birdamlik bildirgan Rossiya – kun dayjesti
16:29 / 17.03.2026
Kobuldagi shifoxonaga zarba bergan Pokiston, Bag‘dodda hujumga uchragan AQSh elchixonasi va Kubada “blackout” – kun dayjesti
14:35 / 16.03.2026
Ittifoqchilaridan yordam so‘ragan Tramp, Netanyahuning «o‘limiga» oid xabarlar va Qozog‘istonda referendum – kun dayjesti
14:40 / 14.03.2026