Jahon | 09:53 / 21.03.2026
2009
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi sabab NATO davlatlarini “qo‘rqoqlar” deb atadi

AQSh prezidenti NATOdagi hamkorlarni unga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokadadan chiqarishda yordam berishni istamaganlikda aybladi. U NATO ittifoqchilarini qo‘rqoqlar deb atadi va ularning bu xatti-harakatini eslab qolishini aytdi.

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan urushdagi pozitsiyasi sabab NATO ittifoqchilarini “qo‘rqoqlar” deb atadi. 20 mart, juma kuni Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, hamkorlar urush tufayli neft narxining yuqoriligidan shikoyat qilmoqda, ammo shu bilan birga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishga yordam berishni istamayapti. Holbuki, uning so‘zlariga ko‘ra, bu “eng kam xavfli” va “oddiy harbiy qadam” hisoblanadi.

“Qo‘rqoqlar”, — deb qo‘shimcha qildi u. Tramp va’da berishicha, AQSh Shimoliy Atlantika alyansidagi hamkorlarning bunday xatti-harakatini eslab qoladi. Uning yozishicha, AQShsiz NATO — shunchaki “qog‘ozdagi yo‘lbars”.

Donald Tramp ittifoqchilardan Arabiston yarimoroli bilan Eron o‘rtasidagi bo‘g‘oz orqali kema qatnovi xavfsizligini ta’minlashda harbiy yordam talab qildi. Germaniya va boshqa ko‘plab davlatlar rad javobini berganidan so‘ng, AQSh prezidenti NATOni “juda ahmoqona xato”da aybladi va Germaniya hamda boshqa mamlakatlar pozitsiyasini “juda hayratlanarli” deb atadi. Shu bilan birga, u AQShga umuman ittifoqchilarning qo‘llab-quvvatlashi kerak emasligini ham ta’kidladi.

Shu orada Germaniya mudofaa vazirligi vakili DW so‘roviga javoban “Germaniya Yaqin va O‘rta Sharqdagi xavfsizlik bilan bog‘liq hozirgi vaziyat yuzasidan ittifoqchilar va hamkorlar bilan yaqin maslahatlashuvlar olib bormoqda”, deb ma’lum qildi. Shu bilan birga, u “Berlin hozir amal qilayotgan OIR, UNIFIL, ASPIDES va NMI missiyalarida ishtirok etayotgan kuchlardan tashqari hududga qo‘shimcha harbiy kuch yubormaydi”, deb qayd etdi.

28 fevraldan — AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan beri jahondagi neft va suyultirilgan tabiiy gaz tashuvining taxminan beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Eron harbiylari tomonidan amalda to‘sib qo‘yilgan. Eron shuningdek, Fors ko‘rfazi mintaqasidagi bir qator mamlakatlarning neft obektlari va neft tankerlariga ham zarba bermoqda. Bu esa jahonda neft va gaz narxlarining keskin o‘sishiga olib keldi. Tramp ichki siyosiy bosimni, avvalo, yonilg‘i narxlarining qimmatlashishi sababli his qilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid