Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: Tramp jamoasi Eron bilan tinchlik muzokaralari imkoniyatlarini o‘rganmoqda
Rasmiylar kim bilan muzokara o‘tkazish mumkinligini aniqlashga urinmoqda.
Foto: Alex Wong/Getty Images
Donald Tramp ma’muriyati Eron bilan tinchlik muzokaralari qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkinligi bo‘yicha dastlabki muhokamalarni boshladi, deb yozadi Axios vaziyatdan xabardor bo‘lgan manbalariga tayanib.
Amerikalik mulozimlardan birining so‘zlariga ko‘ra, AQSh Erondan oltita majburiyatni o‘z zimmasiga olishni talab qilmoqda, ular orasida uranni boyitish va yadro qurolini ishlab chiqishni butunlay to‘xtatish, raketa dasturini sezilarli darajada qisqartirish hamda «Hizbulloh» yoki Yamandagi husiychilar kabi qurolli guruhlarni moliyalashtirishni to‘xtatish shartlari bor. Bundan tashqari, har qanday kelishuvga ko‘ra Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilishi kerak bo‘ladi, deb yozadi Axios.
Portal ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Vashington va Tehron o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar bo‘lmagan, biroq Misr va Qatar AQSh va Isroilni Eron muzokaralardan manfaatdor ekani, uning talablari o‘t ochishni to‘xtatish, kelgusida harbiy harakatlar tiklanmasligi uchun kafolat, shuningdek, tovon to‘lash masalalarini o‘z ichiga olishi haqida xabardor qilgan.
Axios’ning yana bir suhbatdoshi muzlatilgan aktivlarni Eronga qaytarish masalasida murosaga kelish mumkinligini aytmoqda. «Ular buni reparatsiya deb atashadi. Biz buni muzlatilgan mablag‘larni qaytarish deb atashimiz mumkin», – deya qo‘shimcha qiladi u. Ammo, uning so‘zlariga ko‘ra, «undan avval bunday vazifa paydo bo‘ladigan bosqichga yetib borish kerak bo‘ladi».
Axios ma’lumotiga ko‘ra, Trampning jamoasi vakillari ikki savolga javob topishga harakat qilmoqda: Eronda kimlar bilan aloqa o‘rnatiladi va qaysi davlat vositachilik qilishi mumkin.
Oldingi muzokaralarda Eron manfaatlarini mamlakat tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ifodalagan, biroq Trampning maslahatchilari uni qaror qabul qilishga vakolatli shaxsdan ko‘ra ko‘proq «uzatish bo‘g‘ini» deb hisoblamoqda. Axios manbalariga ko‘ra, Oq uy hozirda Eronda qarorlarni aslida kimlar qabul qilishi va ular bilan qanday bog‘lanish mumkinligini aniqlashga harakat qilmoqda.
Urushdan oldingi muzokaralarda vositachi O‘mon edi, ammo AQSh ushbu sultonlik bilan o‘zaro ishonchsizlik tufayli boshqa davlat izlamoqda. Tramp ma’muriyati Qatar vositachilik qilishini afzal ko‘radi, shu bilan birga, manbalarga ko‘ra, rasmiy Doha «parda ortida yordam berish»ga tayyor, biroq asosiy rasmiy vositachi bo‘lishni istamaydi.
O‘tgan hafta Reuters Tramp ma’muriyati AQShning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarining Eron bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga urinishlarini rad etgani haqida xabar bergandi. O‘mon aloqa kanalini ochishga bir necha bor urinib ko‘rgan, ammo Oq uy bundan manfaatdor emasligini bildirgan. Misr ham AQSh va Eron o‘rtasida diplomatik aloqalarni tiklashga urinib ko‘rgan.
Axios’ning yozishicha, so‘nggi kunlarda AQSh va Eron o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar bo‘lmagan, biroq Misr, Qatar va Buyuk Britaniya tomonlar o‘rtasida xabarlar almashgan. 20 mart kuni Tramp urushni «to‘xtatish» imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytdi, biroq Amerika rasmiylariga ko‘ra, jangovar harakatlar yana ikki-uch hafta davom etishi kutilmoqda.