Jahon | 22:19 / 23.03.2026
1530
3 daqiqa o‘qiladi

Agar hammasi reja bo‘yicha ketsa – Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozining ochilishi haqida

Uning fikricha, AQSh va Eron neft ta’minoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu bo‘g‘ozni birgalikda nazorat qilishi mumkin.

Foto: Dreamstime

AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin vaqt ichida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining ochilishini istisno qilmadi. Bu haqda u jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida aytib o‘tdi, deb yozdi Bloomberg.

Trampning ta’kidlashicha, bo‘g‘oz ochilishi mumkin, ya’ni «agar hammasi reja bo‘yicha ketsa», yaqin vaqt ichida «kema qatnovi to‘liq tiklanadi». Uning fikricha, AQSh va Eron bo‘g‘ozni birgalikda nazorat qilishi mumkin.

Amerika yetakchisi, shuningdek, AQSh Eron bilan «samarali muzokaralardan» so‘ng uning energetika infratuzilmasiga zarba berishni keyinga qoldirishini tasdiqladi.

Davlat rahbarining ma’lum qilishicha, uning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner 22 mart kuni kechqurun Eron tomonining «yuqori martabali shaxsi» bilan muzokaralar o‘tkazgan va tomonlar «bitim tuzishdan» manfaatdor ekani va dushanba kuni yana telefon orqali suhbatlashishini aytgan.

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda Eron nomidan «yuqori martabali shaxs» ishtirok etmoqda, garchi u oliy rahbar Mujtaba Xominaiy bo‘lmasa ham.

«Ko‘ramiz, bu qanday bo‘larkin, agar hammasi yaxshi bo‘lsa, biz oxir-oqibat bu masalani hal qilamiz. Aks holda biz bor kuchimiz bilan bomba tashlashda davom etaveramiz», deb ta’kidlab o‘tdi Tramp.

O‘z navbatida Eron rasmiylari AQSh rahbari bilan «bevosita yoki bilvosita muloqot» bo‘lmaganini ta’kidlamoqda.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft ta’minotining tiklanishi neft narxining pasayishiga olib keladi, bu esa o‘z navbatida yoqilg‘i narxini pasaytirishi mumkin.

3 mart kuni Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilganini e’lon qildi. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining yuqori martabali vakili mamlakat ushbu yo‘nalish bo‘ylab o‘tishga uringan har qanday kemani o‘qqa tutishini ma’lum qildi.

18 mart kuni NATO bosh kotibi Mark Ryutte NATO davlatlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozini birgalikda ochishni muhokama qilayotganini aytdi.

O‘z navbatida, AQSh prezidenti Donald Tramp, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 20 mart kuni Eronni Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochishga majbur qilish uchun Eronning Xark orolini bosib olish yoki blokada qilish rejalarini ko‘rib chiqqan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid