Jahon | 17:01
3738
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eron elektr stansiyalariga zarba berishni kechiktirdi

U Eron bilan muzokaralar o‘tkazilayotgani haqida yozgan. Tehrondagilar esa uning so‘zlarini rad etmoqda.

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat qurolli kuchlariga Tehron bilan muzokaralar olib borish uchun Eronning energetika obektlariga zarba berishni besh kunga kechiktirishni buyurdi.

Oq uy rahbari Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida AQSh va Eron so‘nggi ikki kun mobaynida «juda yaxshi va samarali muzokaralar» o‘tkazgani haqida yozgan.

«Shu hafta davom etadigan ushbu chuqur, batafsil va konstruktiv muzokaralarning xarakteri va ohangidan kelib chiqib, Urush vazirligiga Eron elektr stansiyalari va energetika infratuzilmasiga har qanday harbiy zarbalarni besh kunga to‘xtatib turishga buyruq berdim», – deyiladi uning postida.

U muzokaralar tafsilotlarini keltirmagan.

Eron tomoni hozircha bu borada rasmiy munosabat bildirmadi. Ammo mahalliy nashrlar AQSh prezidentining so‘zlarini inkor etib, hech qanday muzokaralar o‘tkazilmayotgani, Tramp shunchaki qo‘rqib ketgani va aldayotgani haqida yozishmoqda.

Xususan, Islom inqilobi muhofizlari korpusiga aloqador bo‘lgan Fars agentligi Tramp Eron Yaqin Sharqdagi elektr stansiyalariga zarba berishi haqida ogohlantirganidan keyin Eron elektr stansiyalariga zarba berish rejalaridan voz kechganini qayd etgan.

Avvaliga Trampning bayonoti neft narxi keskin pasayishiga sabab bo‘ldi. Xususan, Brent markali neft 13 foizga arzonlab, bir barreli 96 dollarga baholandi. Ammo Eron tomoni uning so‘zlarini rad etib chiqqach, narxlar yana o‘sa boshladi.

22 mart kuni Tramp Eronga ultimatum qo‘yib, 48 soat ichida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kemalar qatnovi uchun ochishni talab qilgandi. U bu talabi bajarilmagan taqdirda AQSh Eronning elektr stansiyalarini o‘qqa tutishi va yakson etishi bilan tahdid qilgandi. Bunga javoban Islom inqilobi muhofizlari korpusi Ho‘rmuz bo‘g‘ozini butunlay yopib qo‘yishga va AQShning Yaqin Sharqdagi iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazishga tayyorligini bildirdi. Korpusdagilar Isroildagi elektr stansiyalariga zarba berishga, shuningdek, «Amerikaga aloqador bo‘lgan shunga o‘xshash kompaniyalar»ni yo‘q qilishga va’da bergan.

Eron Yaqin Sharqdagi urushning ilk kunlaridayoq Ho‘rmuz bo‘g‘ozini bloklab qo‘ygandi. Urushgacha jahon bo‘ylab dengiz orqali tashiladigan neftning beshdan bir qismi ushbu hududdan o‘tardi. Bu kuniga 20 million barrel degani. Bundan tashqari, suyultirilgan tabiiy gazning ham katta qismi bo‘g‘oz orqali tashiladi. Bo‘g‘oz bloklanishi neft narxi keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi va Xalqaro energetika agentliklari shoshilinch tarzda zaxiralardagi 400 million barrel neftni bozorga chiqarishga majbur bo‘ldi.

AFP agentligi iqtibos keltirgan Kpler tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch hafta ichida faqat kam sonli kemalar bo‘g‘ozdan o‘tishga muvaffaq bo‘lgan – urushdan oldingi hajmning taxminan besh foizi.

Shu bilan birga, Eron rasmiylari bo‘g‘oz AQSh va Isroil bilan aloqador bo‘lgan kemalardan tashqari barcha kemalar uchun ochiqligini ta’kidlab keladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid