Jahon | 09:22
2110
3 daqiqa o‘qiladi

NYT: AQSh Eronga 15 bandli tinchlik rejasini yubordi

OAV xabarlariga ko‘ra, Vashington Tehronga 15 banddan iborat tinchlik rejasini yuborgan. Unda, jumladan, yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini AEXAga topshirish talabi ham bor. Axios ma’lumotiga ko‘ra, Eron rejaning bir nechta bandiga rozi.

Foto: Arash Khamooshi / The New York Times

AQSh Yaqin Sharqdagi urushni to‘xtatish bo‘yicha 15 bandli rejani Eronga yubordi. Bu haqda 24 mart, seshanba kuni The New York Times gazetasi ikki nafar xabardor amaldorga tayanib xabar qildi. Hujjat Pokiston orqali Eron rahbariyatiga yetkazilgan.

Isroilning N12 telekanali ma’lumotiga ko‘ra, rejada, jumladan, Eronning yadroviy qurol ishlab chiqishdan voz kechishi va boyitilgan uran zaxiralarini Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikka (AEXA) topshirishi nazarda tutilgan.

Axios nashri manbaga tayanib yozishicha, AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff Donald Trampga Eron rejaning bir nechta muhim bandiga, shu jumladan yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini topshirishga rozi bo‘lganini ma’lum qilgan. Tehronning rasmiy munosabati hozircha noma’lumligicha qolmoqda. Shuningdek, Eronga qarshi AQSh bilan birga urush olib borayotgan Isroil bu tinchlik rejasiga qanday qarayotgani ham aniq emas.

Tramp 23 mart kuni Eron rahbariyati bilan “samarali muzokaralar” bo‘lib o‘tganini aytgan edi. Shuningdek, u Eron energetika infratuzilmasiga zarbalarni besh kunga to‘xtatib turishni buyurgan. Tehron esa AQSh prezidentining bu bayonotlarini rad etib, “muzokaralar bo‘lmagan ham, yo‘q ham” deya bildirgan.

Shu orada, Eron Tashqi ishlar vazirligi 24 mart kuni BMT Xavfsizlik kengashi va Xalqaro dengiz tashkilotiga “do‘st bo‘lmagan” deb baholangan kemalar, agar oldindan Tehron bilan harakatlarini kelishib olsa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi.

Reuters agentligi iqtibos keltirgan hujjatda shunday deyiladi: “Do‘st bo‘lmagan kemalar, jumladan boshqa davlatlarga tegishli yoki ular bilan bog‘liq bo‘lgan kemalar ham, agar ular Eronga qarshi tajovuz harakatlarida qatnashmayotgan va ularni qo‘llab-quvvatlamayotgan bo‘lsa, shuningdek e’lon qilingan xavfsizlik qoidalariga to‘liq rioya qilsa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tish huquqini olishi mumkin”.

Ayni paytda, Yaqin Sharqdagi urush fonida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali jahon nefti va suyultirilgan tabiiy gazi (STG) zaxiralarining taxminan 20 foizini tashish deyarli butunlay to‘xtab qolgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid