Seshanba tongida Eronning Tel-Aviv bo‘ylab raketa zarbasi oqibatida to‘rt kishi jarohatlangan. Ballistik raketalardan biri kelib tushgan joyda ulkan o‘ra hosil bo‘lgan, atrofdagi uchta bino hamda avtomobillar jiddiy shikastlangan, deya ma’lum qildi frontorti qo‘mondonligi rasmiy vakili, polkovnik Miki David.

Seshanbaga o‘tar kechasi Isroilning shimoliy va janubiy hududlari ham zarba ostida qolgan. Yuz minglab isroilliklar tunni bombapanagohlarda o‘tkazishgan, Xayfa shahri chekkasida yashovchi kishilardan biri hujum vaqtida yengil jarohat olgan.

Isroillik harbiylardan biriga ko‘ra, Tel-Avivga kelib urilgan raketalardan birining jangovar kallagida 100 kg atrofida portlovchi moddalar bo‘lgan, lekin u Eron bungacha qo‘llagan raketalarga qaraganda kuchsizroq edi.

Donald Trampning Eron infratuzilmasiga zarba berishni vaqtincha to‘xtatgani va Tehron bilan muzokaralar olib borilayotgani haqidagi bayonotlari fonida bosh vazir Netanyahu Isroil Livan janubida Eron rejimi va uning Livandagi ittifoqchisi bo‘lgan «Hizbulloh» guruhiga qarshi harbiy operatsiyani davom ettirishini ma’lum qildi.

«Biz hayotiy muhim manfaatlarimizni har qanday sharoitda himoya qilamiz», – dedi Netanyahu seshanba kuni 36 soniyalik videoda.

Eron bo‘ylab zarbalar: nimalar ma’lum?

Eron nashrlari xabar berishicha, qisqa tanaffusdan so‘ng Tehronning sharqiy hududlariga hujumlar qaytadan boshlangan.

Shuningdek, Erondagi manbalarga ko‘ra, 23 mart kuni ikkita gaz inshooti va quvurga hujum qilingan. Bu AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh besh kunga energetika infratuzilmasiga zarba berishni to‘xtatishini aytganidan bir necha soat o‘tib ro‘y bergan.

«Sionist va amerikalik dushmanlar tomonidan davom etayotgan hujumlar doirasida Isfahondagi gaz boshqarmasi binosi va gaz bosimini nazorat qilish stansiyasiga zarba berildi», – deya xabar berdi Eronning Fars agentligi. Erondagi boshqa nashrlar hodisa haqida xabar bermagan.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, obektlarga qisman zarar yetgan.

Yana bir zarba mamlakat janubi-g‘arbidagi Xurramshahr shahridagi elektr stansiyasi gaz quvuriga berilgan.

«Snaryad Xurramshahr gaz quvurining gazni qayta ishlash stansiyasi tashqarisidagi hududga kelib tushdi», – deya xabar bermoqda agentlik Iroq bilan chegarada joylashgan shahar gubernatoriga tayanib. Rasmiylarga ko‘ra, hujumga uchragan infratuzilma odatdagidek ishlashda davom etmoqda, gaz ta’minotida uzilishlar yo‘q.