Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Surxondaryoda 940 gektar maydonda issiqxona va Buxoroda “Nasriddin Afandi” festivali – mahalliy dayjest
Surxondaryoda kamida 940 gektar maydonda issiqxona majmualari tashkil etiladi. Har bir viloyatda “yashil” texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Buxoroda “Nasriddin Afandi” hamda “Sharq taomlari” an’anaviy festivali o‘tkaziladi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Surxondaryoda kamida 940 gektar maydonda issiqxona majmualari tashkil etiladi
Prezident qaroriga muvofiq, aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash maqsadida issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator yangi imtiyoz va preferensiyalar joriy etildi.
2026–2027 yillarda respublikada issiqxonalar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi. Jumladan, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda zamonaviy issiqxona majmualarini tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, energiya tejamkor va muqobil energiya manbalariga asoslangan isitish tizimlari ulushini kamida 50 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Surxondaryo viloyatida “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi. Mazkur hududda faoliyat yurituvchi issiqxona xo‘jaliklariga qator imtiyozlar taqdim etiladi.
Har bir viloyatda “yashil” texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonda ekologik ta’lim va “yashil” iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlash yangi bosqichga chiqmoqda.
Prezident qaroriga ko‘ra, 2026–2027 yillar davomida respublikaning har bir hududida o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlaydigan 14 ta “yashil” texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu ta’lim muassasalarida hududlarning ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy ehtiyojlaridan kelib chiqib, sohalar uchun malakali mutaxassislar tayyorlanadi.
Shuningdek, 2030 yilgacha mazkur texnikumlarda jami 10 ming nafar o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash orqali ekologik ta’lim tizimini yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Uchta yangi milliy tabiat bog‘i tashkil etiladi
Prezident qaroriga ko‘ra, Toshkent viloyatida ikki yangi milliy tabiat bog‘i barpo etiladi. Jumladan, Ohangaron tumanidagi Ohangaron davlat o‘rmon xo‘jaligining “Ovjazsoy” uchastkasidagi 9,2 ming gektar yer maydonida “Ovjazsoy – Moviy tog‘lar” milliy tabiat bog‘i, shuningdek, Bo‘stonliq tumanidagi Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligining 156,7 ming gektar yer maydonida “Piskom” milliy tabiat bog‘i tashkil etiladi.
Shu bilan birga, Farg‘ona viloyati O‘zbekiston va So‘x tumanlaridagi 13,9 ming gektar davlat zaxira yerlari hamda Farg‘ona va Qo‘qon davlat o‘rmon xo‘jaliklarining 8,9 ming gektar yer maydonlari hisobiga umumiy maydoni 22,9 ming gektardan iborat “Farg‘ona” milliy tabiat bog‘i barpo etiladi. Qarorga muvofiq, Namangan viloyatidagi “Pop” milliy tabiat bog‘i hududi ham kengaytiriladi.
Buxoroda “Nasriddin Afandi” hamda “Sharq taomlari” an’anaviy festivali o‘tkaziladi
1 aprel kuni Buxoroda “Nasriddin Afandi" hamda “Sharq taomlari” an’anaviy festivali o‘tkaziladi. Bayram qisqa yumoristik, satirik miniatyura va latifalarning mashhur qahramonlari, jumladan, Xo‘ja Nasriddinning kundalik ertaklari bilan bog‘liq bo‘lgan hazillar, mutoyibalar va rang-barang afsonalarga boy bo‘ladi.
Bundan tashqari, "Sharq taomlari" festivaliga tashrif buyurganlar O‘zbekiston milliy oshxonasining mazali taomlari va shirinliklaridan tatib ko‘rish imkoniga ega bo‘lishadi.
“Nasriddin Afandi” festivali Nodir Devonbegi madrasasi, Nasriddin Afandi haykali yonida, “Sharq taomlari” festivali esa «Somoniylar» bog‘i kiraverishidagi hovuz oldidagi maydonda bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid
22:07 / 31.03.2026
Milliy jamoaning yutug‘i va Toshkentda sun’iy yomg‘ir – mahalliy dayjest
21:34 / 25.03.2026
Yangi Toshkentdagi super favvora va masjidlardagi favqulodda ogohlantirish uskunalari – mahalliy dayjest
21:32 / 24.03.2026
Davlat raqam belgilari uchun yangi ilova va navbatdagi moliyaviy piramida – mahalliy dayjest
20:52 / 18.03.2026