Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
WSJ: BAA Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kuch bilan ochishga tayyor
Foto: AP Photo/Altaf Qadri
AQSh va uning ittifoqchilari Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kuch ishlatish orqali ochishga qaror qilsa, Birlashgan Arab Amirliklari bunday amaliyotga qo‘shilishga tayyor. Bu haqda The Wall Street Journal nashri manbaga tayanib xabar tarqatdi.
Qayd etilishicha, bu holatda BAA Fors ko‘rfazining Eronga qarshi harbiy harakatlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirokchisiga aylangan ilk davlati bo‘ladi.
Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, hozirda BAA BMT Xavfsizlik kengashining Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish uchun kuch ishlatishga ruxsat beruvchi rezolyutsiyasi qabul qilinishida lobbistlik qilmoqda. BAA diplomatlari AQShni, shuningdek, Yevropa va Osiyo davlatlarini bo‘g‘ozni kuch bilan ochish bilan shug‘ullanadigan koalitsiya tuzishga chaqirdi.
WSJ manbalari BAA AQShdan Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi orollarni, jumladan, Eron nazoratida bo‘lgan va Amirliklar o‘ziniki ekanini da’vo qiluvchi Abu Muso orolini egallab olishga undayotganini ma’lum qilgan.
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini Yaqin Sharqdagi urushning ilk kunlaridayoq bloklab qo‘ygandi. Urushga qadar jahon bo‘ylab dengiz orqali eksport qilinadigan neftning beshdan bir qismi – kuniga 20 million barrel neft, shuningdek, suyultirilgan tabiiy gazning katta qismi bo‘g‘oz orqali olib o‘tilgan. Bo‘g‘oz to‘sib qo‘yilishi neft narxi keskin ko‘tarilishiga olib keldi. Mart oyi oxirida Eron bo‘g‘ozdan o‘tuvchi kemalardan to‘lov undirishini e’lon qildi.
WSJ ma’lumotiga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp yordamchilariga Eronga qarshi urushni Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilmagan taqdirda ham yakunlash niyatida ekanini bildirgan. Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Vashington bo‘g‘ozni ochish masalasini Yevropa hamda Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilariga qoldirmoqchi.