Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp ittifoqchilaridan noroziligini bildirdi
Erondagi vaziyat rivoji mavzusiga bag‘ishlangan Oq uy matbuot anjumanida Donald Tramp Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya va NATO tashkiloti AQSh hamda Isroilga urushda yordam bermaganidan norozi bo‘ldi.
Foto: Alex Brandon/AP
AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba, 6 aprel kuni kechqurun Oq uyda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya va, yana bir bor, NATOni AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushida yordam ko‘rsatmagani uchun tanqid qildi.
“Yaponiya bizga yordam bermadi, Avstraliya bizga yordam bermadi, Janubiy Koreya bizga yordam bermadi, keyin NATO ham bizga yordam bermadi”, — deya shikoyat qildi Amerika davlati rahbari.
Shu bilan birga, u AQSh ushbu davlatlarga o‘z tomonidan ko‘rsatayotgan harbiy yordamni eslatdi. “Bizda Yaponiyada 50 000 askar bor — ularni Shimoliy Koreyadan himoya qilish uchun, Janubiy Koreyada esa 45 000 askarimiz bor — ularni Kim Chen Indan himoya qilish uchun”, — dedi u.
Ayni paytda Tramp Fors ko‘rfazi mintaqasidagi bir qator davlatlarning harakatlarini maqtadi, biroq ularning bu jarayondagi ishtiroki mojaro hududiga geografik jihatdan yaqin ekani bilan bog‘liqligini ham tan oldi. “Saudiya Arabistoni juda yaxshi ish qildi, Qatar juda yaxshi ish qildi, BAA juda yaxshi ish qildi, Bahrayn, Kuvayt”, — deb ta’kidladi AQSh prezidenti.
Matbuot anjumanida Donald Tramp AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushini yakunlash bo‘yicha istalgan taklifning bir qismi sifatida Islom Respublikasi tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasini bekor qilish ham bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. U bu qadamni “juda katta ustuvor vazifa” deb atadi.
Bundan avval, 1 aprel kuni Donald Tramp Britaniyaning The Telegraph nashriga bergan intervyusida, Vashingtonning Shimoliy Atlantika alyansidagi ittifoqchilari AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushida qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgani sababli, mamlakatining NATO a’zoligini tugatish masalasini “jiddiy o‘ylab ko‘rayotgani”ni aytgan edi.
O‘sha suhbatda u Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasini olib tashlash bo‘yicha operatsiyada Ukraina ham ishtirok etishi kerak edi, degan fikrni bildirgan. “Avtomatik tarzda ularning (AQSh ittifoqchilarining — tahr.) o‘zi u yerda yo‘q edi, jumladan Ukraina ham. Ukraina bizning muammo emas edi. Bu sinov edi, biz ularga yordam berdik va har doim yordam bergan bo‘lar edik. Ammo ular bizga yordam bermadi”, — deya norozilik bildirdi AQSh prezidenti.
Mavzuga oid
09:38
BAA, Kuvayt va Saudiya Arabistoni yana Eron hujumlariga duch keldi
22:44 / 06.04.2026
AQShdan deportatsiya qilingan migrantlarni Kongo DR qabul qiladi
21:14 / 06.04.2026
Eron vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish taklifini rad etdi
20:10 / 06.04.2026