Jahon | 21:40
1960
7 daqiqa o‘qiladi

Eronda urib tushirilgan samolyotlar: tasodifmi yo yashirin missiya?

AQSh samolyotlari Eronda urib tushirilgach, amerikalik uchuvchini qutqarish operatsiyasiga zarurat tug‘ildi. Ayrim talqinlarga ko‘ra, bu operatsiya nafaqat polkovnikni qutqarishga, balki boyitilgan uran zaxiralarini izlashga ham qaratilgan bo‘lishi mumkin.

Bu haqda Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunos Umrbek Yusupov so‘z yuritdi.

1,5 soatga yaqin davom etgan matbuot anjumanining asosiy qismida qutqaruv operatsiyasi xuddi Gollivud filmlaridagi ssenariy kabi batafsil tushuntirildi. Unda AQSh prezidenti Donald Tramp, mudofaa vaziri Pit Hegset kabi yuqori lavozimli ishtirokchilar qatnashib, bir-birini maqtab, operatsiyaning qanday amalga oshirilgani haqida gapirib berdi. Jurnalistning: “Operatsiyada necha kishi qatnashdi?” degan savoliga, aslida bu ma’lumot maxfiy bo‘lishi kerakligini aytishib, “yuzlab odam” ishtirok etganini ochiqlashdi. Shuningdek, bir nechta samolyot va harbiy vertolyotlar qo‘nib, qayta havoga ko‘tarilgani haqida ham ma’lumotlar berildi.

Biroq G‘arbdagi ayrim tahlilchilar va harbiy ekspertlar fikricha, bu jarayon fonida boyitilgan uranni izlash operatsiyasi ham yashirin tarzda olib borilgan bo‘lishi mumkin. Bunga sabab sifatida MAGATE ma’lumotlari keltiriladi.

Unga ko‘ra, Kirmonshoh va Isfahon oralig‘idagi tog‘li hududlarda boyitilgan uran yashirilgan bo‘lish ehtimoli yuqori, hatto taxminan 70 foizi aynan shu hududda ekani aytilgan. Qiziq jihati shundaki, so‘nggi 20 yil davomida halokatga uchramagan AQShning F-15 va A-10 samolyotlari aynan shu hududda urib tushirilgani haqida xabarlar tarqalgan. Shu bilan birga, biri harbiy quruqlikdan, yana biri suv orqali qutqarilgani aytiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qutqarilgan harbiy yuqori lavozimli zobit bo‘lib, yonida to‘pponchasi bo‘lgan. Uni qutqarish jarayoni situatsion markaz orqali kuzatib borilgan. Ba’zi taxminlarga ko‘ra, bu qutqaruv operatsiyasi aslida boshqa maqsad, ya’ni yashirilgan uranni aniqlash bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu fikrni ayrim ekspertlar ilgari surmoqda.

Yana bir jihat – operatsiya davomida bir necha bor qo‘nish amalga oshirilgani, har safar taxminan 15 daqiqa vaqt ajratilgani aytiladi. Bu esa hududni radiolokatsiya orqali o‘rganish imkonini bergan bo‘lishi mumkin. Albatta, bu faqat taxmin. Lekin ayrim harbiy ekspertlar bunday ehtimolni inkor etmayapti.

Bundan tashqari, Markaziy razvedka boshqarmasi vakili chiqish qilib, operatsiya davomida ataylab dezinformatsiya tarqatilganini tan oldi. Ya’ni zobit allaqachon qutqarilgani haqida yolg‘on xabarlar berilib, dushmanni chalg‘itish maqsad qilingan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: agar ular bir masalada yolg‘on ma’lumot tarqatgan bo‘lsa, boshqa ma’lumotlarning ham to‘g‘riligiga qanday ishonish mumkin?

Bu kabi holatlarni odatda yirik razvedka xizmatlari, masalan, Rossiya yoki Xitoy razvedkasi tezda aniqlashi mumkin. Ammo oddiy jamoatchilik uchun bu ma’lumotlarni tekshirish deyarli imkonsiz. Ayrim ekspertlar fikricha, agar boyitilgan uranning hatto kichik bir qismi qo‘lga kiritilgan bo‘lsa ham, bu AQSh uchun muhim yutuq sifatida ko‘rsatilishi mumkin.

AQSh va Eronga taqdim etilgan “Islomobod pakti” haqida nimalar ma’lum?

Bu savolga dastur davomida siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov javob berdi.

— Dastlab Eron Pokiston orqali olib borilayotgan muzokaralarni rasman tan olmadi. Ya’ni bu jarayonni rasmiylashtirishni istamadi va shu orqali AQShga nisbatan siyosiy bosim o‘tkazishga harakat qildi. Bu bilan Eron: “Sen muzokara qilishni xohlaysan, lekin bu menga zarur emas. Urush qancha cho‘zilsa, senga shuncha qiyin bo‘ladi”, degan signalni bermoqchi bo‘ldi.

Biroq keyingi kunlarda Eron Pokistondagi muzokaralar mavjudligini tan oldi. Shu bilan birga, bu jarayonni “muzokara” deb emas, balki “muloqot” yoki “axborot almashinuvi” deb atab, uning maqomini pasaytirishga urinmoqda.

Bu yerda Pokiston armiyasi rahbari general Asim Munirning roli muhim. U Donald Tramp bilan shaxsiy aloqalarga ega ekani aytiladi. Ma’lumki, Pokiston mintaqadagi eng muhim harbiy kuchlardan biri bo‘lib, musulmon davlatlari orasida yadro quroliga ega yagona qudrat. Bundan tashqari, bu mamlakatda harbiylarning siyosiy ta’siri juda katta. AQSh tomoni Pokistondan Eron bilan muzokaralarda vositachilik qilishni so‘ragan. Chunki Eron va Pokiston qo‘shni davlatlar hisoblanadi va o‘zaro aloqalari nisbatan yaxshi.

Avvalroq bu rolni Ummon bajargan edi. Urushgacha bo‘lgan davrda aynan Ummon asosiy vositachi bo‘lgan. Ammo keyinchalik Ummon AQShga nisbatan ishonchsizlik bildirgan va muzokaralar jarayonidan chiqqan. Shundan so‘ng vositachilik jarayoni Pokistonga o‘tdi. Hozirda ikki bosqichli sulh rejasi muhokama qilinmoqda. Birinchi bosqich 45 kunlik vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish, shu davr ichida asosiy kelishuvga erishish.

Ammo Eron bu yondashuvga rozi emas. Unga ko‘ra, avval to‘liq kelishuv bo‘lishi kerak, faqat shundan keyingina urush to‘xtatiladi. Tomonlarning pozitsiyalari hozircha bir-biridan ancha uzoq. Eron quyidagi talablarni ilgari surmoqda: AQSh mintaqadagi harbiy bazalarini olib chiqib ketishi, yetkazilgan zararlar uchun tovon to‘lashi, raketa dasturi muhokama qilinmasligi, tinch maqsaddagi atom energetikasiga to‘liq ruxsat berilishi, barcha sanksiyalar bekor qilinishi va muzlatilgan mablag‘lar qaytarilishi kerak.

AQSh esa atom dasturi bo‘yicha murosali variant taklif qilmoqda: ya’ni tinch atom energetikasini rivojlantirish mumkin, ammo u MAGATE va AQSh nazorati ostida bo‘lishi kerak. Eron hozircha bu shartlarga rozi emas. Eng murakkab masala – AQShning harbiy bazalarini olib chiqish talabi. Bu AQSh uchun strategik va siyosiy jihatdan juda og‘ir hisoblanadi, chunki bu mintaqadagi ta’sirining keskin kamayishini anglatadi.

Mintaqadagi boshqa davlatlar ham vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Chunki agar AQShning roli pasaysa, Eronning ta’siri ortishi mumkin. Hozircha kuchlar muvozanati qanday shakllanishi aniq emas, chunki mojaro hali to‘liq yakunlangani yo‘q. Kelajakdagi diplomatik jarayonlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

To‘liq suhbatni YouTubeʼdagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid