Jahon | 21:39
2628
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh–Eron sulhi: Trampni to‘xtashga majbur qilgan asosiy omil nima?

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasi va neft narxining keskin ko‘tarilishi – AQShni Eron bilan kelishishga majburlagan asosiy omil bo‘ldi, deydi siyosatshunos Oybek Sirojov. Shuhrat Rasulning fikricha, Eron Fors ko‘rfazi davlatlariga bergan zarbalar urushning to‘xtashida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi deb bo‘lmaydi, chunki aksincha, ayrim arab davlatlari Trampdan ishni oxiriga yetkazishni so‘ragani haqida xabarlar bor.

Kun.uz'ning "Geosiyosat" dasturida siyosiy tahlilchilar jonli efirda tomoshabinlardan kelib tushgan savollarga javob berishdi.

— Eronning bu natijaga erishishida Fors ko‘rfazi davlatlariga bergan zarbalari hal qiluvchi rol o‘ynadimi?

Shuhrat Rasul: Fors ko‘rfazidagi zarbalar masalasiga kelsak, Eronning o‘z mantig‘iga ko‘ra vaziyat boshqacha rivojlanishi kerak edi. Ularning hisobicha, avval arab qo‘shnilariga zarba beradi, shundan keyin qo‘shnilari AQShga urushni to‘xtatish bo‘yicha bosim o‘tkazishi kerak edi. Ammo amalda buning aksi yuz berdi. Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar kabi davlatlar AQShni ortga chekinishga emas, balki harakatni oxirigacha davom ettirishga undadi (rasmiy axborot emas, bu haqdagi xabarlar AQSh matbuotida chiqqan – tahr.).

Katta nashrlarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bu fikrni kamida ikki marta bildirgan. Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari rasmiylari ham shu pozitsiyani qo‘llab-quvvatlagan. Ya’ni bu davlatlar AQShga “To‘xtang, zarbalarni bas qiling, aks holda biz zarar ko‘ramiz”, degan chaqiriqlar bilan chiqmagan. Aksincha, ular operatsiyani davom ettirish tarafdori bo‘lgan.

Oybek Sirojov: Mening fikrimcha, bu yerda Eron tomonidan berilgan zarbalar ham muhim rol o‘ynadi, biroq eng asosiy omil Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi bo‘ldi. Aynan shu holat neft narxining keskin oshishiga sabab bo‘ldi. Neft narxining ko‘tarilishi, o‘z navbatida boshqa energiya resurslari, jumladan, suyultirilgan gaz narxining ham oshishiga olib keldi.

Bu jarayonda zarbalarning ta’siri ham sezilarli bo‘ldi. To‘g‘ri, bu zarbalarga Qatar, Bahrayn yoki Saudiya Arabistoni qanday munosabat bildirgani aniq emas, biroq Yevropa Ittifoqi tomonidan AQShga nisbatan jiddiy bosimlar bo‘lgani kuzatildi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega bu safar Yevropa Ittifoqi AQShni to‘liq qo‘llab-quvvatlamadi? Bundan tashqari, AQSh ichki siyosatida ham bosim kuchaydi. Xususan, yoqilg‘i narxining oshib ketgani Donald Tramp uchun jiddiy muammoga aylandi.

Umuman olganda, ushbu omillarning barchasi o‘zaro bog‘liq holda ta’sir ko‘rsatdi. Zarbalardan so‘ng Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar kabi davlatlardagi yirik neft va gazni qayta ishlash korxonalari faoliyati qisman to‘xtashiga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi sabab mavjud neft zaxiralarini ham xaridorlarga yetkazib berish imkoni keskin cheklab qo‘yildi.

To‘liq suhbatni YouTubeʼdagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid