Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nyu-York milliarderlari yangi soliq tufayli mer Mamdaniga qarshi chiqdi
Mamdani qiymati 5 million dollardan yuqori bo‘lgan ikkinchi uy-joyga yangi soliq joriy etishni taklif qildi, bu badavlat aholiga yoqmadi.
Foto: Luiz C. Ribeiro / NY Post
Nyu-Yorkning eng boy aholisi mer Zuhron Mamdaniga qarshi chiqdi, deb xabar berdi Bloomberg.
Aprel oyida Nyu-York shtati gubernatori Keti Xokul va Mamdani qiymati 5 million dollardan yuqori bo‘lgan ikkinchi uy-joyga yangi soliq joriy etishni taklif qilgan edi. Tashabbus o‘ta boy elita ko‘chmas mulk egalariga qaratilgan. Chora-tadbirning maqsadi shahar budjetini to‘ldirish va tengsizlikka qarshi kurashishdir. Bu g‘oya shtatning eng boy odamlari va AQSh prezidenti Donald Trampning tanqidiga uchradi. U taklif etilayotgan soliq choralarini noto‘g‘ri deb atadi.
Shahar meri Zuhron Mamdani Nyu-Yorkda uy-joy ijarasi uchun birinchi soliqni e’lon qilgan press-relizda Midtaundagi 238 million dollarlik pentxausni Citadel LLC asoschisi Ken Griffin sotib olgani aytiladi. Ushbu press-reliz Uoll-stritdagi kompaniyalar rahbarlari va shaharning eng boy aholisini unga qarshi birlashtirdi. Hatto demokratlarga xayrixoh milliarderlar ham uning siyosatiga shubha bilan qaramoqda. Tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, ularni soliqning o‘zi emas, balki Mamdani tomonidan ulardan biriga shaxsan hujum g‘azablantirgan.
Griffinning Citadel kompaniyasi, o‘z navbatida, Park-avenyudagi osmono‘par binoni rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihadan voz kechish imkoniyati masalasini ko‘tardi. Kompaniya tomonidan taklif etilayotgan 62 qavatli bino Nyu-Yorkka 4,5 milliard dollar olib kelishi, qurilish sohasida 6200 ta ish o‘rni va 15 mingdan ortiq doimiy ish o‘rni yaratishi kutilmoqda.
Mayamida yashovchi 57 yoshli Griffin Sloun-Kettering memorial saraton markazi va Amerika tabiiy tarix muzeyi kabi shaharning turli muassasalariga yuz millionlab dollar xayriya qilgan, deb yozdi Bloomberg.
So‘rovlarga ko‘ra, Mamdani hali ham shahar aholisi orasida mashhur. Merlik faoliyatining dastlabki 100 kunida respondentlarning 48 foizi uning faoliyatini ma’qullagan bo‘lsa, 30 foizi ma’qullamagan.
Bloomberg nashrining ta’kidlashicha, hozirgacha muzokaralar olib borilayotgan yangi soliq milliard dollarlik taqchillikka duch kelayotgan shahar budjetini 500 million dollarga to‘ldirishga qaratilgan. Mamdani, shuningdek, bepul avtobuslar va bolalarni maktabgacha ta’lim bilan ta’minlash kabi ijtimoiy dasturlarni kengaytirishni moliyalashtirish uchun eng boy odamlar va yirik korporatsiyalar uchun soliqlar joriy etish tarafdori.
Mamdani o‘tgan yil noyabr oyida Nyu-York meri bo‘ldi. U bu lavozimdagi birinchi musulmon va kelib chiqishi janubiy osiyolik siyosatchi hisoblanadi. Siyosatchi o‘zini demokratik sotsialist sifatida ko‘rsatadi.