Jahon | 15:21
1120
9 daqiqa o‘qiladi

AQShning Ho‘rmuzdagi operatsiyasi, JSST ogohlantirgan hantavirus va Marokashda yo‘qolgan askarlar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh–Eron urushi

AQSh Fors ko‘rfazida qolib ketgan kemalarni chiqarib yuborishga yordam bermoqchi. Prezident Donald Tramp dushanbadan boshlab Ho‘rmuzda «qamalib qolgan» va zaxiralari kamayayotgan kemalar va ularning ekipajlariga yordam ko‘rsatish boshlanishini aytdi.

«Biz ushbu mamlakatlarga ularning kemalarini cheklangan suv yo‘llaridan xavfsiz olib chiqishimizni aytdik. Shunda ular o‘z ishlarini erkin va bemalol davom ettirishlari mumkin bo‘ladi», deb yozdi Tramp.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi ushbu sa’y-harakatlarni 15 000 nafar harbiy xizmatchi, 100 dan ortiq samolyotlar, shuningdek, harbiy kemalar va dronlar bilan qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Operatsiyaning maqsadi bo‘g‘oz orqali «tijorat yuk tashuvchi kemalar uchun navigatsiya erkinligini tiklashdir», deyiladi CENTCOM bayonotida.

Xalqaro dengiz tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro davomida yuzlab kema va 20 mingga yaqin dengizchi bo‘g‘ozdan o‘tolmay qolgan.

Trampning izohlaridan ko‘p o‘tmay, Buyuk Britaniya dengiz savdosi operatsiyalari agentligi bo‘g‘ozda bir tanker noma’lum snaryadlar bilan urilganini ma’lum qildi. Fujayra shahridan shimolda sodir bo‘lgan ushbu hodisada barcha ekipaj a’zolari xavfsiz ekani aytilmoqda.

Eron AQSh va Isroil hujum boshlaganidan keyin Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ygan. O‘tgan oyda AQSh ham Eron portlaridan chiquvchi kemalarga o‘z blokadasini joriy qilgandi.

Trampning tahdidlari bilan birga AQSh–Eron muzokaralari ham davom etmoqda.

Avvalroq Tehron 14 banddan iborat taklifini AQShga yuborgani ma’lum bo‘lgandi. Unda AQSh kuchlarini yaqin atrofdagi hududlardan olib chiqish, blokadani bekor qilish, muzlatilgan aktivlarni qaytarish, tovon to‘lash, sanksiyalarni bekor qilish va Livanda ham urushni to‘xtatish nazarda tutiladi.

Tramp esa Eron tinchlik taklifining aniq matnini hali ko‘rib chiqmaganini, lekin uni rad etishi ehtimoli yuqori ekanini aytgandi. Eron OAVlari Vashington o‘z javobini Pokiston orqali yetkazganini va hozirda Tehron uni ko‘rib chiqayotganini xabar qilgan.

Hantavirus tarqalmoqda: 3 kishi halok bo‘ldi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yakshanba kuni Atlantika okeanidagi kruiz kemasida hantavirus infeksiyasi oqibatida 3 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

«Bugungi kunga qadar hantavirus infeksiyasining bir holati laboratoriya tahlillari orqali tasdiqlandi, yana beshta gumon qilingan holat mavjud. Kasallangan olti kishining uch nafari vafot etdi, bir nafari esa hozirda Janubiy Afrikadagi shifoxonada reanimatsiyada qolmoqda», deyiladi JSST bayonotida.

Kema bortida 150 ga yaqin sayyoh bo‘lgan, ular taxminan uch hafta oldin Argentinadan yo‘lga chiqqan.

JSST kemadagi inqiroz sababini aniqlash uchun tekshiruv olib bormoqda. Niderlandiya ikki nafar fuqarosi o‘sha kemada vafot etganini tasdiqladi, biroq boshqa tafsilotlarni keltirmadi.

Janubiy Afrika rasmiylari kasallangan yo‘lovchilar bilan aloqada bo‘lganlarni qidirish ishlarini boshlagan.

Hantavirus butun dunyo bo‘ylab uchraydi. U odatda kalamush va sichqon kabi zararlangan kemiruvchilar peshobidan yuqadi. Kamdan kam hollarda odamdan odamga yuqishi mumkinligi aytiladi.

Hantavirus o‘pka sindromi deb ataladigan og‘ir va ba’zan o‘limga olib keladigan o‘pka infeksiyasini keltirib chiqarishi mumkin. Ushbu infeksiyaga qarshi maxsus davolash usuli yoki dori mavjud emas, biroq tibbiy yordamga erta murojaat qilish omon qolish imkoniyatini oshiradi.

Rossiya–Ukraina urushi

Ukrainada so‘nggi bir kun ichida Rossiya dron va raketa zarbalari oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi va kamida 76 kishi jarohatlangan.

Ukraina harbiy-havo kuchlarining ma’lum qilishicha, tunda Rossiya tomonidan 269 ta dron uchirilgan. Ularning 249 tasi urib tushirilgan yoki to‘xtatib qolingan. Ammo 19 ta dron to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba bergan va bitta ballistik raketa «nishon»ga kelib urilgan.

Oqibatda Xerson viloyatidagi alohida hodisalarda uch kishi, Odessa, Donetsk va Zaporijjya viloyatlarining har birida ikki kishidan, Sumi viloyatida esa bir kishi halok bo‘lgan.

Rossiya harbiylari esa Ukraina kamida 334 ta dron uchirganini, asosan Leningrad viloyati nishonga olinganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ikki portga qilingan alohida hujumlarda Rossiyaning uchta neft tankeri, qanotli raketalar tashuvchi harbiy kema va patrul qayig‘i urilganini aytdi.

Kemalar ko‘rgan zarar haqida hozircha tafsilotlar yo‘q, tankerlar Rossiyaning «soya floti» tarkibiga kirgan.

Bundan tashqari, dushanbaga o‘tar kechasi Moskva meri Sergey Sobyanin poytaxtga Ukraina droni yetib kelganini ma’lum qildi. «Jabrlanganlar yo‘q” ekanini yozgan mer tafsilotlarni keltirmadi.

Mahalliy pabliklar Mosfilmovskaya ko‘chasidagi elita turar joy majmuasi dron zarbasidan shikastlangani kadrlarini e’lon qildi.

So‘nggi haftalarda Ukraina Rossiya neft infratuzilmasiga qator zarbalar berib, Moskvaning milliardlab dollarlik eksportiga zarar yetkazdi.

Rossiya rasmiylari bunday hujumlarning oqibatlarini asosan kamaytirib ko‘rsatmoqda. Biroq Kremlda Ukraina dronlari o‘z hududi ichkarisiga chuqur kirib borayotganidan xavotir oshgan. Putin, hattoki Ukraina hujumlari ortidan 9 maydagi harbiy paradni qisqartirishini e’lon qildi.

La-Mansh bo‘g‘ozida fojia

Yakshanba kuni Britaniya va Fransiya o‘rtasidagi La-Mansh bo‘g‘ozini qayiqda kesib o‘tish chog‘ida 2 ayol halok bo‘ldi. Bortida 82 kishi bo‘lgan qayiq yakshanba kuni ertalab Fransiya shimolidagi sohilda sayozlikka o‘tirib qolgan.

Rasmiylarga ko‘ra, taxminan 20 yoshlardagi va sudanlik deb taxmin qilinayotgan ikki ayolning jasadi qayiq ichidan topilgan. Shuningdek, yana uch kishi og‘ir, 14 kishi esa o‘rtacha darajadagi tan jarohati olgan. Fransiya tomoni tergov ishlarini boshladi.

Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligi vakili ushbu o‘lim holatlaridan «chuqur qayg‘uda» ekanini bildirdi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yetti kun ichida oltita kichik qayiqda jami 597 nafar migrant Britaniyaga yetib kelgan. So‘nggi uch yil ichida bo‘g‘ozni kesib o‘tish holatlari ortgan: 2025 yilda 41 mingdan ortiq migrant kichik qayiqlarda tumanli albionga kelgan.

Aprel oyida Buyuk Britaniya va Fransiya noqonuniy migrantlarning bo‘g‘ozni kesib o‘tishini to‘xtatish uchun sohillarga maxsus bo‘linmalarni yuborishga kelishgandi. Britaniya, shuningdek, o‘n minglab noqonuniy migrantlarni chiqarib yuborish orqali vaziyatni nazoratga olishga intilmoqda.

Afrikada amerikalik askarlar yo‘qoldi

Marokash janubidagi Tan-Tan shahri yaqinida «Afrika sheri» qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarida qatnashayotgan AQShning ikki nafar harbiy xizmatchisi bedarak yo‘qoldi.

AQShning Afrika qo‘mondonligi Marokash qurolli kuchlari va boshqa hamkorlar bilan poligon yaqinida g‘oyib bo‘lgan harbiylarni qidirishni boshladi. Buning uchun quruqlik, havo va dengiz texnikalari jalb qilingan. Marokash armiyasining bildirishicha, harbiy xizmatchilar qoyali hudud yaqinida yo‘qolgan.

«Dastlabki ma’lumotlar – ikki askarning okeanga tushib ketgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda», degan AQSh mudofaa rasmiysi Reuters nashriga. Hodisaning terrorizmga aloqasi yo‘qligi aytilmoqda.

«African Lion» — AQSh armiyasining Afrika qo‘mondonligi har yili o‘tkazadigan eng yirik qo‘shma mashg‘ulot. Bu yilgi mashg‘ulotlar 27 apreldan 8 mayga qadar to‘rtta davlat: Gana, Marokash, Senegal va Tunisda bo‘lib o‘tmoqda. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid