Trampning amerikaliklarga murojaati

Payshanba kuni kechki payt amerikaliklarga murojaat qilgan prezident Donald Tramp Xitoy AQShdagi saylovlarga aralashganini da’vo qildi.

Eng ko‘p tomoshabinbop vaqtda efirga uzatilgan nutq – Tramp va respublikachilar uchun qiyin siyosiy pallaga to‘g‘ri keldi. Chunki uning reytingiga Erondagi urush va energiya narxlarining yuqoriligi salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Tramp nutqining boshida urush haqida qisqacha to‘xtalib, AQSh «katta g‘alabaga erishayotganini» aytdi.

Tramp Xitoy noqonuniy ravishda AQShning 220 million saylovchisi ma’lumotlarini qo‘lga kiritganini ko‘rsatuvchi maxfiy hujjatlarni ochiqlayotganini ma’lum qildi. U AQSh razvedkasi Xitoy faoliyati ko‘lamiga doir ma’lumotlarni qasddan yashirganini da’vo qildi.

Aslida AQSh razvedkasining 2021 yilda maxfiylikdan chiqarilgan hisobotida hech bir xorijiy kuch prezidentlik saylovlarining «texnik jihati» yoki natijalarni o‘zgartirishga uringaniga oid alomat topilmagandi. Boz ustiga ushbu xulosalar o‘sha paytda Trampning Milliy razvedka direktori bo‘lgan, hozirda esa MRB direktori Jon Ratkliff rahbarligida tayyorlangandi.

Manbalarga ko‘ra, Trampning Xitoyga oid ma’lumotlarni oshkor qilishi jamoatchilikni chalg‘itish bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, Xitoyga nisbatan keskin ohangi – yaqinda barqarorlashgan munosabatlarga putur yetkazish xavfini tug‘dirmoqda. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ushbu nutq yuzasidan izoh bermadi, Pekinning Vashingtondagi elchixonasi «Xitoy hech qachon AQSh prezidentlik saylovlariga aralashmagan va bundan keyin ham aralashmaydi», dedi.

Aslida Tramp yillar davomida o‘zi Baydenga yutqazgan saylov natijalariga shubha bilan qarab keladi. U o‘sha saylovlar soxtalashtirilgani, pochta orqali ovoz berish firibgarlikka to‘laligi, ovoz berish mashinalari ishonchsizligi kabi ko‘plab asossiz da’volarni ham ilgari surgan. Ammo sudlar va ovozlarni qayta sanab chiqish jarayonlari o‘shanda firibgarlik sodir bo‘lganiga oid hech qanday dalil topmagan.

Oq uyning jurnalistlarga bosim o‘tkazganiga javoban bu safar Amerikaning uchta yirik teleradio tarmog‘idan ikkitasi va CNN telekanali Trampning nutqini o‘z platformalarida translatsiya qilmadi.

Myanma qirg‘oqlarida qayiqlar ag‘darilib ketdi

Xalqaro migratsiya tashkiloti va BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi ma’lumotlariga ko‘ra, 250 kishini olib ketayotgan birinchi qayiq dengizga chiqqanidan ko‘p o‘tmay aloqa uzilgan. 280 kishi bo‘lgan yana bir qayiq esa 8 iyul kuni Myanma qirg‘oqlari yaqinida ag‘darilib ketgan deb taxmin qilinmoqda.