Jahon | 17:10 / 21.05.2026
1542
3 daqiqa o‘qiladi

AQShning Erondagi urushi Yevrozonada iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirmoqda

Yevropa Komissiyasi Yevrohudud iqtisodiyoti bo‘yicha prognozlarini keskin pasaytirdi. Bryusselga ko‘ra, Eron atrofidagi urush va energiya narxlarining oshishi Yevrozonada iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiradi. Yil oxiriga borib inflatsiya 3 foizga yetishi mumkin.

Foto: Nicolas Guyonnet / Hans Lucas / AFP / Getty Images

Komissiya 21 davlatdan iborat Yevrohudud iqtisodiyoti (yevro valutasidan foydalanadigan davlatlar) 2026 yilda atigi 0,9 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda. Bu avvalgi 1,2 foizlik prognozdan ham, 2025 yilgi 1,4 foizlik ko‘rsatkichdan ham past. 2027 yil uchun o‘sish prognozi esa 1,4 foizdan 1,2 foizga tushirildi, deya yozadi Financial Times.

Inflatsiya esa oshishi kutilmoqda. Bryussel hisob-kitoblariga ko‘ra, Yevrozonada narxlar o‘sishi bu yil 3 foizga yetadi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 2,1 foiz bo‘lgan edi. Yangi prognoz Yevropa Markaziy bankining 2 foizlik targetidan ancha yuqori.

Yevropa Komissiyasi energiya bozoridagi vaziyatni asosiy xavf sifatida ko‘rsatmoqda. AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi fonida neft va gaz narxlari qimmatlashdi, global ta’minot zanjirlarida uzilishlar yuzaga keldi. Bu esa Yevropa sanoati va aholisi xarajatlarini oshirib yubormoqda.

Yevropa Ittifoqining iqtisodiyot bo‘yicha komissari Valdis Dombrovskis mojaro Yevropa uchun navbatdagi katta energetik zarba bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bryussel yanada yomonroq ssenariyni ham hisoblab chiqqan. Agar Yaqin Sharqdagi mojaro davom etsa va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashish tiklanmasa, iqtisodiy o‘sish prognozi deyarli ikki baravar qisqarishi mumkin. Bunday holatda inflatsiya ham yanada tezlashadi.

Yangi prognozlarga ko‘ra, Yevropaning yirik iqtisodiyotlari ham sekinlashmoqda:

  • Germaniya iqtisodiyoti bu yil 0,6 foizga o‘sishi kutilmoqda (avvalgi prognoz 1,2 foiz edi);

  • Italiya prognozi 0,8 foizdan 0,5 foizga tushirildi;

  • Fransiya uchun prognoz 0,9 foizdan 0,8 foizga kamaytirildi.

Irlandiya esa bu yil iqtisodiy qisqarish kuzatilishi kutilayotgan Yevroittifoqning yagona a’zosi bo‘lishi mumkin. Prognozga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti 1,2 foizga qisqaradi.

Yevropa Komissiyasi Eron atrofidagi urushni so‘nggi olti yil ichidagi uchinchi yirik iqtisodiy zarba deb atadi. Bungacha koronavirus pandemiyasi va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Yevropa iqtisodiyotiga jiddiy bosim qilgan edi.

Shuningdek, davlat qarzlari ham oshishda davom etmoqda. Yevrozonada davlat qarzining YaIMga nisbati bu yil 90,2 foizga yetishi kutilmoqda. 2027 yilga borib esa bu ko‘rsatkich 91,2 foizga chiqadi.

Bryussel prognoziga ko‘ra, 2027 yilga kelib Italiya Yevrozonaning eng qarzdor davlatiga aylanishi mumkin. Mamlakat davlat qarzi YaIMning 139,2 foiziga yetadi. Hozir bu borada birinchi o‘rinda bo‘lgan Gretsiyada esa ko‘rsatkich 134,4 foizgacha kamayishi kutilmoqda.

Ayni paytda Fransiyadan kelayotgan yangi iqtisodiy ma’lumotlar ham vaziyat yomonlashayotganini ko‘rsatmoqda. May oyida mamlakatdagi biznes faolligi indeksi 66 oylik minimumga tushdi. S&P Global iqtisodchisi Jye Hayes bu ko‘rsatkichlar Fransiyada retsessiya xavfi sezilarli ravishda oshayotganidan darak berishini aytgan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid