O‘zbekiston | 18:37
1309
5 daqiqa o‘qiladi

Maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq va gullar festivalidagi rekord - mahalliy dayjest

25 may kuni «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari o‘tkazildi, Shavkat Mirziyoyev bitiruvchi yoshlarga tabrik yo‘lladi. Namangandagi gullar festivali Ginness rekordlar kitobiga kiritildi. Kripto-mayning faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishni kuchaytirishga qaratilgan nizom loyihasi ishlab chiqildi. Buxoro viloyatidagi tumanlardan birida sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari tezkor tadbirda ushlandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq yangradi, prezident bitiruvchilarni tabrikladi

25 may kuni maktablarda an’anaviy tarzda «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bitiruvchi yoshlarga tabrik yo‘lladi.

Davlat rahbari murojaatida qayd etilishicha, bu yil mamlakat bo‘ylab 472 ming nafar o‘g‘il-qiz maktabni bitirib, mustaqil hayotga qadam qo‘ymoqda. Shu munosabat bilan barcha bitiruvchilar, ustozlar va ota-onalar samimiy qutlandi.

Prezidentning ta’kidlashicha, bu yil birinchi marta 11 ming nafardan ziyod o‘quvchi maktabni oltin va kumush medallar bilan tamomlamoqda. Bu esa mamlakatda ta’lim sifati va yoshlarning ilmga intilishi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Murojaatda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mamlakatdagi 207 ta oliygoh va 643 ta texnikum yoshlarga zamonaviy bilim va kasb berishga tayyor ekani ta’kidlandi. Shuningdek, 171 nafar yosh dunyoning yetakchi universitetlariga qabul qilingani aytildi.

Namangandagi gullar festivali Ginness rekordlar kitobiga kiritildi

Namangandagi gullar festivali Ginness rekordlar kitobiga kiritildi.

O‘tgan yili festivalga tayyorgarlik jarayonida viloyat bo‘yicha jami 100 million tup gul ko‘chati ekilgan edi. 2026 yilda esa ushbu miqdor 150 million tupga yetkazildi. Natijada Namangan «Jamoa bo‘lib bir oy davomida eng ko‘p ekilgan gullar» yo‘nalishida Ginness rekordini o‘rnatdi.

Festivalning tantanali ochilish marosimida bu haqdagi maxsus sertifikatni Ginness rekordlar kitobi vakili Sheyda Subasi Namangan viloyati hokimiga tantanali ravishda topshirdi.

Kripto-mayning faoliyati nazorati kuchaytiriladi

O‘zbekistonda kripto-mayning faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishni kuchaytirishga qaratilgan Besqala Mining Valley maxsus mayning zonasi to‘g‘risidagi nizom loyihasi ishlab chiqildi.

Hujjatga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston hududida maxsus mayning zonasi tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda kripto-mayning bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar maxsus tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Loyihada mayning faoliyati uchun qator qat’iy talablar belgilangan. Jumladan, faqat Qoraqalpog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar maxsus zona rezidenti bo‘lishi mumkin. Mayning faqat ro‘yxatdan o‘tish vaqtida ko‘rsatilgan manzilda amalga oshirilishi shart. Shuningdek, yashirin mayning, anonim kripto-aktivlar mayningi hamda avval muomalada bo‘lgan kripto-aktivlarni aylanmaga kiritish taqiqlanmoqda.

Buxoroda sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsion sxema fosh etildi

Buxoro viloyatidagi tumanlardan birida sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari davlat xaridlari va rag‘batlantirish mablag‘lari bilan bog‘liq korrupsion holatlarda gumon qilinib, tezkor tadbir davomida ushlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi hamda dori-darmon va tibbiy buyumlar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxona o‘rtasida 1 mlrd 2 mln so‘mlik shartnoma tuzilib, tibbiy buyumlar xarid qilingan. Mudir kelgusidagi xaridlarni ham aynan ushbu korxona orqali amalga oshirish evaziga mahsulotlar umumiy qiymatining 15 foizi — 150 mln so‘m miqdorida «ulush» talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs so‘ralgan mablag‘ning bir qismi — 11 800 AQSh dollarini turmush o‘rtog‘i orqali olgan vaqtida ushlandi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid