Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston - turizm yetakchilaridan biri va odamlarni qopgan chiyabo‘ri - mahalliy dayjest
O‘zbekiston sayyohlar oqimi o‘sishi bo‘yicha dunyo yetakchilari qatoriga kirdi. «Svetofor - yo‘lchiroq, parol - o‘ron» — deputatlar yangi qonunni ma’qulladi. Sirdaryoda chiyabo‘ri odamlarga hujum qildi. Surxondaryoda «Alfa» nomli jinoiy guruh a’zolari jazolandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
O‘zbekiston sayyohlar oqimi o‘sishi bo‘yicha dunyo yetakchilari qatoriga kirdi
BMT Turizm tashkiloti (UN Tourism) hisobotiga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida O‘zbekistonga kelgan xalqaro sayyohlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 37 foizga oshdi. Bu ko‘rsatkich mamlakatni turizm sohasida eng jadal o‘sish qayd etgan davlatlar qatoriga olib chiqdi.
Hisobotga ko‘ra, mazkur davrda eng yuqori o‘sish Paragvayda 46 foiz, Yangi Kaledoniyada 45 foiz va Salvadorda 43 foiz bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarda Mo‘g‘uliston (39 foiz), O‘zbekiston (37 foiz), Palau (37 foiz), Tonga (25 foiz), Angilya (25 foiz), Irlandiya (24 foiz) va Bruney (23 foiz) qayd etilgan.
Mutaxassislar fikricha, O‘zbekistonning boy madaniy merosi, tarixiy shaharlari va turizm infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar mamlakatning xalqaro sayyohlar uchun jozibadorligini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
«Svetofor - yo‘lchiroq, parol - o‘ron» — deputatlar yangi qonunni ma’qulladi
Qonunchilik palatasi majlisida ayrim tushuncha va yuridik atamalarni yagona shaklda qo‘llash bo‘yicha qonun loyihasi qabul qilindi.
Xususan, «avans» so‘zini «bo‘nak», «markirovka»ni «tamg‘alash», «marshrut»ni «yo‘nalish», «svetofor»ni «yo‘lchiroq», «kovorking»ni «ish markazi», «parol»ni «o‘ron», «progressiv» so‘zini esa «ilg‘or» deb o‘zgartirish nazarda tutilmoqda.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi qonun hujjatlaridagi tushuncha va yuridik atamalarning qo‘llanishidagi noaniqliklarni bartaraf etishga, ularni birxillashtirishga xizmat qiladi.
Sirdaryoda chiyabo‘ri odamlarga hujum qildi
Guliston tumanida chiyabo‘ri odamlarga hujum qildi. Hodisa 9 iyun kuni Ishonch mahallasida, dala chetiga yaqin hududda sodir bo‘lgan. Chiyabo‘ri 4 kishiga hujum qilgan. Shu mahallada yashovchi erkak tezkor choralar ko‘rib, hayvonni «zararsizlantirgan».
«Jarohat olgan fuqarolarga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatildi. Hozir ularning salomatligi tibbiyot xodimlari nazoratida bo‘lib, ahvoli qoniqarli», deyiladi hokimlik xabarida.
Surxondaryoda «Alfa» nomli jinoiy guruh a’zolari jazolandi
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida bezorilik va tovlamachilik bilan shug‘ullanib kelgan «Alfa» nomli jinoiy guruh a’zolariga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
Guruh 2026 yil yanvarida qo‘lga olingan. Denov tumanida yashovchi 28 yoshli fuqaro yana to‘rt nafar sherigi bilan birlashib, oson daromad topish maqsadida bir nechta bezorilik va tovlamachilik jinoyatlarini sodir etgan.
Xususan, ko‘chada bir fuqaroni ushlab, avtomashinasiga majburlab o‘tqazib, undan 2500 dollar berishni talab qilgan. Ular jabrlanuvchining Labo avtomobili kaliti va hujjatlarini olib qo‘ygan. Ikki nafar sudlanuvchi 3 yilga, bir nafari 5 yil, yana ikki nafari esa 5 yil-u bir oyga ozodlikdan mahrum qilindi.
Mavzuga oid
21:12 / 09.06.2026
Sudlarda korrupsiyaga qarshi yangi choralar va harbiy sohada yangi qo‘mondonlik - mahalliy dayjest
19:45 / 08.06.2026
Davlatga qaytgan neft zavodi va Toshkent viloyatida to‘plangan hokimlar - mahalliy dayjest
20:15 / 05.06.2026
Birinchi AES qurilishiga start va abituriyentlar qabulining boshlanishi - mahalliy dayjest
19:20 / 04.06.2026