O‘zbekiston | 19:20
1019
4 daqiqa o‘qiladi

Mobiuz aloqa operatorining sotilishi va maktablardagi katta ekranlarda futbol - mahalliy dayjest

Mobiuz aloqa operatori amerikalik moliyaviy investorlarga 351 mln dollarga sotildi. 220 ta maktabda O‘zbekiston milliy jamoasi o‘yinlari katta ekranda namoyish etiladi. 1 sentabrdan yo‘lkirani avtobusga chiqish paytida to‘lash majburiy bo‘ladi. Dubayga arzon aviachipta taklif qilib, odamlarning pullarini o‘zlashtirgan firibgar ushlandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Mobiuz aloqa operatori 351 mln dollarga sotildi

McKim and Company (AQSh) kompaniyasi boshchiligidagi moliyaviy investorlar va sohaviy texnologik hamkor JVR Enterprises LLC ishtirokidagi konsorsium O‘zbekistondagi Mobiuz aloqa operatorining 100 foiz ulushini 351 mln dollarga sotib oldi. Ular telekommunikatsiya infratuzilmasiga 500 mln dollargacha investitsiya kiritishi ham ko‘zda tutilgan.

Bitimni yakunlash uchun tegishli tartibga soluvchi organlarning zarur ruxsatnomalarini olish, shuningdek belgilangan korporativ va huquqiy tartib-taomillarni bajarish talab etiladi.

Xususiylashtirish jarayonida Rothschild & Co xalqaro investitsiya banki strategik konsultant, katta to‘rtlikka kiruvchi KPMG moliyaviy konsultant hamda Deloitte mustaqil baholovchi sifatida ishtirok etdi.

220 ta maktabda O‘zbekiston milliy jamoasi o‘yinlari katta ekranda namoyish etiladi

Jahon chempionatida ishtirok etadigan O‘zbekiston milliy jamoasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida umumta’lim maktablarida «Muxlislar maydoni» loyihasi tashkil etiladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabariga ko‘ra, buning uchun 220 ta tuman va shaharda umumta’lim maktabi tanlab olingan.

«Futbol tomoshalari uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan mazkur maktablarda barcha o‘quvchilar, ota-onalar va boshqa yurtdoshlar katta ekran orqali jahon chempionati o‘yinlarini jonli efirda tomosha qilishi mumkin», deyiladi xabarda.

Yo‘lkirani avtobusga chiqish paytida to‘lash majburiy bo‘ladi

1 sentabrdan boshlab yo‘lkirani shahar avtobusiga chiqish paytida to‘lash majburiy bo‘ladi, deb xabar berdi Transport vazirligi. Ayni paytda yo‘lkirani avtobusdan tushayotganda ham to‘lash mumkin.

Yangi qoidaga ko‘ra, yo‘lkira haqi validatorlar bilan jihozlangan avtobusga chiqish vaqtida, quyidagi usullar orqali to‘lanishi kerak:

- transport kartasini validatorga tekkizgan holda;

- bank kartasi, smartfon va boshqa kontaksiz elektron to‘lov turlaridan foydalanish (NFC, QR, Biometric, BLE, UWB va boshqa texnologiyalar yordamida to‘lash);

- ijtimoiy/transport kartasini validatorga tekkizgan holda imtiyozli yoki bepul yurish huquqini tasdiqlash.

Yo‘lkira ushbu usullar orqali avtobusga chiqish vaqtida to‘lanmagan (tasdiqlanmagan) taqdirda, yo‘lovchi avtobusda chiptasiz yurgan deb hisoblanadi.

Dubayga arzon aviachipta taklif qilib, odamlarning pullarini o‘zlashtirgan firibgar ushlandi

Firibgarlik va soxta hujjatlar tayyorlash bilan bog‘liq jinoyatlar uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs Xorazmda qo‘lga olindi.

Viloyat IIB xabariga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan ushbu shaxs ijtimoiy tarmoqlarda odamlarga Dubay aviachiptalarini arzon narxda olib berishni va’da qilgan va ularning pullarini o‘zlashtirgan.

Ta’kidlanishicha, u Urganch shahridagi mehmonxonalardan birida yashirinib yurgan va o‘zini ichki ishlar organlarining tezkor xodimi, katta leytenant sifatida tanishtirgan. Qo‘lga olish vaqtida uning yonidan katta leytenantning xizmat kiyimi, soxta xizmat guvohnomasi, Ichki ishlar vazirligi yozuvli muhrlar, Birlashgan Arab Amirliklari logotipi tushirilgan muhr, Saudiya Arabistoni fuqarosi sifatida tanishtirish uchun tayyorlangan soxta hujjatlar, turli SIM-kartalar topilgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid