Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Birinchi AES qurilishiga start va abituriyentlar qabulining boshlanishi - mahalliy dayjest
Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini qurish jarayoniga rasman start berdi. 2026-2027 o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul jarayoni boshlandi. 1 sentabrdan qurilish sohasidagi bir qator davlat xizmatlari birlashtirilib, yagona davlat xizmati — arxitektura va shaharsozlik talabini berish tizimi joriy etiladi. O‘zbekistonning to‘rtta viloyatida Janubiy Koreyaga ishga yuborish evaziga fuqarolarning pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxslar ushlandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Birinchi AES energiya bloki qurilishiga start berildi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini qurish jarayoniga rasman start berdi.
Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan marosimda teleko‘prik orqali Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi ham ishtirok etdi.
Birinchi AES Jizzax viloyatida qurilmoqda. Qayd etilishicha, atom elektr stansiyasi qurilishi O‘zbekistonning texnologik, sanoat va ilmiy taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab beradi. Loyiha mamlakatda atom energetikasi sohasini shakllantirish va rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi. Loyiha kichik modulli atom generatsiyasi hamda yirik hajmli energetika sohasidagi zamonaviy texnologiyalarni o‘zida mujassam etgani ta’kidlandi.
Abituriyentlar qabuli boshlandi
2026-2027 o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul jarayoni boshlandi. Abituriyentlar 25 iyunga qadar test sinovlarida ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — «avval test, so‘ng tanlov» tamoyili asosida amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda abituriyentlar 5 iyundan 25 iyungacha Bilimni baholash agentligining rasmiy sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadi. Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududi tanlanadi.
Test natijalari imtihon topshirilgan kunning ertasiga e’lon qilinadi. Talabalikka tavsiya etilganlar ro‘yxati esa qabul jarayonining ikkinchi bosqichi tugallanganidan keyin bir hafta ichida ma’lum qilinadi.
Qurilishga ruxsat olish jarayoni soddalashtiriladi
1 sentabrdan boshlab respublika bo‘ylab qurilish sohasidagi bir qator davlat xizmatlari birlashtirilib, yagona davlat xizmati — arxitektura va shaharsozlik talabini berish tizimi joriy etiladi. Bu haqda prezidentning farmoni imzolandi.
Shuningdek, 2026 yil 1 iyuldan obektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash jarayoni «1 ta ariza – 1 to‘lov – barcha ulanish nuqtalari» tamoyili asosida amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, davlat xizmatlari jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun tadbirkorlarga qo‘shimcha besh ish kuni beriladi.
Janubiy Koreyaga ishga yuborish evaziga odamlardan minglab dollar olgan shaxslar ushlandi
O‘zbekistonning to‘rtta viloyatida fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga va o‘qishga yuborishni va’da qilib, ularning pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxslar aniqlandi.
Xususan, Andijon viloyatida «N.K.» nodavlat ta’lim muassasasi rahbari S.E. 15 nafar fuqaroning 50 ming dollardan ortiq mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Buxoro viloyatida N.J. Migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni Janubiy Koreyaga yuborishini aytib, 7 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan. Namangan viloyatida «G.V.» MChJ rahbari 11 ming dollarni, Surxondaryo viloyatida F.R. 5 ming dollar va 61 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mavzuga oid
19:20 / 04.06.2026
Mobiuz aloqa operatorining sotilishi va maktablardagi katta ekranlarda futbol - mahalliy dayjest
19:57 / 03.06.2026
Sho‘rtan GKM bo‘yicha yirik korrupsiya va fojiali tungi poyga - mahalliy dayjest
20:45 / 02.06.2026
Andijonda o‘marilgan soliq keshbeki va jangga shay 26 «oq bo‘ri» – mahalliy dayjest
22:00 / 26.05.2026