O‘zbekiston | 20:00
4970
5 daqiqa o‘qiladi

To‘rt bolaning “boshini yegan” elektromopedmi yoki?.. - Paxtachidagi fojia tafsilotlari

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida sodir bo‘lgan fojia to‘rt nafar bolaning umriga zomin bo‘ldi. Yuk tashish uchun mo‘ljallangan elektromopedda sayrga chiqqan oila a’zolari va bolalar Narpay kanaliga tushib ketgan. Sakkiz kishidan to‘rt nafari qutqarib qolingan bo‘lsa, yana to‘rt nafar voyaga yetmagan bola halok bo‘lgan.

Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, guvohlar va bolalarni qutqarishga harakat qilgan insonlar bilan suhbatlashdi.

 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 31 may kuni soat 20:25 da tumandagi Ukrash mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Narpay kanaliga elektromoped tushib ketgani haqida xabar kelib tushgan.

Surishtiruvlar davomida aniqlanishicha, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘z boshqaruvidagi elektromopedga turmush o‘rtog‘i hamda olti nafar voyaga yetmagan bolani mindirgan holda sayr qilayotgan bo‘lgan. Yo‘l davomida haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan va transport vositasi kanalga tushib ketgan.

Hodisa joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar kanalga tushib ketgan sakkiz kishidan to‘rt nafari mahalliy aholi tomonidan qutqarib qolinganini aniqlagan. Qolgan to‘rt nafar bola esa suvda olib borilgan qidiruv ishlari davomida topilgan.

«Bir qizchani sochidan ushlab chiqarib oldim»

Hodisani birinchi bo‘lib ko‘rgan Nosir Kenjayev fermer xo‘jaligida ishlayotgan paytida kanal tomondan yordam chaqiriqlarini eshitgan. U elektromoped suvga tushayotganini uzoqdan ko‘rib qolgan.

«Dambaga yaqinlashganimda bir qizcha suvda aylanayotgan ekan. Hushidan ketish arafasida edi. Sochidan ushlab, keyin qo‘lidan tortib chiqarib oldim», deydi Kenjayev.

Qutqarilgan qizcha esa suvda qolib ketgan ukasi va qarindoshlarini qutqarish uchun yana kanalga tushishga uringan.

«Ukamlar bor, meni qo‘yib yuboring», deb yig‘lardi. Uni odamlarga topshirib, yana boshqalarni qutqarishga harakat qildik», deydi suhbatdoshimiz.

Kanalga yaqin hududda istiqomat qiluvchi Nurmamat Safarov ham yana bir bolani qutqarib qolgan.

Mahalliy aholi va yoshlar hodisadan keyin bir necha soat davomida kanal bo‘ylab qidiruv ishlarida ishtirok etgan. Ayrimlar tun yarmigacha, ayrimlar esa ertalabga qadar suv bo‘yida qolgan.

Kanal yoqasida xavf saqlanib qolmoqda

Hodisa sodir bo‘lgan hududda kanal bilan avtomobil yo‘li deyarli yonma-yon joylashganiga guvoh bo‘ldik. Kanal qirg‘og‘i juda sirpanchiq. Eng muhimi, kanal bilan yo‘l o‘rtasida hech qanday himoya to‘sig‘i mavjud emas.

Bu esa nafaqat elektromoped, har qanday transport vositasi uchun ham xavf tug‘diradi. Ayniqsa, tungi vaqtda yoritish tizimi yetarli bo‘lmagan sharoitda bunday nuqtalar fojia xavfini yanada oshiradi.

Albatta, mazkur holatning asosiy sababi hali rasman e’lon qilinmagan. Tergov harakatlari davom etmoqda. Biroq voqea joyidagi sharoit xavfsizlik infratuzilmasi masalasini ham kun tartibiga chiqaradi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonga yuk tashish uchun mo‘ljallangan elektr mopedlar, motorollerlar va turli yengil mototransport vositalari ko‘plab kirib kelmoqda. Ayniqsa, qishloq joylarda ular aholi uchun arzon va qulay transport sifatida ommalashdi.

Bu texnikalar dehqonchilikda, xo‘jalik ishlarida va kichik yuk tashishda inson mehnatini yengillashtirmoqda. Muammo texnikaning o‘zida emas, undan qanday foydalanilayotganida.

Aynan Paxtachidagi fojia zamonaviy va qulay texnikadan to‘g‘ri foydalanilmasa, u yengillik emas, og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Hozirda holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Исомиддин Пулатов
Muallif Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid