Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Korrupsiyaga qarshi ichki nazoratchilarning xavfsizligi kafolatlandi
Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarida ishlovchi xodimlar uchun qonun darajasidagi himoya mexanizmlari belgilandi. Ularning avtomobili, xizmat xonasi va yashash joyiga kirish yoki tintuv o‘tkazish, shuningdek telefondagi so‘zlashuvlarini eshitish uchun Bosh prokurorning ruxsati bo‘lishi shart. Ularga nisbatan faqat Bosh prokuror jinoyat ishi qo‘zg‘ata oladi.
O‘zbekiston prezidenti 22 iyun kuni imzolagan qonun bilan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga yangi modda qo‘shildi.
Bu modda – davlat organlari va tashkilotlari komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlarining xavfsizlik kafolatlari haqida.
Belgilanishicha, davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlari davlat himoyasidadir.
Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlarining turar joyiga yoki xizmat xonasiga, foydalanadigan transportiga kirish, ularni ko‘zdan kechirish, ularda tintuv o‘tkazish yoki ulardan ashyoni olish, ularning telefondagi so‘zlashuvlarini eshitish, xodimlarni ko‘zdan kechirish va ularni shaxsiy tintuv qilish, shuningdek ularning xat-xabarlarini, ularga tegishli ashyolar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish, olib qo‘yish yoxud olish faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining yozma ruxsati bilan, belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimini, shu jumladan u bilan mehnat shartnomasi tugatilganidan yoki xizmatdan bo‘shatilganidan keyin ikki yil ichida sobiq xodimini guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida so‘roq qilishga, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga va ushlab turishga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori xabardor etilgan holda, belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi.
Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlariga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.
Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlari qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinadi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kun – 2026 yil 23 iyundan kuchga kirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil oxirida imzolangan prezident farmoni bilan, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatida davlat organlari va tashkilotlaridagi ichki nazorat bo‘linmalariga alohida urg‘u qaratilgan edi. Farmonga ko‘ra:
- bu bo‘linmalarning faoliyati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan uzviy hamkorlikda tashkil etiladi;
- bu bo‘linmalarning rahbarlari va xodimlari faoliyatiga samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) qo‘llanilmaydi, ularga KPI'ga bog‘langan ustamalar maksimal miqdorda to‘lanadi;
- ularni intizomiy javobgarlikka tortish uchun Agentlikning roziligi kerak bo‘ladi.
Agar Agentlik biror bir tashkilotda korrupsiya xavfi yuqori deb hisoblasa, o‘sha tashkilotdagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasini kengaytirib, qo‘shimcha xodimlar qo‘shishi mumkin. Qo‘shimcha xodimlarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish Agentlik direktorining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
19:03
O‘z ishlayotgan tashkilotdagi korrupsiya haqida xabar berganlar himoya qilinadi
18:32 / 23.06.2026
Katta poraxo‘rlar muddatining oxirigacha “o‘tiradi”
17:20 / 23.06.2026
Fermerlarni haqoratlagan Muzrabot hokimi hayfsan oldi
16:35 / 23.06.2026