20:08 / 11.11.2020
9971
«Rahbarlar mashinada yuraversa, oddiy odamlar piyoda yurayotgan yo‘laklar qay ahvoldaligini bilmaydi-da» - Aziz Abduhakimov

Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston shaharlari piyoda va velosipedda yurish uchun juda noqulay ekani haqida gapirdi. «Velosipedda yuraman desangiz, har o‘n metrda yo ariq uchraydi, yo yo‘l buzilgan bo‘ladi, yo zina chiqib qoladi», dedi u.

Bugun, 11 noyabr kuni Toshkentda viloyat hokimlarining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun tashkil etilgan o‘quv-seminarining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ham ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Aziz Abduhakimov o‘z so‘zida mazkur o‘quv jarayoni respublikada turizm va sportni rivojlantirishda hamkorlik qilish hamda o‘zaro tajriba almashishda foydali bo‘lishini aytib, yechimini kutayotgan ayrim kamchiliklarga ham to‘xtaldi. Xususan, ko‘chalardagi piyoda va veloyo‘laklar qoniqarsiz ahvolda ekaniga alohida urg‘u berdi.

«Yoshlarimiz, boshqa katta yoshli aholimiz ham jismoniy mashg‘ulot bilan shug‘ullangisi keladi. Lekin joy yo‘q.

Aziz Abduhakimov

Men o‘zimning misolimda aytadigan bo‘lsam, bir nechta viloyat rahbarlari bilan ko‘chalarda yurib ko‘rdik. Uzoq bir qishloqni aytmayapman, yirik shaharlarimizdagi holat ham yurib bo‘lmaydigan darajada. Na yugursa bo‘ladi, na velosipedda yursa. Belgilangan yo‘l belgilari yo‘q. Velosipedda yuraman desangiz, har o‘n metrda yo ariq uchraydi, yo yo‘l buzilgan bo‘ladi, yo zina chiqib qoladi va hokazo.

Samarqandni misol qilsak, viloyat hokimi shahar va tuman rahbarlari bir hafta ko‘chalarni piyoda aylansin, deb qaror chiqardi. Nimaga viloyat hokimi shunaqa qaror qildi? Negaki, kattakon rahbarlar mashinada yuraversa, oddiy odamlarimiz, fuqarolar piyoda yurayotgan yo‘laklar yoki veloyo‘laklar qanaqa holatda ekanini bilmaydi-da. Ular ko‘chalardan mashinani vang‘illatib hamma yoqni chang bostirib o‘tib ketadi. Nima degani bu? Umuman, bilmadim bu qanaqa holat bo‘ladi», – dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Avvalroq, Aziz Abduhakimov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent shahridagi veloyo‘lakchalarni ko‘zdan kechirgan edi.

Prezident farmoniga asosan, 2021 yil 1 mayga qadar O‘zbekiston shaharlari va har bir tuman markazida piyoda va velosipedda yurish uchun «Salomatlik yo‘laklari» quriladi.

Bu yo‘laklar umumiy uzunligi 3–5 km bo‘lib, o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘ladi. Ularga energotejamkor, harakat sensorlari bilan jihozlangan yoritish tizimlari o‘rnatiladi. Yo‘laklar boshlanishi, oralig‘i va yakunini ko‘rsatuvchi yo‘l belgilari va yorug‘lik qaytaruvchilar bilan to‘liq ta'minlanadi. Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulayliklar yaratish ham ko‘zda tutilgan.

Top