Yer sharining qurib borayotgan ko‘llari: Bu borada Orol yolg‘iz emas
Bugun dunyoning istalgan chekkasida iqlim o‘zgarishlarining keskin ta’sirini sezish mumkin. Ko‘llar quriyapti - havoga chang-to‘zon ko‘tarilyapti, muzlar tiklab bo‘lmas darajada erib ketyapti - shaharlarni suv bosyapti.

Foto: funart.pro
Iqlim o‘zgarishlari aslida o‘tgan asrning 50-yillarida sanoat inqiloblari ro‘y bergan paytda boshlangan. Daryolarning suvi sanoat rivojlangani sayin ko‘proq sarf etilgan. Aholi soni ko‘payib ichimlik suvi va oziq-ovqatga bo‘lgan talab oshib borgan. Bu talablar ortidan qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun yangidan yangi hududlar o‘zlashtirilgan va ularni sug‘orish uchun daryolar to‘silgan. Shu tariqa, eng katta bosim daryo va soylardan to‘yinadigan ko‘llarga tushgan va avvalo ularning suvi kamaya boshlagan.

Bugungi kunda dunyodagi ayrim ko‘llarning suvi ko‘payayotgan bo‘lsa, ularning ayrimlari iqlim o‘zgarishlari sababli qurib ketish xavfi ostida qolmoqda. Quyida so‘nggi yillarda batamom qurib ketish xavfi ostida bo‘lgan ko‘llar haqida so‘z yuritiladi.
Ko‘llar
Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Yer yuzida ro‘yxatga olingan va olinmagan 117 millionta katta-kichik ko‘llar bor. Ular Yer yuzi sathining 4 foizini egallaydi. Bu ko‘llarning aksariyati nisbatan shimoliy qutbga yaqin mamlakatlarda joylashgan. Masalan, birgina «ko‘llar mamlakati» deb ataluvchi Kanadaning o‘zida 2 milliondan oshiq ko‘l bor. Ba’zi ma’lumotlarda ularning soni 4 milliondan oshiq, deyiladi. Shuningdek, Rossiyada ham 2 milliondan oshiq ko‘l mavjud.

Sayyoramizdagi eng yirik ko‘l – Kaspiy dengizi. Bir paytlar Orol dengizi dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘l hisoblangan. So‘nggi yillarda uning suvi keskin kamayib ketdi va hozirda u eng yirik ko‘llar reytingida dastlabki o‘ntalikka ham kirmaydi.
Orol dengizi
O‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab Orol dengizi sobiq ittifoqning Markaziy Osiyoda amalga oshirgan turli rejalari ortidan qurishni boshlagan. 1991 yilga kelib dengiz suvi 50–60 foizga kamaygan, u egallab turgan hudud ham 30–35 foizga qisqargan. Orol dengizining suvi undan keyin ham kamayishda davom etdi va bugun u 10 ming kvadrat kilometrdan kam hududni egallab turibdi.

O‘tgan asrning 50–60-yillaridan boshlab Moskva Markaziy Osiyoda juda katta hududdagi qo‘riq yerlarni o‘zlashtira boshlaydi. Yangi ochilgan yerlarga asosan suv sarflanadigan paxta ekila boshlagan. Shu sababli mintaqadagi ikkita asosiy daryo bo‘lgan Amudaryo va Sirdaryoning oldi to‘silib, bir necha yirik suv omborlari quriladi.
Bu suv omborlarida yilning yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ladigan fasllarida suv yig‘ilar va yozda paxtaga suv kerak bo‘lganda qo‘yib yuborilar edi. Tojikistondagi «Norak», «Qayroqqum», Qirg‘izistondagi «To‘qtag‘ul», Qozog‘istondagi «Chordara» suv omborlari shu taxlitda ishlagan. Qolaversa, yangi yerlar o‘zlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekistonning o‘zida ham ko‘plab suv omborlari qurilgan. Shu tariqa Pomir va Tiyonshon (Tyan-Shan) tog‘laridan oqib tushadigan suvlar Orolga kamroq borgan. Keyinchalik umuman bormay qo‘ygan.
1961 yilda Orol dengizining umumiy maydoni 66 ming kvadrat kilometr edi. O‘shangacha suvning bug‘lanishi natijasida Orol dengizi sathi har yili 1 metrga pasaygan. Amudaryo va Sirdaryodan borgan suv bu yo‘qotish o‘rnini to‘ldirib turgan. O‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab har ikki daryodan boradigan suv hajmi kamayib borgan. Oqibatda dengiz sathi nafaqat avvalgi yillardagidan ko‘proq pasaygan, balki qirg‘og‘i ham qisqarib boravergan. Shu tariqa, 1990-yillarga kelib Orol ostonasini dengiz suvlari yuvib turgan Mo‘ynoq shahridan ancha uzoqlashib ketadi.

1989 yildan boshlab Orol dengizi ikkita mustaqil suv havzasiga – Katta Orol va Kichik Orolga bo‘lingan. Ularni tor bir kanal o‘zaro tutashtirib turgan. Keyinchalik Katta dengiz ham quridi va hozirda kichik dengizda suv bor, xolos.
SSSR hukumati tomonidan O‘zbekistonda paxta yakkahokimligi avjiga chiqarilgan yillarda Orolning qurib borayotganini O‘zbekiston hukumati ham, Moskvadagi rahbarlar bilishardi. Ammo bu haqda hech qayerda gapirilmas, yozilmasdi. Faqat 1985 yilga kelib SSSR rahbarligi Mixail Gorbachyovga o‘tganidan so‘ng matbuotda boshqa dolzarb mavzular qatori Orol dengizining qurib borayotgani haqida oshkora chiqishlar boshlandi.
Paxta yakkahokimligi avjiga chiqqan 1970-yillarda Moskva bir tarafdan Orol dengizining qurib borayotganini ommadan yashirgan. Ikkinchi tarafdan mamlakatga millionlab tonna paxta kerakligi uchun Markaziy Osiyoga Sibir daryolarining suvini olib kelish rejalari ustida ham ishlagan. Bu masalada Qozog‘iston shimolida ishlar boshlab yuborilgan. Ammo Gorbachyov boshlagan oshkoralik siyosati tufayli rossiyalik olimlar, adiblar va boshqa ziyolilar Moskvaning bu rejasiga qarshi chiqishgan.

O‘shanda Rossiyaning ko‘zga ko‘ringan olimlari agar Ob va Irtish daryolarining suvi Markaziy Osiyoga yo‘naltirilsa, har ikki daryoda suv sathi pasayishi va oqibatda ularda ekologik inqiroz yuz berishini ma’lum qilishgan. Shuningdek, Shimoliy Muz okeanining Ob daryosi borib quyiladigan qismida tuz miqdori oshib ketishini va u yerda tuz miqdori kam bo‘lgan suvda yashashga moslashgan dengiz jonzotlari qirilib ketishini aytishgan. Shu omillar inobatga olinib, Sibir daryolarining suvini Markaziy Osiyoga oqizish rejasi to‘xtatilgan.

Mustaqillik yillarida Orolni asrab qolish uchun ancha ishlar qilindi. Xalqaro Orolni qutqarish fondi tashkil etildi. Dengiz o‘rnida ko‘kalamzor hududlarni tashkil etish maqsadida har yili millionlab saksovul ko‘chatlari ekilyapti va urug‘i sepilyapti.
Buyuk Sho‘rko‘l (Great Salt Lake)
Buyuk Sho‘rko‘l – AQShning g‘arbiy qismida Yuta shtati Buyuk Havza Tog‘lari orasida, dengiz sathidan 1 280 metr balandlikda qurg‘oqchil hududda joylashgan. U muzlik davrida bo‘lgan ulkan Bonnevil ko‘lining bir qismi hisoblanadi.

Unga uchta – Ber, Viber va Jordan daryolari kelib quyiladi. Ko‘lning maydoni o‘rtacha 4351 kilometr kvadratni tashkil etadi. Bug‘lanish va suv oqimiga qarab uning maydoni yilning turli yillarida 2,5 mingdan 6,2 ming kilometrgacha bo‘ladi.

Buyuk Sho‘rko‘l 1900-1904-yillarda deyarli qurib qolgan. 1935 yildan uning sathi asta-sekin ko‘tarila boshlagan. Ko‘lning o‘rtacha chuqurligi 4,5-7,5 metrni, eng chuqur joyi 13-15 metrni tashkil etadi. Bu ko‘lda suvdagi tuz miqdori 137-300 promilleni tashkil etadi. Solishtirish uchun chuchuk suvli ko‘llarda tuz miqdori 1 promille atrofida bo‘ladi.

1959 yilda ko‘lning o‘rtasidan temir yo‘l o‘tkazilgan va u ikki qismga bo‘linib qolgan. So‘nggi yillarda AQShdagi tabiatni himoya qilish tashkilotlari mamlakat hukumatidan ko‘lni ikkiga bo‘lib qo‘ygan temir yo‘lni boshqa joyga ko‘chirish va Sho‘rko‘lni yaxlit holga keltirishni talab qilmoqda. Ammo ularning talablari hozircha e’tiborsiz qolmoqda.
Iqlim o‘zgarishlari tufayli Sho‘rko‘l suvi yana keskin kamayishni boshlagan. Soha mutaxassislari vaziyat shunday davom etaversa, yaqin kelajakda Sho‘rko‘l yana qurib qolishini aytishmoqda.
Chad ko‘li
Chad ko‘li (Lake Chad) — G‘arbiy Afrikada Sudan, Nigeriya, Niger va Chad davlatlari chegaralarining qo‘shilish joyida joylashgan. Ushbu ko‘l dengiz sathidan 250 metr balandlikda joylashgan. Unga Shari va Komadugu-Yobe daryolari quyiladi. Ko‘lning maydoni 10 mingdan 26 ming kilometr kvadratgacha, chuqurligi 4 metrdan 11 metrgacha boradi.

Afrikadagi mazkur ko‘lning suvi ham o‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab keskin kamaya boshlagan. 1970-1980-yillar oralig‘ida uning sathi 3,9 ming kilometr kvadratgacha qisqargan. 1980-yillar oxiri, 1990-yillar boshida Chad ko‘lining suvidan foydalanish to‘rt marotaba oshgan.

2006 yilda Disaster Monitoring Constellation xalqaro Yerni kuzatuv dasturi orqali monitoring o‘tkazilganda ko‘lning hududi o‘tgan asrning 50-yillariga qaraganda 25 marotaba qisqargani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, 2001 yilda NASA xodimlari Chadning 38 yil avval tushirilgan fotosuratlari bilan yangi fotosuratlarini solishtirib ko‘rib, ko‘l shitob bilan qurib borayotgani haqida ma’lum qilishgandi.
Yueyatsyuan ko‘li (Xitoy)
Yueyatsyuan ko‘li – Xitoyning Gansu provinsiyasida, Dunhuang shahridan 5 kilometr uzoqlikda, Gobi sahrosida joylashgan. Mazkur ko‘l har tomondan qum bo‘ronlari ta’siridan himoya qiladigan tepaliklar bilan o‘ralgan. 1960 yilda ko‘lning o‘rtacha chuqurligi 4,5 metr, eng chuqur joyi 7,5 metr bo‘lgan. 1970 yilda Dang daryosiga to‘g‘on o‘rnatildi. Shundan so‘ng yer osti suvlari muvozanati buzilishi oqibatida Yueyatsyuan quriy boshladi.

1990-yillar boshlarida ko‘lning o‘rtacha chuqurligi 0,9 metrni, eng chuqur joyi esa 1,3 metrni tashkil etgan. Suv yuzasi maydoni 5,5 ming metr kvadratgacha qisqargan.

Bir necha yil davomida hukumat vohani qurib ketishidan saqlab qolish uchun ko‘lga suv yetkazib berishni rejalashtiradi. Ammo mablag‘ yetishmasligi tufayli bu reja amalga oshmaydi. Faqat 2006 yilda mahalliy hokimiyat markaziy hukumat ko‘magida ko‘lni suv bilan to‘ldira boshlaydi. O‘shandan keyin ko‘lning chuqurligi va kattaligi avvalgi holiga qaytadi. Yueyatsyuan ko‘li tarixiyligi uchun YuNeSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Hongjiannao ko‘li (Xitoy)
Hongjiannao ko‘li — Xitoy cho‘llaridagi eng katta ko‘l hisoblanadi. U Shimoliy-G‘arbiy Xitoyda, Shansi provinsiyasida joylashgan. Ushbu ko‘l provinsiyaning shimoliy-g‘arbiy qismi uchun muhim suv havzasi bo‘lgan. Ancha yillardan buyon ko‘lda suv doimiy ravishda kamayib kelmoqda.

1968 yilda ko‘l maydoni 32,16 kilometr kvadratni tashkil etgan bo‘lsa, 1990-yillardan boshlab ko‘l quriy boshladi va uning qirg‘og‘i 800 metrga qisqardi.

Undan keyin ham ushbu ko‘ldagi suv muttasil kamayib kelmoqda. 1986 yildan bugungacha ko‘lning suvi 50 foizdan oshiqroq kamaygan.
Urmiya ko‘li (Eron)
Urmiya – Eronning shimoli-g‘arbidagi sho‘r suvli yopiq ko‘l. Ushbu ko‘l dengiz sathidan 1 275 metr balandlikda joylashgan. Uning sohillari asosan past, sho‘r va botqoqliklardan iborat. Mazkur ko‘lga Kurd tog‘laridan daryo va soylar suvi quyiladi. Eng yirik irmog‘i – Jagatu daryosi. Urmiya ko‘lining maydoni mavsumiy va yillik yog‘ingarchilik miqdoriga qarab o‘zgarib turadi. Uning maydoni turli mavsumlarda 5,2-6 ming kilometr kvadratgacha kengayadi. Uzunligi taxminan 140 kilometr, kengligi 40-55 kilometrni tashkil etadi. Ko‘lning eng chuqur joyi 16 metrga yetadi.

Bugungi kunda Urmiya ko‘li qurib yo‘q bo‘lib ketish arafasida turibdi. 1998 yildan keyin ko‘lga suv beradigan daryo va soylarning to‘silishi, undan suv oladigan shahar va qishloqlarda ehtiyoj ortishi, shuningdek, qurg‘oqchilik tufayli ko‘lning 70 foiz qismi qurigan. Eronlik mutaxassislarning qayd etishicha, Urmiya ko‘li ostida 10 milliard tonna tuz bor. Agar u qurisa 14 million aholi boshqa joylarga ko‘chishga majbur bo‘ladi.

2012 yilda Eron hukumati Urmiya ko‘lini saqlab qolish uchun Armaniston bilan bu davlatdan suv keltirish uchun rozilik olinganini ma’lum qildi. Shuningdek, Ozarboyjon hududidan oqadigan Araks daryosidan suv olish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan.
2013 yilda Eron hukumati Urmiyani saqlab qolish uchun Kaspiy dengizidan ko‘lga qarab suv oqizish loyihasini ishlab chiqishni boshladi. 2014 yilda Eronning sobiq prezidenti Hasan Ruhoniy ko‘lni saqlab qolish uchun 500 million dollar mablag‘ ajratilishi haqida qaror qabul qildi.
Hozircha Eron hukumati tomonidan ko‘rilayotgan turli choralarga qaramasdan Urmiya ko‘lining suvi kamayib bormoqda va shoshilinch choralar ko‘rilmasa, yaqin kelajakda u qurib qolishi taxmin qilinmoqda.
O‘lik dengiz
O‘lik dengiz Iordaniya va Isroil davlatlari chegarasida dengiz sathidan 395 metr chuqurlikda joylashgan ko‘l. Mazkur ko‘lga birgina Iordan daryosi quyiladi. So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi, dengiz joylashgan hududda aholining yer osti suvlarini yanada ko‘proq ola boshlashi O‘lik dengiz suvining muttasil kamayib borishiga sabab bo‘lyapti. Soha mutaxassislari xulosalariga ko‘ra, holat hozirgiday davom etaversa yaqin kelajakda O‘lik dengiz batamom qurib qoladi.

Mazkur ko‘lning suvi dunyodagi eng sho‘r hisoblanadi. Bu ko‘lda ayrim bakteriyalardan tashqari tirik jonzot yashamaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra ko‘l ostida 40 milliard tonnadan oshiq tuz zaxirasi bor.
Qayd etilishicha, O‘lik dengizning suvi so‘nggi 100 yilda 80 foizga kamaygan va uning sathi 25 metrga pasaygan. So‘nggi yillarda mazkur ko‘l sathi har yil 1 metrga pasayib bormoqda.

1977 yilda mazkur ko‘l ikki qismga bo‘linib qoladi. Uning shimoliy qismini ko‘ldan brom va kaliy xlorid qazib oladigan kompaniyalar egallab olishadi. Ana shu holat bu yerda ekologik ofatni keltirib chiqaradi va ko‘l suvi kamayishini tezlashtiradi.

O‘lik dengizdan Iordaniya va Isroil birday turizm maqsadlarida foydalanib keladi. Ammo ko‘l suvi keskin kamayishi bu sohaga ham jiddiy zarar yetkazmoqda.

So‘nggi yillarda Isroil va Iordaniya Qizil dengizdan O‘lik dengizga suv keltirish loyihasini birgalikda amalga oshirishni ko‘rib chiqmoqda. Loyihaga ko‘ra, kanal qaziladi va u orqali Qizil dengiz suvi O‘lik dengizga oqiziladi. Ushbu loyiha qiymati 3-4 milliard dollar atrofida baholanmoqda. Agar mazkur loyiha amalga oshirilsa, O‘lik dengizni saqlab qolish imkoniyati bo‘ladi. Aks holda ushbu ko‘l ham yaqin kelajakda qurib ketadi.
Fagibin ko‘li, Mali
Fagibin ko‘li — Sahroi Kabirning Mali hududidagi qismida joylashgan ko‘ldir. Mazkur ko‘l Niger daryosidan 75 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ko‘l bir qancha daryo va boshqa ko‘llar bilan o‘zaro bog‘langan. Seryog‘in yillarda Niger daryosidan toshgan suv mazkur ko‘lgacha yetib keladi. Qurg‘oqchilik yuz bergan yillarda esa ko‘l sathi pasayib, uning suvi kamayib ketadi. Iqlim o‘zgarishlari mazkur ko‘lga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti va u qurib bormoqda.

O‘tgan asrda Fagibin ko‘li bir necha marta toshib ketgan. Shuningdek, qurg‘oqchilik ro‘y bergan yillarda qurib qolgan. Masalan, 1924-1930 va 1951-1955-yillarda ko‘l suvi toshib, atrofdagi boshqa suv havzalari bilan qo‘shilib ketgan. 1914, 1924, 1944-yillarda esa qurg‘oqchilik sababli u qurib qolgan.

1970-yillardan boshlab ko‘lning suvi surunkali kamayib kelmoqda. O‘tgan yillarda Niger daryosida to‘g‘onlar qurilmoqda va Fagibin ko‘liga daryoning suvi umuman o‘tmayapti. Shu sababli hatto seryog‘in kelgan yillarda ham daryo suvi kam miqdorda bo‘lsa-da kamaymoqda. Mali hukumati xorijiy hamkorlar bilan Fabigin ko‘lini asrab qolish maqsadida qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Ammo buning ko‘lga nafi sezilmayapti.
So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi tufayli dunyoning yana boshqa ko‘plab ko‘llarida va daryolarida suv kamayib bormoqda. Masalan, Volga va Ural daryolari kelib quyiladigan Kaspiy dengizida, shuningdek, Yer yuzidagi eng yirik daryolardan biri Nilda ham suv kamayib borayotgani aytilmoqda.
Aftidan, holat hozirgiday davom etaversa yaqin bir necha o‘n yillarda Yer sharining quruq mintaqalarida joylashgan daryolarda suv yanada kamayadi va aksariyat ko‘llar qurib qoladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Pensiyani avtomatik tayinlashga o‘tilmoqda. Asosiy savollarga javoblar
Iqtisodiyot | 16:58 / 19.02.2025
Ilon Mask «Yer yuzidagi eng aqlli sun’iy intellekt» - Grok 3ʼni taqdim etdi
Fan-texnika | 17:29 / 18.02.2025
Toshkent yo‘llarida qayrilib olish joyidan oldin chizilgan yangi yo‘l chiziqlari o‘chirib tashlanmoqda
O‘zbekiston | 17:25 / 18.02.2025
“Ozodlikning qadrini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi” - afv etilganlar hikoyasi
Jamiyat | 11:34 / 09.12.2024
So‘nggi yangiliklar
-
Jizzaxda qalbaki 51 ming dollarni o‘tkazmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
Jamiyat | 00:21
-
Google Italiyaga soliq tergovini hal etish uchun 340 mln dollar to‘laydi
Jahon | 00:09
-
AQSh vitse-prezidenti Zelenskiyga Trampni tanqid qilmaslikni maslahat berdi
Jahon | 23:49 / 19.02.2025
-
Immigratsiyani taqiqlash Yevropa aholisining 30 foizdan ortiqqa qisqarishiga olib keladi
Jahon | 23:11 / 19.02.2025
Mavzuga oid

23:08 / 21.09.2024
Braziliyadagi qurg‘oqchilik va o‘rmon yong‘inlari butun dunyoda qahva narxining oshishiga olib kelmoqda

20:55 / 14.09.2024
Zimbabve qurg‘oqchilik tufayli 200 ta filni o‘ldiradi

11:20 / 09.09.2024
“Suvga to‘ymayotgan sigirlarim sut ham bermay qo‘ydi” – Sitsiliyada qurg‘oqchilik sabab qishloq xo‘jaligi halokat yoqasiga keldi

12:22 / 06.09.2024