Paxta yakkahokimligi va Orolning qurishi

1960-yillarda Markaziy Osiyo respublikalarida ko‘plab cho‘llar o‘zlashtirilishi, yangi kanallar va suv omborlari qurilishi Amudaryo va Sirdaryo suvining Orolga yetib borishini kamaytiradi. Natijada uning sathi pasaya boshlaydi.

Albatta, Orolning qurib borayotgani keng jamoatchilikdan yashirilardi. Biladiganlar esa bu haqda na gapirgan, na biror yerda yoza olgan. 1980-yillarga kelibgina odamlar Orol quriyotgani haqida xabar topdi. Bu vaqtda dengizning yarmi qurib bo‘lgan va haqiqiy holat haqida faqat Orol atrofida yashayotganlar bilardi...

Sobiq ittifoq uchun Markaziy Osiyo respublikalari, ayniqsa O‘zbekistonda yetishtiriladigan paxta strategik darajaga ko‘tarilgan muhim xomashyo edi. Sobiq ittifoqning yengil sanoati uchun millionlab tonna paxta tolasini O‘zbekiston yetishtirib berardi. Paxta ko‘p suv talab qiladigan o‘simlik bo‘lgani sabab u ekiladigan maydonlarning va hosil rejasining yildan-yil ko‘paytirib borilishi oxir-oqibat mintaqada suv muammosini keltirib chiqarardi.

Sibir daryolarini Markaziy Osiyoga oqizish: ilk loyihalar

Orolning suvi kamayib borayotgan vaqtda Markaz (ya'ni Moskva) Sibirdagi Ob va Irtish daryolarining suvini Markaziy Osiyoga oqizish rejasini tuza boshlaydi. Aslida Sibir daryolarining suvini bu hududga burish bo‘yicha farazlar XIX asrning ikkinchi yarmida paydo bo‘lgan. 1868 yilda Kiyev universiteti bitiruvchisi Yakov Demchenko Ob va Irtish daryolarining suvini Orol-Kaspiy pasttekisligiga oqizish rejasini ishlab chiqqandi.

1871 yilda Demchenko «Qo‘shni davlatlar iqlimini yaxshilash uchun Orol-Kaspiy pasttekisligini suvga bostirish» nomli kitobini chop ettiradi. O‘sha paytda bu ishga ehtiyoj yo‘q edi. Shuningdek, uni amalga oshirishning iloji bo‘lmagani uchun reja qog‘ozlarda qolib ketadi.

Oradan yarim asrdan oshiqroq vaqt o‘tib, 1948 yilda rossiyalik geograf, akademik Vladimir Obruchev Sibir daryolarini Markaziy Osiyoga oqizish haqida Stalinga xat yozadi. Stalin bu rejani e'tiborsiz qoldiradi.

1950-yillarda qozog‘istonlik akademik Shafiq Cho‘qin bu masalani yana ko‘tarib chiqadi. Uning chizmalari asosida bir necha loyiha institutlari daryolarni turli yo‘nalishlar bo‘ylab oqizish loyihasini tayyorlashadi.

1960-yillardan boshlab O‘zbekiston va Qozog‘istonda juda katta hududlar o‘zlashtirilishi oqibatida Amudaryo va Sirdaryo suvlarini qishloq xo‘jaligi uchun sarflash boshlanadi. Oqibatida Orol dengiziga suv borishi keskin kamayib ketadi. Shundan so‘ng Sibir daryolarini Markaziy Osiyoga oqizish masalasi jiddiy mavzu sifatida yana kun tartibiga chiqadi. Toshkent, Olma-Ota, Moskva va Novosibirskda shu mavzuda bir necha marta yig‘ilishlar o‘tkaziladi.