Jahon | 15:47 / 02.03.2022
104074
16 daqiqa o‘qiladi

«Qizil tugma» bosilishi xavfi: Kimda qancha yadro quroli bor?

Ilk yadro quroli 1945 yilda AQShda yaratilgan. O‘sha yili Yaponiyaning ikkita shahrida, odamlar ustiga tashlanib tirik jonlar bilan sinovdan o‘tkazilgan. O‘shandan buyon dunyoning yana bir qancha davlatlari bunday qurollarga ega bo‘ldi.

Fotokollaj: Kun.uz

Insoniyat yadro qurollari qo‘llanishi qanday oqibatlarga olib kelishini ilk bor 1945 yil AQSh Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombasi tashlaganida bilgandi. O‘shanda bu ikki shahar butunlay vayronaga aylanadi, 100 minglab odamlar halok bo‘ladi. Tirik qolganlar esa atom bombasi portlashi tufayli yuzaga kelgan radiatsiya nurlari oqibatida nogiron bo‘lib qoladi.

Foto: Alamy

Keyinchalik Yaponiyaning har ikkala shahri ham qayta tiklandi. Bugungi kunda ularda millionlab odamlar yashayapti. Ammo yadro quroli portlagan joyda paydo bo‘lgan radiatsiya nurlari hanuzgacha odamlar sog‘ligiga ziyon keltirishda davom etmoqda.

Xirosima va Nagasakiga atom bombalari tashlanganda faqat AQShda bunday qurollar bor edi. Keyinchalik XX asrning oxirigacha yana bir qancha davlatlar bunday qurollarga ega bo‘ldi. Bugun ana shu qurollar sababli insoniyat kelajagi jiddiy xavf ostida qolmoqda.

Atom bombasi yaratilishi haqida qisqacha

Atom bombasini ilk marta 1943–1944 yillarda ikkinchi jahon urushida yengilayotgan nemis olimlari loyihalashtira boshlagan. Urushda SSSR va ittifoqchilar armiyasi Germaniya qo‘shinlarini ikki tomondan siqib kela boshlagach nemislar «dahshatli qurol» yaratish bo‘yicha olib borayotgan loyihasini oxiriga yetkaza olmaydi.

Shundan so‘ng loyiha ma’lumotlari AQSh razvedkasi tomonidan o‘g‘irlab ketiladi va ilk yadro qurollari Amerikada yaratiladi.

1945 yilda AQSh harbiy havo kuchlari urushda yengilayotgan Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombasini tashlaydi va ilk sinovni shu tarzda o‘tkazadi. Portlash natijasida har ikki shaharda 100 minglab odam halok bo‘ladi, tirik qolganlar nogiron bo‘lib qoladi va uzoq yashamaydi.

Shundan keyin dunyodagi asosiy raqobatchisidan ortda qolishni xohlamagan SSSR okean ortida ishlagan o‘z ayg‘oqchilari yordamida AQShdan yadro quroli loyihasini qo‘lga kiritadi. 1949 yilda bu davlatda ham ilk yadro quroli sinovi o‘tkaziladi.

Keyinchalik SSSR mutaxassislari Xitoyda yadro quroli yaratilishida ishtirok etadi. Fransiya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Pokiston hamda Shimoliy Koreya o‘z yadro qurollariga ega bo‘ladi. Shuningdek, Eron va Isroilda yadro qurollari bor deb taxmin qilinadi. Shu tariqa XX asr oxirigacha dunyoning 10 ta mamlakati yadro qurollariga ega bo‘lgan deb hisoblanadi.

Eron

Foto: pentapostagma.gr

Eronda yadro qurollari borligi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Eronning o‘zi ham uning borligini inkor qiladi. G‘arb davlatlari esa «Eron allaqachon yadro qurolini sinovdan o‘tkazgan va buni jahon hamjamiyatidan yashiryapti» deb da’vo qiladi.

Eron yadro qurolining asosiy yoqilg‘isi bo‘lgan uranga boy mamlakat hisoblanadi. Eron rahbariyati mamlakatning asosiy rejasi yadro qurollarini yaratish emas, balki atomdan tinch maqsadlarda foydalanish ekanini ta’kidlab keladi.

G‘arb davlatlari tomonidan Eronda yadro quroli bor deb taxmin qilinishiga asosiy sabab shuki, bu davlat hududida yadro sinovlari o‘tkaziladigan poligonlar, laboratoriyalar, uranni boyitish korxonalari va yadro fizikasi sohasida kuchli mutaxassislar bor. Shundan kelib chiqilsa Eronda yadro qurolini osongina yaratib olish uchun barcha sharoit bor.

Foto: Alamy

2020 yil 27 noyabr kuni Isroil va G‘arb davlatlari maxsus xizmatlari tomonidan «Eron bombasining otasi» deya nisbat beriladigan fizik olim Muhsin Faxrizoda Tehronda o‘ldirib ketildi. U boshchiligidagi mutaxassislar Eronda yadro qurolini allaqachon yaratib bo‘lgani aytiladi.

Shimoliy Koreya

Foto: RIA Novosti

Rasmiy nomi Koreya Xalq Demokratik Respublikasi bo‘lgan Shimoliy Koreyada 30 tadan 60 tagacha jangovar yadro kallaklari borligi aytiladi.

Bu mamlakat ilk yadro sinovini 2006 yilda, eng so‘nggisini 2018 yilda o‘tkazgan (2021 yilda ham sinov o‘tkazilgan deb taxmin qilinadi).

Shimoliy Koreya yadro qurollarini yaratish ustidagi ishlarni o‘tgan asrning 70-yillarida boshlagan. O‘sha paytda mamlakatga rahbarlik qilgan Kim Ir Sen yadro quroli yaratishda SSSR va Xitoydan yordam so‘raydi. Ammo ular bu so‘rovni e’tiborsiz qoldirishadi. Shundan so‘ng Shimoliy Koreya mustaqil ravishda yadro qurollarini yaratish ishlarini boshlab yuboradi. Ammo 1991 yilda eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan SSSRning tarqab ketishi ishlarni ortga surib yuboradi.

Nihoyat 2006 yilda Shimoliy Koreya ilk yadro sinovini muvaffaqiyatli amalga oshirgani haqida rasman e’lon qiladi. Turli manbalarga ko‘ra, bugun Shimoliy Koreyada 10 tadan 60 tagacha yadro quroli bor. KXDR nafaqat tashqi dunyo bilan, balki xalqaro tashkilotlar bilan ham hamkorlik qilmagani uchun bu davlatda qancha yadro quroli borligi aniq emas.

Isroil

Foto: Shutterstock

Yaqin Sharqda joylashgan Isroilda 80-90 ta jangovar yadro kallaklari borligi, bu davlat tomonidan ilk yadro sinovi ham, so‘nggisi ham 1979 yilda o‘tkazilgani aytiladi.

Isroil o‘zida yadro qurollari borligini hech qachon oshkor etmagan. Garchi Isroilda yadro tadqiqotlari o‘tgan asrning 50-yillaridan boshlangan bo‘lsa-da, mamlakatdagi yadro qurollari mamlakatning o‘zida tayyorlanganmi yoki yaqin ittifoqchisi AQSh tomonidan berilganmi, bu ham aniq emas.

Aksariyat mutaxassislar Isroilga yadro qurollarini AQSh berganini ta’kidlaydi. Ularga ko‘ra, hududi juda kichik bo‘lgan Isroilda yadro qurollari sinovini o‘tkazishning iloji yo‘q. Qolaversa, mamlakat rahbariyati ham o‘z fuqarolari sog‘ligini xavf ostiga qo‘ymasa kerak.

1979 yilda Atlantika okeanining janubida bir nechta shubhali yadro sinovlari o‘tkazilgan va ularni Isroil yoki JAR o‘tkazgan deb taxmin qilinadi. Isroil «Yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi bitim»ni imzolashdan bosh tortgan. Bu ham mamlakatda yadro qurollari borligining isboti sifatida ko‘riladi.

Hindiston

Foto: dostor.org

Hindistonda 120-150 ta jangovar yadro kallaklari borligi aytiladi. Bu davlatda ilk yadro sinovi 1974 yilda, so‘nggisi 1998 yilda o‘tkazilgan.

Hindiston ilk yadro sinovlarini 1974 yilda muvaffaqiyatli o‘tkazgan bo‘lsa-da, faqatgina XX asrning so‘ngiga kelib o‘zida yadro quroli borligini oshkora tan oldi.

1998 yilda uch marta yadro sinovini o‘tkazgan Hindiston o‘shandan keyin sinovlarini boshqa o‘tkazmaslik haqidagi qarorini e’lon qildi.

1947 yilda Britaniya qo‘l ostidan mustaqil bo‘lgan Hindiston va Pokiston o‘rtasida keyinchalik hududiy mojarolar yuzaga keldi. Shu sababli har ikki davlat ham o‘z yadro quroliga ega bo‘lishga harakat qila boshladi. Shundan so‘ng avval Hindiston, so‘ng Pokiston o‘z yadro qurolini yaratdi.

Pokiston

Foto: LiveJournal

Pokistonda 130-160 ta jangovar yadro kallaklari bor deyiladi. Bu davlat ilk yadro sinovini ham so‘nggisini ham 1998 yilda o‘tkazgan.

1974 yilda Hindiston yadro sinovini muvaffaqiyatli o‘tkazganidan so‘ng u bilan bir necha bor hudud talashib urishgan Pokiston ham tadqiqotlarga zo‘r beradi. O‘shanda Pokiston bosh vaziri bo‘lgan Zulfiqor Ali Bxutto «Agar Hindiston yadro qurolining sinovini muvaffaqiyatli o‘tkazgan bo‘lsa, biz och qolib o‘t-o‘lan yesak ham o‘z yadro qurolimizni yaratamiz. Bizda boshqa yo‘l yo‘q», degandi.

Zulfiqor Bxutto aytganday Pokiston sinovlarni muvaffaqiyatli o‘tkazib o‘z yadro quroliga ega bo‘ldi. Faqat Hindistondan 24 yil keyin. Shu tariqa Pokiston jahondagi yadro qurollari bor sanoqli davlatlardan biri bo‘ldi.

Foto: Reuters

2021 yil oktyabr oyida Pokistonda yadro qurollarini yaratishda rahbarlik qilgan fizik olim Abdul Qodir Xon koronavirus tufayli vafot etdi. Bu inson bir paytlar KXDR va Eronga yadro qurollarini yaratish dasturini yashirincha sotganlikda ham ayblangandi.

Buyuk Britaniya

Foto: LiveJournal

Buyuk Britaniyada 200 ta jangovar yadro kallaklari borligi aytiladi. Bu davlat ilk yadro sinovini 1952 yilda, so‘nggisi 1991 yilda o‘tkazgan.

Garchi yadro quroliga ega mamlakatlarning birinchi beshtaligiga kirsa ham Buyuk Britaniya o‘z hududida yadro sinovlari o‘tkazmagan. Barcha sinovlar Avstraliya va Tinch okeanidagi orollarda o‘tkazilgan. 1991 yilda Buyuk Britaniya yadro sinovlarini o‘tkazishni to‘xtatgan.

Xitoy

Foto: khaberni.com

Chin yurtida 320 ta jangovar yadro kallaklari borligi aytiladi. Xitoy ilk yadro sinovini 1964 yilda, so‘nggisini 1996 yilda o‘tkazgan.

Xitoyning yadro quroliga ega bo‘lishida SSSRning yordami katta bo‘lgan. Sovet ittifoqi bu davlatga to‘g‘ridan to‘g‘ri yadro quroli bermagan. Ammo yadro tadqiqotlari uchun laboratoriyalar tashkil etishda, uranni boyitish zavodi va sinov poligonini qurishda, shuningdek, yadro quroli yaratishda ishtirok etgan fizik olimlarni tayyorlashda yordam bergan.

Xitoy dunyodagi yadro qurollari yo‘q davlatlarga yadro quroli bilan hujum va tahdid qilmaslik haqida qaror chiqargan yagona mamlakat hisoblanadi.

Fransiya

Foto: russiancouncil.ru

Fransiyada 280-300 ta jangovar yadro kallaklari borligi aytiladi. Bu davlat ilk yadro sinovini 1960 yilda, so‘nggisini 1995 yilda o‘tkazgan.

Fransiya ilk yadro quroli sinovini 1960 yilda muvaffaqiyatli o‘tkazgan. O‘shandan keyin 1995 yilgacha bu davlat umumiy hisobda 200 dan ortiq yadro sinovlarini o‘tkazgan.

Fransiya ham Buyuk Britaniya kabi o‘z yadro qurollari sinovini mamlakatning dengizorti mulklarida o‘tkazgan. Ilk sinovlar o‘sha paytda hali Fransiya mustamlakasi bo‘lgan Jazoirda o‘tkazilgan. Afrika shimolidagi bu davlat mustaqil bo‘lgach Fransiya o‘z yadro sinovlarini Tinch okeanidagi Fransiya Polineziyasi orollarida davom ettirgan. Fransiya «Yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi bitim»ga o‘tgan asrning 90-yillarida qo‘shilgan.

AQSh

Foto: Shutterstock

AQShda 5 800 ta jangovar yadro kallaklari borligi aytiladi. Ammo 2020 yil 30 sentyabrda AQSh davlat departamenti bu davlatda 3 750 ta faol va nofaol yadro kallaklari borligini ma’lum qildi.

Tinchlik muammolarini tadqiq qilish bo‘yicha Stokholm xalqaro instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil yanvar holatiga AQShda 5 550 ta yadro kallaklari bor.

Bu davlatda ilk yadro sinovi 1945 yilda, so‘nggisi 1992 yilda o‘tkazilgan.

AQSh harbiy sohaga pul sarflash bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinni egallaydi. So‘nggi yillarda bu davlat harbiy xarajatlar uchun yiliga o‘rtacha 700 milliard dollar atrofida mablag‘ sarflamoqda.

Shuningdek, AQSh jangovar yadro kallaklar soni va yadro sinovlari bo‘yicha ham dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Shu paytgacha AQShda 100 turdan ortiq 66,5 mingta turli atom qurollari yaratilgan.

AQShning asosiy yadro kallaklari harbiy suvosti kemalariga o‘rnatilgan. AQSh ham 2017 yilda «Yadro qurollaridan butunlay voz kechish haqidagi yangi bitim»ga qo‘shilmadi.

Rossiya

Foto: Wikipedia

Rossiyada 6 400 ta jangovar yadro kallaklari borligi aytiladi. Bu davlat ilk yadro sinovini 1949 yilda, so‘nggisini 1990 yilda o‘tkazgan. SSSR tarqab ketgandan so‘ng Rossiya yadro qurollarini sinovdan o‘tkazgani haqida ma’lumotlar yo‘q.

Rossiya dunyodagi birinchi raqamli yadro qurollari derjavasi hisoblanadi. SSSR tarqab ketgach sobiq ittifoq respublikalari hududida bo‘lgan yadro kallaklarini Rossiya olib chiqib ketgan. SSSR yadro qurollarining bir qismi Qozog‘iston, Ukraina va Belarus hududida bo‘lgan. O‘shanda Qozog‘iston va Belarus ularni hech bir gap-so‘zsiz Rossiyaga topshiradi. Ammo Ukraina 1994 yilgacha o‘z xavfsizligi uchun ularni Rossiyaga topshirmaydi.

1994 yilda Vengriya poytaxti Budapesht shahrida AQSh, Buyuk Britaniya Rossiya va Ukraina tomonidan xalqaro memorandum imzolanadi. Memorandumga ko‘ra Rossiya hech qachon Ukraina hududlariga da’vo qilmaslikka, uning hududiy yaxlitligini hurmat qilishga kafolat beradi. Bu memorandum Budapesht memorandumi deb ataladi.

2014 yilda Rossiya o‘sha memorandum shartlarini buzib Ukrainaga tegishli Qrim yarimorolini o‘ziga qo‘shib oldi. Bundan tashqari, Ukraina sharqidagi Donetsk va Lugansk viloyatlarida bosh ko‘targan rus ayirmachilarini qo‘llab-quvvatladi.

Garchi Rossiya yadro kallaklari soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda bo‘lsa ham, jangovar shay bo‘lgan yadro kallaklari soniga ko‘ra AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi.

Aniq ma’lumotlar bormi?

Bugun yadro quroliga ega davlatlarda qancha yadro kallaklari borligi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Turli manbalarda ular turlicha beriladi. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar umumlashtirilgan.

2020 yil oktyabr oyida AQSh davlat departamenti 5 yil ichida birinchi marta mamlakatda nechta yadroviy jangovar kallak borligi haqidagi ma’lumotni oshkor qildi (sobiq prezident Donald Tramp davrida ushbu ma’lumotni ochiqlash taqiqlangandi).

Unga ko‘ra, 2020 yil 30 sentabr holatiga AQShda 3 750 ta faol va nofaol yadro kallaklari mavjud. Bu 2019 yilga nisbatan 55 ta, 2017 yilga nisbatan esa 72 taga kamroq.

“Ushbu ko‘rsatkich AQSh yadro quroli sobiq ittifoq bilan 1967 yilda sovuq urushning avj pallasida eng cho‘qqiga yetgan davrdan beri eng past ko‘rsatkichdir. O‘shanda AQShda 31 mingdan ko‘proq yadro zaryadi bo‘lgan”, deyilgan xabarda.

Shuningdek, yana bir nufuzli tadqiqot markazi Tinchlik muammolarini tadqiq qilish bo‘yicha Stokholm xalqaro instituti (SIPRI) ma’lumotlari AQSh davlat departamenti tomonidan keltirilgan raqamlardan farq qiladi. Jumladan, institut ma’lumotlariga ko‘ra 2021 yil yanvarda AQShda 5 550 ta, Rossiyada 6 255 ta, Xitoyda 350 ta, Buyuk Britaniyada 225 ta, Fransiyada esa 290 ta jangovar yadroviy kallaklar bo‘lgan. Ushbu statistika foydalanishdan chiqarilgan kallaklarni ham o‘z ichiga oladi.

Institut, shuningdek, “yadro klubi”ga kirmaydigan davlatlar — Hindiston, Pokiston, Isroil va Shimoliy Koreyada umumiy hisobda 460 ta jangovar yadroviy kallak borligini ma’lum qilgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid