Endi esa, Asad qochib ketganidan keyin, Rossiya televideniyesi sodir bo‘lgan voqealarda Suriya armiyasini ayblamoqda va Rossiya ular uchun jang qilishni rejalashtirmaganini ta’kidlamoqda.

BBC Rossiya televideniyesida Suriya mojarosi yoritilishi qanday o‘zgarganini tahlil qildi.

«Asad generallari o‘z yurtini topshirdi»

Rossiya televideniyesi va hukumati Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asadni o‘n yildan ortiq qo‘llab-quvvatladi. Biroq, 2024 yil dekabrida uning rejimi ag‘darilib, Asad Rossiyaga qochganidan so‘ng, Rossiya propagandasi asosiy e’tiborni Suriya armiyasining javobgarligiga qaratdi. Bosh tezisga ko‘ra, Rossiya harbiylari hech qachon Suriya hukumati armiyasi uchun jang qilishni rejalashtirmagan.

9 dekabr kuni Birinchi kanalning kechki yangiliklarida «hokimiyatning tezkor almashuvi kutilmagan hol bo‘ldi. Biroq bu yerda ajablantirgani — isyonchilarning Damashqqa yurishi emas, balki Suriya rahbariyati va armiyasining irodasizligi bo‘ldi. Ular aynan shu vaziyat haqida oldindan ogohlantirilgan edi», — deyildi.

ReN-TV efirida sharqshunos Andrey Ontikov Suriya armiyasi harakatlarini «yaxshi tashkillashtirilmagan qochish» sifatida baholadi va «Asad armiyasi o‘z yurtini topshirdi», deb ta’kidladi.

NTV yangiliklarida «Rossiya harbiylari Damashq harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan, biroq hukumat armiyasi o‘rniga to‘liq harbiy harakatlarni olib borishni rejalashtirmagan», — deyildi. Bevosita Asadning o‘ziga nisbatan hech qanday ayblov bildirilmadi.

«Rossiya-1» telekanalida deputat Konstantin Zatulin «gumanitar yondashuv» sababli Vladimir Putin Asadga, oldingi yillarda esa Ukraina prezidenti Viktor Yanukovichga siyosiy boshpana berganini ta’kidladi. Shunday qilinmasa, shak-shubhasiz ularning hayotiga xavf tug‘ilgan bo‘lishiga urg‘u berildi.

Asadga qarshi kurashgan kuchlar Siriyada to‘satdan hujum boshlaganidan so‘ng, Rossiya kanallari ularni deyarli yakdillik bilan «terroristlar» yoki «taqiqlangan ekstremistik guruh — Jabhat un-Nusra jangarilari» deb atagandi. Biroq, ular hokimiyatni egallagandan keyin aksariyat OAV ularni «isyonchi muxolifat» deb atashni boshladi. «Rossiya-1» telekanalida Olga Skabeyeva 9 dekabr kuni guruh yetakchisi Abu Muhammad al-Jo‘laniyni «mo‘’tadil, pragmatik jihodchi» deb atadi.

Asad kuchlari va qo‘zg‘olonchilar o‘rtasidagi qisqa vaqtli to‘qnashuvlar chog‘ida Rossiya televideniyesi Rossiya havo kuchlari Suriya armiyasiga «jangarilar»ni bombardimon qilishda qanday yordam berganini qayta-qayta ko‘rsatdi. Bombardimonlar oqibatida tinch aholi o‘lgani rad etilib, buni «oq kaskalar» kabi G‘arb tomonidan moliyalashtirilgan guruhlarning «feyk»lari deb ataldi. NTV 2 dekabr kuni «Oq kaskalar»ni «asossiz videolar yordamida Suriya hukumatini obro‘sizlantirishga urinish»da aybladi.