O‘zbekiston | 10:45 / 07.11.2020
10888
3 daqiqa o‘qiladi

Moliya organlari budjet nazoratini talab darajasida bajara olmayapti - Nig‘matilla Yo‘ldoshev

Bosh prokuror budjet mablag‘larining ratsional taqsimlanishi va maqsadli ishlatilishi yuzasidan davlat nazoratiga mas'ul moliya organlarida yuklatilgan vazifalar talab darajasida bajarilmayotganini tanqid qildi. U pensiya jamg‘armasi hamda bank xodimlarining jinoyatlari haqida gapirib berdi.

7 noyabr kuni Bosh prokuratura binosida o‘tkazilayotgan korrupsiya holatlari kuzatilayotgan sohalar hamda vazirlik va idoralarda buning sabab va shart - sharoitlariga bag‘ishlangan idoralararo yig‘ilishda moliya organlarining budjet sarfini to‘laqonli nazorat qilishiga tizimdagi korrupsiya holatlari to‘sqinlik qilayotgani ma'lum qilindi.

«O‘tgan ikki yilda moliya organlarining 41 nafar xodimi korrupsiya holatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Masalan, Davlat moliyaviy nazorati departamentining Surxondaryo viloyati boshqarmasi bosh nazoratchi-taftishchisi N. Uzun qurilish kollejida aniqlangan 265 million so‘mlik kamomadni yashirish evaziga kollej bosh hisobchisi A.dan 2 ming dollar va 500 ming so‘m olganligi uchun sud hukmi bilan jazoga tortilgan. G‘aznachilikning Andijon viloyati boshqarmasi mansabdor shaxslari xodimlarga ish haqi berish vaji bilan bankdan 1 milliard so‘m ortiqcha pul olishga erishib, uni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborganligi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov o‘tkazilmoqda.

Vazirlik tizimidagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining 22 nafar xodimi pensiya uchun ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilganligi va boshqa suiiste'molchiliklari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Masalan, jamg‘armaning Piskent tumani bo‘limi bosh inspektori M. «Xalq banki» kassiri H. bilan birga, 142 nafar vafot etgan fuqarolar nomiga pensiya rasmiylashtirib, jami 86 million so‘mni o‘zlashtirib yuborgan», — deya ma'lumot berdi bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Birgina «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida so‘nggi ikki yilda aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan 1,7 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari bank mansabdor shaxslari tomonidan talon - toroj qilingan.

Masalan, «Milliy bank»ning Shahrixon filiali rahbari R. va kassa mudiri D. 19 nafar fuqaro nomiga qalbaki hujjatlar tayyorlab, imtiyozli kredit mablag‘lardan 378 million so‘mini shaxsiy manfaatlari uchun o‘zlashtirib yuborgan.

Ayni paytda yig‘ilish davom etmoqda.

Mavzuga oid