O‘zbekiston | 13:09 / 25.05.2018
9449
6 daqiqa o‘qiladi

OAV orqali oilaviy munosabatlarga bevosita aloqador ma'lumotni oila a'zolari roziligisiz tarqatish taqiqlanadi

Foto: UzA

Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Ushbu Qonun loyihasi bilan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Fuqarolik kodekslariga, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi va “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunlariga o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi qo‘shimchalar kiritiladi:

quyidagi mazmundagi 197-1-modda bilan to‘ldiriladi:

“197-3-modda. Ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish
Ommaviy axborot vositalarini senzura qilganlik, jurnalistga tazyiq o‘tkazganlik, jurnalistning materiallari va zarur texnika vositalarini g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yganlikda ifodalangan ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga har qanday ko‘rinishda aralashish hamda jurnalistning professional faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini har qanday shaklda buzish – fuqarolarga eng kam ish haqining ikki baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

245-moddaning birinchi qismi «197-2» raqamlaridan keyin «197-3» raqami bilan to‘ldiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining 1995 yil 21 dekabrda qabul qilingan 163-I-sonli va 1996 yil 29 avgustda qabul qilingan 256-I-sonli qonunlari bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga quyidagi qo‘shimchalar kiritiladi:

20-modda quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan to‘ldiriladi:

“Shaxsning ismidan uning roziligisiz foydalanish davlat va jamiyat manfaatlari, shu jumladan jamoat tartibi va xavfsizlik, huquqbuzarliklar profilaktikasi maqsadlarida amalga oshirilganda, ismdan foydalanish qonunsiz foydalanish hisoblanmaydi”;

quyidagi mazmundagi 99-1-modda bilan to‘ldiriladi:

“99-1-modda. Fuqaro tasvirini himoya qilish
Fuqaroning tasvirini (shu jumladan suratini, videolavhasini 
yoki u tasvirlangan san'at asarini) e'lon qilishga va undan foydalanishga faqat shu fuqaroning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Vafot etgan fuqaroning tasviridan faqat uning rafiqasi, farzandlari, ular yo‘q bo‘lganda esa
ota-onasining roziligi bilan foydalanish mumkin.

Ushbu modda birinchi qismida nazarda tutilgan rozilik quyidagi hollarda talab etilmaydi:

tasvirdan foydalanish davlat va jamiyat manfaatlari, shu jumladan jamoat tartibi va xavfsizlik, huquqbuzarliklar profilaktikasi maqsadlarida amalga oshirilayotgan bo‘lsa (huquqbuzarlikdan jabrlangan fuqaroning tasviridan foydalanish hollaridan tashqari);

fuqaroning jamoat joylarida va tashrif buyurish uchun ochiq bo‘lgan boshqa joylarda, ommaviy tadbirlarda (yig‘ilishlar, yig‘inlar, konferensiyalar, konsertlar, namoyishlar, sport musobaqalari va boshqa tadbirlarda) o‘tkazilgan tasvirga olish jarayonida olingan tasviridan foydalanishda;

tasvirda huquqbuzarlikni sodir etish payti tasvirlangan hollarda.

Fuqarolik muomalasiga kiritilgan yoki kiritish uchun tayyorlangan hamda fuqaroning ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga zid ravishda qo‘lga kiritilgan tasviri aks etgan moddiy jismlar sud qaroriga muvofiq fuqarolik muomalasidan chiqarilishi va bunday jismlar egalariga hech qanday qoplab berishlarsiz yo‘q qilinishi lozim.

Agar fuqaroning ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga zid ravishda qo‘lga kiritilgan tasviri “Internet” tarmog‘i orqali tarqatilgan bo‘lsa, fuqaro tasvirni olib tashlanishini, shuningdek tasvirning tarqalishini to‘xtatish va man etishni talab qilishga haqli”.

O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 26 dekabrda qabul qilingan «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi 541-I-sonli qonunining 6-moddasi ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Ommaviy axborot vositalari orqali:

fuqarolar va tashkilotlarning sha'ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini haqiqatga mos kelmaydigan materiallar tarqatish orqali tahqirlash,

fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashish;

oilaviy munosabatlarga bevosita aloqador ma'lumotni er-xotin va ularning voyaga yetgan farzandlarining (farzandlikka olganlar va farzandlikka olinganlarning) roziligisiz tarqatish taqiqlanadi”.

O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 14 mayda qabul qilingan «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi O‘RQ-371-sonli qonunining 32-moddasi quyidagi tahrirda bayon etilishi mumkin:

“32-modda. Huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablari va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlar to‘g‘risida xabardor qilish

Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi yoki unda ishtirok etuvchi organ yoki muassasa, o‘z vakolatlari doirasida, g‘ayriijtimoiy xulq-atvorli shaxslar, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan, huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslar haqida ish (o‘qish) joyidagi ish beruvchini (ma'muriyatni), yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organini g‘ayriijtimoiy xulq-atvorning va sodir etilgan huquqbuzarlikning holatlarini, shuningdek ularga imkon berayotgan sabablar va shart-sharoitlarni ko‘rsatgan holda xabardor qilishga, shuningdek bunday shaxslar haqida ommaviy axborot vositalarida ma'lumot tarqatishga haqli”.

Mavzuga oid