18:11 / 06.07.2021
18923

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya nihoyat ratifikatsiya qilindi. Bundan qanday umid bor?

Faollarga ko‘ra, O‘zbekistonda nogironligi bor shaxslarga doir qonun normalarining 90 foizi amalda ishlamaydi. Ular hatto maktab va dorixona kabi binolarga kirib-chiqishga ham qiynaladi. Nogironligi bor shaxslarning mehnat huquqlari – alohida og‘riqli mavzu. Imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv ta'lim sharoitlari yetarli emas.

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qildi. Bu – nogironligi bor shaxslar huquqlari faollaridan iborat turli onlayn guruhlarda bayram sifatida kutib olindi.

Ratifikatsiya necha yillardan beri yechilmay kelayotgan muammolar hal qilinishiga turtki bo‘ladi, deb umid qilinyapti.

Masalan, O‘zbekistonda ishlay oladigan nogironligi bor shaxslar 346 mingdan oshiq. Ammo ularning 7 foizigina rasmiy ravishda ish bilan ta'minlangan.

Nogironligi bor shaxslarning ish topish ehtimoli nogironligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan qariyb 4 baravarga kamroq.

Yoki, jismoniy jihatdan ishlay olish imkoni ko‘proq bo‘lgan eshitishi zaif fuqarolarning ham atigi bir foizi ish bilan ta'minlangan. Nogironligi bor bolalarning ta'lim olishida ham yetarlicha muammolar bor, pandemiya esa buni yanada aniq ko‘rsatdi.

Aynan shuning uchun ham xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilinishi ishsizlik, ta'lim va boshqa qator muammolarni yechishga turtki, asosiy dastur bo‘lishidan umid qilinmoqda.

“Imkoniyatlar cheklanishiga sabab – tanadagi nuqson emas, jamiyatdagi notenglik”

Dilmurod Yusupov, Buyuk Britaniyaning Sasseks universiteti, Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti:

— Konvensiya ratifikatsiya qilinishi bilan, birinchi navbatda, nogironlikning qonuniy ta'rifi tubdan o‘zgardi. Afsuski, bizning milliy qonunchiligimizda nogironlik insonning tana funksiyasi buzilishiga tenglashtirilib kelingan. Hatto oxirgi qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunda ham “nogironlik bu – barqaror jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlar” deya ko‘rsatilgan.

Ammo Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi BMT Konvensiyasining preambulasida nogironlik bu “tadrijiy rivojlanib boruvchi tushuncha bo‘lib, tana funksiyalari buzilgan insonlarda munosabat va muhit bilan bog‘liq to‘siqlar orasidagi o‘zaro aloqa natijasida nogironlik holati yuzaga keladi”, deb tan olingan.

Ya'ni nogironlik holati nafaqat tana funksiyasi buzilishidan, balki jamiyatimizdagi bor to‘siqlar tufayli vujudga kelishi mumkin. Bu to‘siqlar qulay infratuzilma va shart-sharoitlar yo‘qligi, jamiyatdagi ko‘pchilik nogironligi bo‘lgan shaxslarga salbiy va kamsituvchi munosabatda bo‘lishi ularning imkoniyatlari cheklanishiga olib keladi va ushbu insonlarni jamiyat hayotida barcha bilan teng ravishda to‘laqonli va samarali ishtirok etishlariga yo‘l qo‘ymaydi.

Qisqacha aytganda, aslida, imkoniyatlar cheklanishi turli xil nuqsonlar tufayli emas, balki ko‘proq jamiyatimizda to‘siqlar borligi tufayli ro‘y beradi.

Misol uchun, agar jismoniy nuqsonlari bo‘lgan va nogironlar aravachasidan foydalanadigan bola uchun barcha sharoitlar yaratilsa, maktabda pandus qo‘yilsa, jamoat transportida sharoit yaratilsa va keyinchalik u maktabni yoki OTMni bitirsa va ochiq mehnat bozorida ish beruvchilar nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitmasa, bu bolaning imkoniyatlari cheklanmaydi.

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya ratifikatsiyasi bilan nimalar o‘zgaradi?

Oybek Isoqov, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi:

— Birinchi afzallik: Nogironligi bor shaxslar huquqlariga oid milliy qonunchilikni xalqaro qonunlarga moslashtirishimiz kerak. Bu – birinchi masala va asosiy afzallik.

Ikkinchi afzallik: o‘tgan 30 yil ichida nogironlar huquqlarini himoya qilishga bag‘ishlab qabul qilingan qonunlarimizning 90 foizi amalda ishlamayotgan edi. Sababi bu masala bo‘yicha bizni hech kim tekshirmagan: o‘zimiz qonunlarni chiqarganmiz va nazorati ham tashlab qo‘yilgan.

Endi konvensiyani ratifikatsiya qilganimiz sababli Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasida O‘zbekiston ham hisobot bera boshlaydi. Birinchi hisobotni ratifikatsiyadan 2 yildan so‘ng, keyingi hisobotni 4 yildan so‘ng topshiramiz.

Konvensiya amalda qanday ijro etilayotgani haqida davlat hisoboti topshiriladi. Yaxshi tomoni, davlat hisoboti bilan parallel ravishda muqobil hisobot ham qabul qilinadi. Muqobil hisobotni mamlakatda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari, Nogironlar assotsiatsiyasi tayyorlaydi. Agar muqobil hisobot bo‘lmasa, davlat hisoboti ham BMTda qabul qilinmaydi. Shunday qilib nogironligi bor shaxslar huquqlari himoyasi nazorati paydo bo‘lyapti.

Uchinchi afzallik: Shu yil “Nogironligi bor shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi. Bu qonunning 2-moddasida: “Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi”, deb yozilgan. Bu degani ratifikatsiya qilingan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya sabab endi xalqaro standartlar bo‘yicha ishlashni boshlaymiz. Bu – katta afzallik.

Misollar keltiraman: milliy qonunchiligimizda “universal dizayn” degan tushuncha yo‘q. “Universal dizayn” degani ishlab chiqarilayotgan mahsulot va xizmatlar nogironligi bor shaxslarga mos bo‘lishi kerakligini anglatadi. Ya'ni ulardan foydalanishda nogironlarda qiyinchilik, to‘siq bo‘lmasligi kerak. Bu bizning milliy qonunchilikda yo‘q. Yoki qonunchiligimizda inklyuziv ta'lim tushunchasi haligacha xalqaro standartlarga mos tarzda yoritilmagan. Konvensiyada esa inklyuziv ta'lim to‘liq yoritilgan va uni qanday qilib amalga oshirish mexanizmlari bor.

Yana bir muammo – nogiron bolasiga g‘amxo‘rlik qilayotgan onalarning hech qanday nafaqa olmasligi. Nogiron bolani katta qilayotgani uchun onalar hech qayerda ishlash imkoniga ham, biror-bir yordamga ham ega emas. Bu masalani xotin-qizlar bilan ishlovchi biror tashkilot ko‘tarayotgani yo‘q. Xuddi bu onalar yo‘qday. Lekin ulardan bizga ko‘pdan ko‘p murojaatlar keladi.

Konvensiyada esa nogironligi bor bolalarni parvarish qilayotgan ota-onalarga har tomonlama yordam ko‘rsatish shart deb yozib qo‘yilgan.

Taklifimiz – O‘zbekiston konvensiya talablarini bajarishi uchun milliy harakatlar dasturi yoki yo‘l xaritasi (qanday nomlashning farqi yo‘q) ishlab chiqishi lozim. Unda eng dolzarb muammolar ko‘rsatilishi va ularni hal qilish yo‘llari hamda indikatorlar qo‘yilishi kerak.

Bunday dasturning bo‘lishi juda muhim. Oddiygina misol sifatida O‘zbekistondagi binolarning 85 foizi nogironligi bor shaxslar harakatlanishi uchun moslashmaganini aytishimiz mumkin. Agar nogironligi bor shaxs maktabga, dorixonaga erkin kirib chiqa olmasa, u o‘z huquqlaridan qanday qilib foydalanadi? Bu borada “To‘siqsiz muhit” dasturini taklif qilmoqchimiz.

Yoki hozir O‘zbekistonda nogironligi bosh shaxslar olayotgan nafaqalar miqdorini olaylik: nogironlik nafaqasi o‘rtacha 400 ming so‘m. Bu pulga normal yashash imkonsiz. Shuning uchun nogironligi bor shaxslar nafaqasi miqdorini har chorakda inflatsiyaga qarab ko‘rib chiqishni taklif qilmoqchimiz.

“Jamoatchilik monitoringi muhim”

Sherzodbek Sharipov, O‘zbekistondagi BMT TDning nogironlik masalalari bo‘yicha mas'ul xodimi:

— Konvensiya va “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun talablaridan kelib chiqqan holda:

Birinchidan, qonunchilikda va konvensiyada belgilab o‘tilgan nogironligi bo‘lgan insonlarning yetarli darajada ma'lumot olish, inklyuziv va sifatli davlat xizmatlaridan foydalana olish, ijtimoiy himoyaga bo‘lgan, inklyuziv ta'limga bo‘lgan va hamma bilan teng ravishda mehnat qilish kabi huquqlari amalda o‘z ifodasini topishi lozim.

Konvensiya normalarining ijro etilishi yuzasidan jamoat monitoringini ta'minlash muhim ahamiyatga ega.

Ikkinchidan, nogironligi bo‘lgan insonlar va ularning vakillik tashkilotlarining qonunchilik va konvensiyaning amalda tatbiq etilishi jarayonlarida faol ishtirok etishlari talab etiladi.

Uchinchidan, konvensiyani amalga tatbiq etish bo‘yicha O‘zbekiston hukumatining olib boradigan sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash lozim.

Xususan, xalqaro inklyuziv rivojlanish dasturlarini kengaytirish, ilg‘or tajribalar bilan tanishish uchun o‘quv va malakaviy dasturlarni ko‘paytirish, bu sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish, ilg‘or yordamchi texnologiyalarni keng joriy etish uchun xalqaro texnik va iqtisodiy ko‘mak dasturlarini kengaytirish juda muhim ahamiyatga ega.

G‘alvir suvdan ko‘tariladi

Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqovning qayd etishicha, O‘zbekiston BTMda 2 yildan so‘ng konvensiya ijrosi bo‘yicha hisobot topshiradi. Uyushma hozir konvensiya ijrosi bo‘yicha o‘z tashabbusi bilan dastur ishlab chiqmoqda.

“Nogironlar assotsiatsiyasi dasturni ishlab chiqib, uni Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazga beradi, markaz esa uni Vazirlar Mahkamasiga yuboradi, keyin uni Qonunchilik palatasi tasdiqlashi kerak. Bu qancha vaqtni olishini aniq bilmayman. Balki prezident o‘z ma'ruzalarida dastur haqida aytsa, bir haftada hal bo‘lar, aytilmasa, yana anchaga cho‘zilishi mumkindir balki.

Lekin hisobotga bir yil qolganda shoshib qolinishi mumkin. Shuning uchun biz uzog‘i bilan noyabr oyigacha dastur loyihasini tugatishni va uni deputatlar tasdiqlashini, so‘ng amalga tatbiq etishni boshlashni reja qilyapmiz”, – deydi Oybek Isoqov.

Xalqaro nazoratning bo‘lishi nogironligi bor shaxslarning huquqlaridan foydalanish imkoni ko‘proq bo‘lishiga sababchi bo‘lishi umid qilinmoqda.

Lekin hali hisobotgacha o‘rtada 2 yil bor. G‘alvir suvdan ko‘tariladigan payt shoshib qolmasak bo‘ldi.

Zilola G‘aybullayeva,
jurnalist

Mavzuga doir:

Top