08:01 / 08.05.2020
6368
Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun alohida sinflar ochish inklyuziv ta'lim tamoyiliga to‘g‘ri keladimi? – Ekspert fikri

O‘zbekistonda turli xil nogironligi bo‘lgan bolalar inklyuziv (uyg‘unlashgan) sharoitda sifatli ta'lim olishlari va keyinchalik munosib ish o‘rinlari bilan ta'minlanishlari uchun qanday choralar ko‘rilishi kerak? Buyuk Britaniyadagi Sasseks universiteti doktoranti Dilmurod Yusupov ushbu maqolasida shu haqda so‘z yuritadi.

Foto: Shutterstock

Yaqinda Xalq ta'limi vazirligi «Nogironligi bo‘lgan bolalarga ta'lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi va O‘zbekistonda 2030 yilgacha inklyuziv (integratsiyalashgan) ta'limni rivojlantirish konsepsiyasini muhokamaga qo‘ydi.

Mazkur qaror loyihasi va konsepsiyaning muhokamaga qo‘yilganini nogironligi bo‘lgan bolalarning ijtimoiy muhofazasi, ta'lim olishi va ularni jamiyatimizga qo‘shish borasidagi salmoqli qadam, deb baholash mumkin. Shu bilan birga, qaror va konsepsiyada qator tushunmovchiliklar mavjud bo‘lib, taklif etilayotgan choralar inklyuziv (uyg‘unlashgan) ta'lim tamoyillariga to‘liq mos kelmasligi mumkin.

Alohida sinflar – bu inklyuziyami yoki ajratish?

Qaror loyihasiga muvofiq, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab hududlarda bittadan umumta'lim maktabida sinov tariqasida «jismoniy yoki psixik rivojlanishida turli nuqsoni hamda davolanishga va sog‘lomlashtirishga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun alohida tayanch korreksion sinf» ochilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, har bir sinovdagi umumta'lim maktabida shtat jadvalida bir nafar defektolog o‘rni ajratiladi.

Ammo, qaror loyihasida foydalanilgan terminologiyadan aynan qaysi turdagi nogironligi bo‘lgan bolalar nazarda tutilgani noaniqligicha qolmoqda. Bolalarda turli xil nogironlik holatlaridan kelib chiqqan holda, turli xil tana funksiya buzilishlari bo‘lishi mumkin, ya'ni jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor (ko‘rish va eshitish).

Mazkur nogironlik holatlaridan kelib chiqqan holda, bolalarning ehtiyojlari ham tubdan farq qiladi.

Misol uchun, jismoniy imkoniyati cheklangan bolaga umumiy maktabda pandus o‘rnatilishi va boshqa oqilona qulayliklar yaratish orqali maktab binosini moslashtirishning o‘zi kifoya qilsa, ko‘zi ojiz bola uchun bu maxsus Brayl yozuvidagi darsliklar va moslamalar, kar va zaif eshituvchi bolalar uchun imo ishora tili xizmati va o‘qishda qiyinchiligi tufayli alohida ehtiyojlarga ega bolalar uchun bu qo‘shimcha tyutor (inglizcha tutor — «pedagog-murabbiy») xizmati demakdir.

Bir tasavvur qilib ko‘raylik. Keyingi yil 1 sentyabrdan boshlab ma'lum bir hududning umumta'lim maktabida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun alohida birinchi «N» sinfi tashkil qilindi. Autizmi bo‘lgan bolaning otasi Farhod Ortiqboyevning fikricha, bu «davlat ichidagi davlat bo‘lib» inklyuziv ta'lim tamoyillariga zid keladi va bolalarni ularning nogironlik holati bo‘yicha ajratish bo‘lib qoladi.

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasiga muvofiq, inklyuziv ta'lim (fransuzcha «inclusif» — «o‘ziga qo‘shgan» so‘zidan) — nogironligi bo‘lmagan bolalarning nogironligi bo‘lgan bolalar bilan birgalikda o‘qitilishi deb hisoblanadi.

Ko‘pgina davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ommaviy maktabdagi maxsus sinflar bolalar jamoatchiligi tomonidan qabul qilinmaydi.

To‘g‘ri, ba'zi davlatlarda shunday tajribalar amalga oshirilgan bo‘lib, birinchi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun alohida sinflar tuzilib, keyin asta-sekin ular umumiy sinflarga qo‘shilgan. Bunday yondashuv bolalarning muloqot qilishlariga imkoniyat yaratishi mumkin, lekin ularning o‘zaro muloqoti o‘qish jarayonidan tashqarida cheklangan bo‘lib qoladi.

Qachon umumiy maktablar inklyuziv bo‘ladi?

Jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar umumiy maktabda uyg‘unlashgan sharoitda ta'lim olishlariga hech qanday to‘siq bo‘lishi mumkin emas, chunki ularning aqliy salohiyatlari cheklanmagan.

Ular duch keladigan asosiy to‘siqlar – bu maktab binosining moslashtirilmagani hamda maktab rahbariyati, o‘qituvchilar va nogironligi bo‘lmagan o‘quvchilarning ota-onalari tomonidan salbiy va kamsituvchi munosabati.

Ko‘pchilik jismoniy nogironligi bo‘lgan bolalar umumiy maktablarga qatnay olmagani tufayli uy sharoitida sifatsiz ta'lim olishga majbur bo‘lmoqdalar. Muammo bu yerda bolaning jismoniy holatida emas, balki umumiy maktablarda sharoitlar yaratilmaganida.

Davlat tomonidan ajratilgan 2 foiz kvota asosida I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar oliy ta'lim muassasalariga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilinganidan so‘ng, bir qator to‘siqlarga duch kelishdi. OTMlar o‘quv binolarida sharoitlar bo‘lmagani tufayli, alohida nogironligi bo‘lgan talabalar uchun akademik guruhlar tashkil qilindi.

Bu muammoni hal etish uchun qaror loyihasida OTMlarning o‘quv binolari va talabalar yotoqxonalarida nogironligi bo‘lgan talabalar uchun shart-sharoitlar yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Ammo, OTMlarga yuklanayotgan majburiyat umumta'lim maktablariga taalluqli emasmi?

«O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy infratuzilma obektlariga to‘sqinliksiz kirishini, transportdan, aloqa va axborot vositalaridan to‘sqinliksiz foydalanishi ta'minlanishi kerak.

Umumiy o‘rta ta'lim maktablari ijtimoiy infratuzilma obektlari ro‘yxatiga kiradimi? Nega yaqinda Sirg‘ali tumanida yangi qurilgan umumiy maktablarda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun shart-sharoitlar yaratilmadi? Bu qonun buzilishiga kirmaydimi?

Ixtisoslashtirilgan yoki inklyuziv ta'lim?

Qaror loyihasida bir tomondan sinov tariqasida alohida sinflarni tashkil etish kiritilgan bo‘lsa-da, ikkinchi tomondan ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha rejalar kiritilgan. Turli xil nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari oldingi davrdan bizga meros bo‘lib qolgan. Maxsus ta'limning kamchiliklari bor.

Birinchidan, ularning soni cheklangan bo‘lib, barcha nogironligi bo‘lgan bolalarni qamrab olish salohiyatiga ega emas. Ayniqsa, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi bolalar asosan shahar markazlarida joylashgan maktab-internatlariga borib, oila a'zolaridan yiroqda yotoqxonalarda yashab o‘qishga majbur bo‘lmoqdalar. O‘quv jarayoni qanchalik sifatli yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lsa-da uylaridan uzoqda yashash yosh bolalarning ruhiy rivojlanishi va oiladagi olishi kerak bo‘lgan tarbiyaga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Qaror loyihasida maxsus maktab-internatlarni optimallashtirish va bosqichma-bosqich nogironligi bo‘lgan bolalarni ommaviy maktablarga o‘tkazish o‘rniga, maxsus ta'limni yanada rivojlantirish choralari ko‘zda tutilgan.

Ikkinchidan, cheklangan davlat budjetiga maktab-internatlarni doimiy moliyaviy ta'minlab turish, yangi maxsus maktablar va yotoqxonalarni qurish hamda maxsus maktablarining qo‘shimcha xodimlariga ish haqi to‘lash kabilar xarajatlarning keskin oshishiga olib kelishi mumkin. Buning o‘rniga, umumiy maktablarda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun shart-sharoitlar yaratib, ularni o‘quv jarayoniga qo‘shish davlat budjetini tejash va hozirda maxsus ta'limga yo‘naltirilayotgan mablag‘larni inklyuziv ta'limni rivojlantirishga imkoniyat yaratishi mumkin.

Misol uchun, ko‘zi ojiz bola, agar Brayl yozuvidagi maxsus darsliklar va moslamalar bilan ta'minlansa, umumiy o‘rta ta'lim maktabiga pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha OTMni bitirgan ko‘zi ojiz o‘qituvchi ishga qabul qilinsa, maxsus maktab-internatiga ehtiyoj qolmaydi. Bu orqali ham ko‘zi ojiz bola inklyuziv sharoitda ta'lim olish huquqiga ega bo‘lib, ham ko‘zi ojiz o‘qituvchi munosib ish bilan ta'minlanadi.

Maxsus resurslar va kadrlar yetishmovchiligi

Qaror loyihasiga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida o‘quvchilarni darsliklar, ayniqsa ko‘zi ojiz bolalar uchun mo‘ljallangan Brayl yozuvi asosidagi darsliklar bilan yetarli darajada ta'minlash nazarda tutilgan.

Maxsus darsliklarning yetishmovchiligi bu – katta muammo va uni yechish uchun davlat ko‘magida Ko‘zi ojizlar bosmaxonasining Brayl usulidagi darslik chop etish quvvatini oshirish rejalashtirilgan.

2017 yil 1 dekabr qabul qilingan «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga muvofiq, tegishli davlat idoralari hududlardagi umumta'lim maktablari negizida imo-ishora tili va Brayl alifbosini o‘rgatish bo‘yicha ushbu sohadagi mutaxassislarni jalb qilgan holda, maxsus kurslarni tashkil etishi kerak edi. Ammo hali-hanuz bu choralar amalga oshirilgani yo‘q.

Respublika miqyosida professional imo-ishora tili tarjimonlari va surdopedagoglar yetishmovchiligi sezilyapti.

Shuningdek, aqliy imkoniyati cheklanib alohida ta'lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan (autizm, autistik spektrning buzilishi (AASB), Daun sindromi, autistik spektrning buzilishi (AASB) va boshqa holatlaridagi) bolalar inklyuziv sharoitlarda ta'lim olishlari uchun zarur bo‘lgan tyutorlar shtat birligi qaror loyihasiga kiritilmagan.

Umuman olganda, O‘zbekistonda hali «tyutor» lavozimi yo‘q va pedagogika OTMlari bunday kadrlarni tayyorlamaydi.

Faqat tibbiy yondashuv samarali natija beradimi?

Qaror loyihasida ta'lim-tarbiya jarayonlarining asosiy maqsadi deb «nuqsonlarni tuzatish (korreksiya)ga yetarli darajada yo‘naltirish» nazarda tutilgan.

«Korreksion pedagogika» va «defektologiya» atamalarini eshitgan inson asosan bolalarning nuqsonlari va ularni tuzatish yoki ularni «normal» holatga keltirishni ko‘z oldiga keltiradi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab har bir ixtisoslashtirilgan maktab-internatga 1tadan shifokor va hamshira shtati birligini kiritish va doimiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi ham tibbiy yondashuvni ko‘zda tutadi.

Ammo, bunday yondashuv faqat nogironlikning tibbiy modeliga asoslangan bo‘lib, muammoni asosan bolalarning nuqsonlarida deb biladi. Tibbiy model inklyuziv ta'lim tamoyiliga ham zid keladi, chunki asosiy e'tibor bolaning qobiliyatlari va yutuqlariga emas, balki uning jismoniy holatiga qaratilgan bo‘ladi.

Ko‘pchilik ota-onalar ham o‘zlarining bor e'tiborlarini va moliyaviy mablag‘larini farzandlarini davolatish va sog‘lomlashtirish, tibbiy reabilitatsiya orqali «normal» holatga keltirishga sarflashadi. Ammo tiklab bo‘ladigan holatlar bor va tiklab bo‘lmaydigan holatlar bor. Natijada nogironligi bo‘lgan bolalar boshqa bolalarga qaraganda o‘quv jarayonidan ortda qolib ketishadi va sifatsiz uy ta'limi bilan kifoyalanib qolishadi.

Kasb-hunarga yo‘naltirish va ish bilan ta'minlash

Toshkent shahrida joylashgan, nutqida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun 25-sonli ixtisoslashtirilgan (yordamchi) maktab o‘quvchilari ota-onalari bilan suhbatlashganimda ular bir katta muammo haqida aytishgan edi. Ularning farzandlari olayotgan maktabni tugatganlik haqidagi hujjat umumiy maktab attestatidan keskin farq qilgan holda aqliy imkoniyati cheklangan bolalarni kasb-hunar egallashida katta to‘siq bo‘lib kelyapti.

Bu hujjat bilan ular na kollejga, na 2 foizli imtiyozli kvota bo‘yicha OTMlarga o‘qishga kirishlari mumkin. Natijada 9 yillik ixtisoslashtirilgan maktabni bitirgandan so‘ng o‘lar to‘rt devor ichida qolib ketishyapti.

Muammoni yanada murakkablashtiruvchi bir omil bu – nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus kasb-hunar kollejlarning yopilishi.

Shu bilan birgalikda, uy sharoitida ta'lim olgan nogironligi bo‘lgan bolalarning o‘qishni tugatganligi haqidagi tasdiqlovchi hujjat boshqa attestatlardan farq qiladi. Hujjatdagi fanlar va baholar ro‘yxati qisqartirilgan bo‘lib, bir necha kerakli fanlar o‘tilmaydi. Natijada uy sharoitida ta'lim olgan bola kollej yoki litseyga va keyinchalik OTMga o‘qishga kirishda to‘siqlarga uchrashi mumkin.

Bundan tashqari, uy sharoitida ta'lim berish uchun o‘qituvchilarga qo‘shimcha haq va yo‘l haqi kompensatsiyasi to‘lansa-da, nogironligi bo‘lgan bolaning uyiga borib doim ham dars o‘tmaslik holatlari kam emas. Bu esa ularing keyingi ta'lim bosqichida o‘qish uchun yetarli bilim ko‘nikmalarga ega bo‘lmasliklariga sababchi bo‘ladi. Uy sharoitida nogironligi bo‘lgan bolaning yolg‘izlik hissi yanada kuchayadi va kerakli ijtimoiy ko‘nikmalarni rivojlantirmasdan kelajakda uyda o‘tirib qolish ehtimoli katta bo‘ladi.

Qolaversa, jamiyatimizda nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga nisbatan muayyan munosabat shakllanib qolgan, ya'ni ularni kasb-hunar o‘rgatish uchun faqat tikuvchilik va shunga o‘xshash kasblarga yo‘naltirish odatiy hol bo‘lib qolgan. Nogironligi bo‘lgan ayol kasbi deganda tezda tasavvurimizda tikuv mashinasi, overlok va boshqa anjomlar vujudga keladi. Ular boshqa faoliyati bilan shug‘ullanishlari mumkin emasmi?

Inklyuziv yechimlar qanday bo‘lishi kerak?

O‘zbekiston tomonidan 2009 yil imzolangan va haligacha ratifikatsiya qilinmagan «Nogironlar huquqlari to‘g‘risida»gi BMT Konvensiyasining 24-moddasiga muvofiq, nogironligi bo‘lgan bolalar boshqalar bilan teng ravishda o‘z yashash joylarida, inklyuziv, sifatli va bepul boshlang‘ich ta'lim va o‘rta ta'limni olish imkoniyatiga ega bo‘lishi ta'minlanishi kerak.

Ya'ni xalqaro standartlarga ko‘ra, inklyuziv ta'lim olish – inson huquqlaridan biri, deb e'tirof etilgan.

O‘zbekistonda inklyuziv ta'limni rivojlantirish ham davlatimiz va jamiyatimiz, ham nogironligi bo‘lgan bolalar va ota-onalar manfaatida deb ishonaman. Maktab, kollej, litsey yoki oliy ta'lim muassasasida o‘qish jarayoni bu nafaqat bilim, balki o‘zaro muloqot qilish, ijtimoiy ko‘nikmalarni shakllantirish va natijada ularning keng jamoatchilikka qo‘shilishi hamda jamiyatimizning nogironligi bo‘lgan shaxslarga munosabatini ijobiy tomonga o‘zgartirishning muhim omili deb hisoblanadi.

Bu sohadagi samarali ilk qadamlardan biri 2014-2016 yillarda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan «O‘zbekiston Respublikasidagi alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta'lim» loyihasi Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda Respublika bolalarning ijtimoiy moslashuvi markazi tomonidan amalga oshirilgan edi.

Loyiha doirasida 5ta hududda yengil nogironlik turidagi bolalarni umumta'lim maktablarida inklyuziv ta'lim tamoyillari asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan edi. Bunda o‘qituvchilar va ota-onalar bilan alohida ish olib borilib, pilot resurs markazlar tashkil etilgan edi. Afsuski, ko‘pgina muvaffaqiyatlarga qaramay, loyiha natijalari bardavom bo‘lgani yo‘q.

Loyiha natijasida O‘zbekistonda inklyuziv ta'limning huquqiy asoslari Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan edi. 2015 yil 17 iyunda «Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida kamchiligi bor o‘quvchilarni bitta ixtisoslashtirilgan muassasadan ikkinchisiga yoki inklyuziv (integratsiyalashgan) sharoitida ta'lim olishi uchun maktabga o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlanib, nogironligi bo‘lgan bolalarning umumta'lim maktablariga o‘tkazishning tartibi ishlab chiqilgan edi. Ammo amaliy harakatlarsiz normativ hujjatlar shunchaki qog‘ozda qolib ketish ehtimoli katta.

Muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasi va O‘zbekistonda 2030 yilgacha inklyuziv (integratsiyalashgan) ta'limni rivojlantirish konsepsiyasini nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari va ularning jamoat tashkilotlari hamda nogironlar tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikda olib borilishi kerak va qo‘yidagi takliflarga ahamiyat berish kerak.

Birinchidan, «Ta'lim to‘g‘risida»gi umumiy qonunda nogironligi bo‘lgan bolalar va ularning ota-onalari inklyuziv (uyg‘unlashgan) sharoitda ta'lim olish huquqi va bu huquqni amalga oshirish tartibi hamda uning aniq mexanizmlari belgilanishi shart.

Bu huquq Xalq ta'limi vazirligi qabul qilgan ichki nizom emas, balki asosiy qonunlarda belgilanishi shart va milliy qonunchiligimiz «Nogironlar huquqlari to‘g‘risida»gi BMT Konvensiyasini ratifikatsiya qilish orqali moslashtirilishi shart.

Ikkinchidan, umumiy o‘rta ta'lim maktablari «Nogironlarni ijtimoiy ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq o‘z maktab binolarini nogironligi bo‘lgan bolalarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda oqilona moslashtirishlarini ta'minlashi shart.

Ushbu qonunning 9-moddasi muvofiq, yangi umumta'lim maktablarni nogironligi bo‘lgan shaxslarni ehtiyojlarini hisobga olmasdan qo‘rishga yo‘l qo‘yilishi qonun buzilishi holatlariga olib keladi. Yangi maktablarda shart-sharoitlar yaratish nafaqat nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar, balki nogironligi bo‘lgan o‘qituvchilar, ota-onalar va keng jamiyat uchun manfaatli bo‘ladi.

Uchinchidan, inklyuziv ta'limni samarali yo‘lga qo‘yish uchun professional kadrlarni tayyorlash kerak. Turli xil nogironligi bo‘lgan bolalarni ommaviy maktablarda qo‘llab-quvvatlovchi xizmatlarni tashkillashtirish uchun, o‘qishda qiyinchiligi bo‘lgan bolalarni ta'lim jarayonida hamroh qiluvchi tyutorlarni tayyorlashimiz kerak.

Inklyuziv ta'lim bu – nogironligi bo‘lgan bolalarning jismoniy holatidan kelib chiqib alohida sinf tashkil qilib korreksiya va sog‘lomlashtirish emas. Balki ularning qobiliyatlari va yutuqlari asosida va ularning alohida ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda individual ko‘llab-quvvatlash xizmatlari va oqilona qulayliklarni ta'minlab barcha bolalarga qo‘shishdir.

Bunga asosiy to‘siq – ko‘pchilikning ongi va nogironligi bo‘lgan bolalarning salohiyatiga ishonchsizlik. Ammo shuni unutmasligimiz kerak: xilma-xillik inson hayotining barcha jihatlarini kuchaytiradi.

Dilmurod Yusupov,
Buyuk Britaniyaning Sasseks universiteti qoshidagi
Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti

Top