Toshkentda klassik shim kiyib kelgan o‘quvchi qiz maktabga kiritilmadi. XTV bu talab noto‘g‘ri ekanini bildirdi
Shayxontohurdagi 34-maktab rahbarlari bugun ertalab doimgidek eshik oldida turib, formasiz o‘quvchilarning yo‘lini to‘sgan. Ular havo sovuqligi uchun klassik qora shim kiygan o‘quvchining ham kirishiga qarshilik qilgan. Voqea internetda tarqalgach, maktab ma’muriyati uzr so‘rashga majbur bo‘ldi. XTVning eslatishicha, sovuq havoda o‘quvchi qizlar klassik shim kiyishi mumkin.
Bugun, 19 oktyabrda Toshkentning Shayxontohur tumanidagi 34-maktab direktori o‘rinbosari kunlar sovib ketgani uchun darsga shim kiyib kelgan o‘quvchi qizni maktabga kiritmadi. Kun.uz holat yuzasidan o‘quvchining onasi, maktab ma’muriyati va Xalq ta’limi vazirligi bilan bog‘landi.
Holat haqida dastlab 8-sinf o‘quvchisining onasi Gulnoza Odilova Facebook'dagi sahifasida yozdi.
“Direktor o‘rinbosari ertalab maktabning darvozasi oldidan shu sovuq havoda qalin shim kiyib kelgan qizlarni “kolgotki bilan yubka kiyib kel” deb darsga kiritmasdan, uyga qaytarib yuboryapti. Maktabda “otopleniye” yonmagan. Xonalar sovuq. Maktab ta’lim berishi kerakmi yoki “uni kiy, buni kiyma” bilan shug‘ullanadimi?” – degan u.
Onaning aytishicha, qizining oyog‘ida revmatizm borligi sababli “kolgotki” kiyib yura olmaydi. Qolaversa, kiygan shimi jinsi emas, qora rangli qalin klassik shim bo‘lgan.
Gulnoza Odilovaning so‘zlariga ko‘ra, maktabdagi ta’lim sifati juda past, qizini uylariga yaqin bo‘lgani uchungina shu maktabga bergan va u asosiy bilimni qo‘shimcha o‘quv kurslarida oladi. “Sovuqda shidrayib “kolgotka” kiyib borsa, sifatsiz ta’lim sifati oshadimi?” deya savol qo‘ygan o‘quvchining onasi.
Odilova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda aytishicha, direktor o‘rinbosari bilan telefon orqali gaplashganida o‘qituvchisiga tushuntirish xati yozib berishini, shunda faqat uning qiziga istisno tariqasida shimda kelishga ruxsat berilishi mumkinligini ta’kidlagan.
34-maktab direktori o‘rinbosari (yuqoridagi voqeada tilga olingan o‘rinbosar emas) Abdulhamid To‘laganov Kun.uz savoliga javoban maktabda o‘quvchilarning formasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 666- va 271-sonli qarorlariga asosan ish olib borilayotganini aytdi.
“Ya’ni maktabimizda o‘quvchilarning formada kelishi bo‘yicha kutib olish joriy qilingan. 19 oktyabr kuni ertalab odatdagidek biz kutib olganmiz.
Sovuq kunlarda, qish vaqtida qizlarning shim kiyib kelishiga ruxsat berilgan, lekin hali havo harorati unchalik ham sovimagani uchun shimga ruxsat bermagan edik. Shu ma’noda kirib kelayotgan o‘quvchiga e’tiroz bo‘lgan: “Shim emas, yubkada kelishing kerak, hali sovuq tushmagan”, degan mazmunda maktab direktorining boshqa o‘rinbosari tomonidan ogohlantirilgan.
Lekin u qiz uyiga ketkazib yuborilgan emas, bu bola darsda bo‘lgan. O‘sha jarayonda maktabga kiritilgan, ketkazib, haydab yuborilgan emas”, – dedi direktor o‘rinbosari.
Abdulhamid To‘laganovning qo‘shimcha qilishicha, maktab ma’muriyati o‘quvchi qizning onasi bilan aloqaga chiqib, undan uzr so‘ragan. Shu bilan birga, qizlardan yubkada kelishni talab qilgan direktor o‘rinbosari bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. To‘laganov maktab kengashining qaroriga ko‘ra, shim kiyishga ruxsat berilganini ta’kidladi.
Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda muhokama mavzusiga aylanishi ortidan Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rasmiy axborot chiqardi. Unda aytilishicha, sovuq ob-havo sharoitida o‘quvchi qizlarga maktab formasiga mos klassik uslubdagi shim kiyishga ruxsat beriladi. Bu – Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizomda yozib qo‘yilgan.
Vazirlik qanday shim nazarda tutilayotganini tushuntirish uchun namuna sifatida quyidagi suratni e’lon qildi:
34-sonli maktabdagi holat bo‘yicha o‘quvchilarning maktabga kirishiga to‘sqinlik qilgan mutasaddiga nisbatan qandaydir chora ko‘rilgan-ko‘rilmagani masalasi ochiq qoldi: XTV axborot xizmati Kun.uz savoliga javoban tayinli axborot bera olmadi.
O‘zbekiston maktablarida ta’lim sifatini oshirish va zarur sharoitlar yaratishga emas, o‘quvchilarning kiyinishi va davomatiga ustuvorlik berilishi muntazam tanqid qilib kelinadi. Ayniqsa qishda mamlakatdagi ko‘plab sinfxonalar yetarlicha isitilmaydi, bolalar darsda qalin qishki kiyimlarda o‘tirishga majbur bo‘ladi.
“Men maktabda o‘qigan 2000-yillarning boshlarida ham shunaqa ahmoqlik bor edi. Qahraton qorda ham yubka kiy deb shim kiyganlarni uyga qaytarib yuborishardi. Shim ustidan yubka kiyib kelardi qizlar, qanaqa ahmoqona davrlarda yashagan ekanmiz, hozir eslasam, hali ham davom etyapti ekan. Qishda erkin formaga qo‘yib berishi kerak deb uylayman. Formadan ko‘ra sog‘lik birinchi o‘rinda”, – deya voqea haqida Facebook'dagi postga izoh yozgan Shaydoxon Karimjonova ismli foydalanuvchi.
“Oq “vodolaska” kiyib borgani uchun o‘g‘limni ham darsdan chiqarib yuborishgandi. Kamiga “zamdirektori” tarsaki ham tushirgan. Yig‘lagudek kirib kelgan. Bormayman endi maktabga deb. Tegishli joylarga murojaat qilganman. Eng alam qilgani – ingliz tilidan ataylab attestat baholarini pasaytirib berishdi. IELTS'ga tayyorgarlik ko‘rar edi. O‘qituvchisidan yaxshiroq bilar edi. Ustozi tanimay, so‘ramay 3 ni ketma-ket qo‘yavergan.
Yuqori sinfga o‘tganidan keyin bolaning umri uvol davlat maktablarida. Chunki rus sinflarida kadr yetishmaydi, 30 dan oshiq qiz-o‘g‘il o‘quvchilarni esa dars o‘tilmasa ham uyiga javob bermay sinfga qamab qo‘yishardi. Avvalgi rahbarlar o‘zgargan bo‘lsa ham, tizim o‘zgarmabdi. Afsus”, – deya yozgan Shohida Sharipova.
“Yaqinda bir maktab rahbari bilan hamsuhbat bo‘lib qoldim. Gap orasida bunday deydi: “Maktabda o‘rangan qizlar soni juda ko‘payib ketyapti, menga qolsa, qizlarni boshidagi ro‘molini bitta qoldirmay yechtirar edim. Yosh bola bo‘lsa, nimaniyam tushunardi bular hali din to‘g‘risida”. Yaxshiyam senga qolmagan ekan dedim, jahlimni ichimga yutib...” – deya ta’kidlagan Facebook'ning yana bir foydalanuvchisi Abduvohid Islomovich.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda ijtimoiy soha obektlarini isitish 22 oktyabrdan boshlanishi e’lon qilingan.
Mavzuga oid
11:59
Havo soviyapti: Toshkent shahriga iflos havo yana qaytadimi?
21:35 / 28.11.2024
Toshkentda 5 ta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
07:32 / 28.11.2024
Toshkentda jamoat transporti ishi 24 soatlik rejimga o‘tkazilishi mumkin
23:47 / 26.11.2024