O‘zbekiston | 19:26 / 04.04.2023
124208
7 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qon pedagogika institutida qizlarning yotoq xonasiga yashirin kamera o‘rnatildi: maqsad nima?

Institut yotoqxonasining talaba qizlari yashovchi xonasiga yashirin kamera o‘rnatilgan. Qizlar bu haqda prorektor va rektorga arz qilib, o‘zlari baloga qolib ketay deyishgan.

Foto: KUN.UZ

Qo‘qon davlat pedagogika institutida o‘quvchi bir necha talaba-qiz Kun.uz'ga murojaat qildi. Talabalarning aytishicha, 1 aprel kuni ularni referendum targ‘ibot tadbiridan zudlik bilan chaqirib, yotoqxona (talabalar turar joyi)dagi xonani ochib berishni so‘rashgan. “Vay-fay signali yo‘qolib qolayotgani sababli uni kuchaytiruvchi moslama o‘rnatilishi”ni aytishgan.

Qizlar xonani ochib berishganidan so‘ng, ustalar kirib, simlarga tegishib, nimadir o‘rnatishgan.

Kamera o‘rnatilish jarayoni.

Tabiiyki, qizlar bundan shubhalanishgan. Xonaning yuqori burchagiga o‘rnatilgan moslamani ochib ko‘rishgan. U uchta shurup bilan qotirilgan. To‘rtinchi shurup joyiga shurup qotirilmagan, lekin qora narsa bo‘rtib turganini ko‘rishgan. Keyinchalik bu narsa yashirin kameraning mitti obektivi ekani ma’lum bo‘lgan.

Yashirin kamera o‘rnatilgan burchak. Strelka bilan obektiv joylashgan o‘rin ko‘rsatilgan

Qizlar o‘rnatilgan moslamani yechib olib, mutaxassislarga olib borib, ko‘rsatishgan. Ular bu matoh yashirin kamera ekanini aytishgan.

Kamera ovoz va tasvirni flesh-diskka ham yozib olishini, tarmoq orqali boshqa qurilmaga uzatishini ham aytishgan. Ya’ni xonani bu kamera orqali onlayn kuzatib turish imkoni ham bo‘lgan.

Qizlar kameraga biriktirilgan 128 Gb hajmdagi flesh-diskni ochib o‘qitib ko‘rishganida, ularning uydan kelib, yalang‘och kiyim almashtirayotganlari ham tasvirga tushganiga guvoh bo‘lishgan.

Yashirin kamera

«Tadbirdan shoshilinch yetib kelib, xonamizga nima o‘rnatilayotganiga qiziqib so‘radik, albatta. Aytishdiki, Wi-Fi to‘lqini yaxshi ketmayapti, o‘shaning chastotasini kuchaytirib beradigan qurilma o‘rnatyapmiz, qayerlarda uzilish bo‘layotganini bilib olishimiz kerak, deyishdi.

Biz xonamizni ochib berganimizdan so‘ng QDPIning talabalar turar joyi bo‘yicha mas’uli (komendanti) Ravshan Mahkamov «sizlar ustalarga xalaqit bermasdan chiqib turinglar», deb bizni xonamizdan olib chiqib ketaverdi.

Biz uzoqdaligimizda pichirlashib gaplashib, yaqinlashsak ovozini balandlatib mavzuni o‘zgartirgan kishi bo‘lib talmovsirab, ularning xatti-harakatlari bizda shubha uyg‘otdi.

2 aprel, yakshanba, uyga mo‘ljaldan kech borganimizda uydagilar kech kelganimiz sababi bilan qiziqishdi. Bor gapni aytdik. Uydagilar «Wi-Fi tarqatuvchi qurilma xonalaringdami?» degan savolni berishdi. Yo‘q dedik. Wi-Fi qurilmasidan o‘sha matohga qarata sim tortishdimi, deb so‘rashdi. Yo‘q dedik. Keyin uydagilar «o‘sha narsani ochib ko‘ringlar, Wi-Fi'ga ulanmagan bo‘lsa boshqa narsa bo‘lishi kerak», deyishdi.

Dushanba kuni yotoqxonaga kelganimizdan keyin, yechinib, kiyimlarimizni almashtirib, uydan olib kelgan narsalarimizni joylashtirganimizdan so‘ng boyagi qutini ochib ko‘rdik. Ochayotgan jarayonimizda yuqoridagi bitta shurup singandek ko‘rindi.

O‘rnatilgan uskunalarni joyidan yulib olib, mutaxassisga olib borib ko‘rsatdik va u yashirin kamera bo‘lib chiqdi», – deb hikoya qilib berdi shu xonada turuvchi qizlardan biri.

Qizlar yotoqxonaning boshqa xonalariga ham yashirin kameralar qo‘yilgan-qo‘yilmaganini bilmasliklarini aytishdi.

Qizlar 102 raqami (IIB)ga qo‘ng‘iroq qilib, arz qilishgan. Prezident portaliga ham ariza tashlashgan. Ariza aylanib kelib mahalliy uchastka noziriga tushgan. U o‘rganmoqda. Uchastkavoy ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Oybek Bozorovga har bir aniqlangan detal bo‘yicha hisobot berib turgani aytilyapti.

Qizlar bu voqeadan shikoyat qilib, institut rektori Dilnozaxon Xo‘jayevaning ham huzuriga kirishgan.

«Rektor salomimizga alik ham olgani yo‘q. Bizni eshitib, «yashirin kamera ekanini qayoqdan bilaqoldinglar?» dedi. Biz uni ochib mutaxassisga ko‘rsatganimizni aytdik. «Xonalaringga o‘rnatib ketilgan institutning mulkini ochib ko‘rishga nima haqlaring bor? Balki o‘zlaring o‘rnatgandirsizlar», deb o‘shqirdi rektor bizga», – deyishdi qizlar.

Prorektor Oybek Bozorovga ko‘zda yosh bilan murojaat qilgan qizlar «kiyinib-yechinganimiz ham videoga olinibdi», deyishgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, prorektor bunga javoban pinagini ham buzmasdan, 102ga telefon qilgani uchun talabalarga dashnom bergan.

Talaba-qizlarning aytishicha, prorektor bu holatni shikoyat qilgan qizlarni ushbu xonadan ko‘chirib, u yerga tarbiyasi og‘ir boshqa bir qizni joylashtirish reja qilingani, lekin ularni ko‘chirishga ulgurmay qolingani bilan tushuntirishga harakat qilgan.

* * *

Maqola so‘ngida voqea yuzasidan o‘zimning shaxsiy fikrlarimni bildirib o‘tishga jazm qildim.

Taassufki, hali 20 yoshga kirmagan yosh talaba qizlarning hayotiy tajribasi kam va endi ularni nimalar kutayotganini yaxshi anglamaydi.

Eng achinarlisi, hozirgi holatda rektor ham, prorektor ham zarracha o‘zini aybdor his qilmaydi. Shunday qilishga haqimiz bor, deb o‘ylaydi. Haq-huquqi, nomusi himoyasi uchun arz qilgan qizlardan o‘ch olishga harakat qilishadi. Chunki ularni sharmanda qilib qo‘yishdi-da...

To‘g‘risini tan ola qolaylik, toki QDPI rektori, prorektori, talabalar turar joyi bo‘yicha komendant bu ish tufayli ishdan olinmas ekan, bu talaba qizlarga endi tinchlik bo‘lmaydi. Rektor va prorektor albatta ularni o‘qishdan yo‘q qilish choralarini ko‘rishadi. O‘qituvchilarga va boshqalarga bosim qilib, qizlarning umrini kuydirishga harakat qilishadi... Mingta iflos yo‘li bor buning.

O‘ylamasdan, «yetti o‘lchab bir kes»masdan qilgan ahmoqona ishi uchun birovlarning bolasining umrini kuydirib yuborish... Naqadar jirkanch ish-a? Birovning shaxsiy hayotiga so‘ramasdan suqilib kirish-chi? U ham jirkanchlik emasmi?!

Ehtimolki, «bularning barchasi bitta uzr so‘rash bilan o‘tib ketadigan gina-kuduratlar-ku», qabilida yana hammasi kechiriladi...

Aslida, bunday holatda rektor va prorektorning umri kuyishi kerak. Normal davlatlarda aynan mana shunday bo‘ladi. Konstitutsiyani o‘zgartirib, biz ham normal davlat bo‘lmoqchimiz-ku, to‘g‘rimi? Kelinglar, shu ishni Qo‘qondan boshlay qolaylik...

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzuga oid