Jinoyatchilik statistikasidagi o‘sish: mas’ullar nima deydi?
Aholi soni ko‘payishi, jinoyat sodir etish usullarining oshishi va ijtimoiy sabablar natijasida bu raqamlar kelib chiqyapti, deya jinoyatchilikka doir raqamlarga izoh berdi Oliy sud vakili. IIV rasmiysi xalqaro ko‘rsatkichlarga asosan O‘zbekistonda ozodlikdan mahrum qilish jazosi me’yoriy holatda ekanini aytdi.
Oliy sud ochiqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudlarida ko‘rilayotgan ishlar, sudlanuvchilar va ozodlikdan mahrum qilinganlar soni oshib bormoqda. Xususan, ozodlikdan mahrum qilinganlar soni oxirgi 4 yilda 3 barobarga oshgan. Kun.uz Oliy sudning statistik ma’lumotlaridan kelib chiqqan savollar bo‘yicha mas’ullar bilan suhbat tashkil qildi.
Mehmonlarimiz – Oliy sud sudyasi Sanobar Mamadaliyeva, Ichki ishlar vazirligining ilmiy tadqiqot markazi rahbari, yuridik fanlari doktori, professor Ikrom Fozilov hamda advokat Abdumalik Abdullayev.
— Dastlab sudlarda ko‘rib chiqilayotgan ishlar va ishtirokchilar soniga to‘xtalsak. Nima uchun jinoyat sudlarida ishlar soni bunchalik oshib bormoqda? Jinoyatchilik sonining oshishi nimalarga bog‘liq: huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qattiqroq ishlayaptimi yoki insonlar jinoyatga moyilroq bo‘lib qolganmi? Balki ijtimoiy ahvol bunga sababdir?
Ikrom Fozilov:
— Sudlarda jinoiy ishlarning ko‘rish darajasining oshishi mamlakatda jinoyatchilik oshib ketayotganini bildirmaydi. Jinoyatchilikka qarshi kurashda o‘zgarishlar, islohotlar bo‘lyapti va bu o‘z ijobiy samarasini berib, jinoyatchilik kamayishiga erishilyapti. Deylik, 1991 yilda 88 mingta jinoiy ish sodir etilgan, 2022 yilda 105 200 jinoyat sodir etilgan. 1991 yilda aholi soni 20 mln ekanini hisobga olsak, hozirda jinoyatchilik kamaygan.
Jahon tajribasida jinoyatchilik darajasini aniqlashda har 100 ming aholiga nisbatan aniqlash mavjud. 1991 yilda 100 ming aholiga 430 ta jinoyat to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2022 yilda 298 ta. Eng og‘ir jinoyat bo‘yicha solishtiradigan bo‘lsak, 2022 yilda mamlakatimizda 365 ta qasddan odam o‘ldirish jinoyati qayd etilgan. Xalqaro reytinglarga ko‘ra, AQSh va Rossiyada har 100 ming aholiga 7 ta qotillik to‘g‘ri keladi, Braziliyada 22 ta, Qozog‘istonda 3 ta, Ozarboyjon, Kanadada 2 ta, O‘zbekistonda esa 1 ta.
Huquqni muhofaza etuvchi organlar ko‘proq yo kamroq ishlayapti deyolmaymiz. Ular o‘z vakolati doirasida ish olib borishadi. Umuman, islohotlar natijasida jinoyatchilikka qarshi kurash ish uslubi ham o‘zgartirildi.
Hozirda jinoyatlar aniqlanadigan va oldi olinadigan jinoyatlarga bo‘lingan. Deylik, qotillik, o‘g‘rilik, bosqinchilik kabi jinoyatlar oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarga kiradi. Qo‘shmachilik, narkotik, qurol savdosi kabilar esa aniqlanadigan jinoyatlar sirasiga kiradi.
Sanobar Mamadaliyeva:
— Aholi soni ko‘payishi, jinoyat sodir etish usullarining oshishi natijasida bu raqamlar kelib chiqyapti. Bundan tashqari, fuqarolarimizda yetarli darajada huquqiy bilim yo‘qligi ham ta’sir etadi. Sudlarda men bu narsani, oqibatlarini bilmasdim, deydiganlar yetarli.
Ijtimoiy sabablarni ham bir omil qilib olish mumkin. Oiladagi yetishmovchilik, ziddiyatlar ortidan sodir etiladigan qotilliklar bor. Sudlar jinoyatni malakalashda sodir etilishi sabablariga ham e’tibor qaratadi. “Huquqiy bilim yetarli emas” deyiladi, lekin huquqiy bilim oshishi natijasida ham jinoyatlar soni ko‘paymoqda ma’lum darajada. Ya’ni fuqarolar o‘zlariga nisbatan sodir etilgan kichik jinoyatlar yuzasidan ham sudlarga va boshqa organlarga murojaat qilyapti, ko‘z yumib qo‘yish holatlari kamaygan.
Abdumalik Abdullayev:
— Sudlarda ko‘rilgan ishlar soniga qarab jinoyatchilikni belgilash ham biroz noto‘g‘ri. Deylik, qidiruvdagi bir shaxsning ishi bir necha yildan keyin ko‘rilishi mumkin, arizachilar kech ariza topshirishi mumkin.
Ko‘proq oilaviy munosabatlarda kelib chiqqan jinoyatlar borasida ko‘p murojaat bo‘ladi menga ham. Oilalardagi muhit buzilyapti, ajrashgan oilalar farzandlariga yetarli tarbiya berish muammo bo‘lyapti. Ota-onalar va maktab hamkorligi yo‘q. Bu kabi omillar ham sabab bo‘ladi.
— Ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanganlar so‘nggi 4 yilda qariyb 3 barobar oshgan. 2019 yilda 6,9 mingdan 2022 yilda 17 mingga oshgan. Bu juda dahshatli raqamlar emasmi? Nega har yili bu darajada ko‘p insonlar qamalyapti?
Sanobar Mamadaliyeva:
— Sudlanuvchining jinoyati, xatti-harakatlariga huquqiy baho berilib jazo tayinlash muhokama qilinadi. Bu holatda birinchi navbatda shaxsga e’tibor beriladi, ya’ni jinoyatchilikka potensiali, xulosa chiqargani kabilar. Agar jamiyatdan ajratmasdan tarbiyalash iloji yo‘q deyilsa, ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.
Firibgarlik jinoyatlari bor. Bunday jinoyatda yetkazilgan zarar qoplanmasa, so‘zsiz ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. Qonun talabi shunday. Og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarda hech qanday istisnolarsiz ozodlikdan mahrum qilinadi.
Ikrom Fozilov:
— Bu borada qonun doirasida bir qancha yengilliklar ham ko‘zda tutiladi. Bir qancha shaxslarga yengil jazo berish, muddatidan oldin ozod qilish kabi yengilliklar beriladi. Bundan 10 yil oldin qamoqxonalarda 44 mingdan ziyod mahbus bo‘lgan, 2018 yilda esa 31 mingtani tashkil etgan. 2022 yilda esa 27 ming mahbus bor.
Har bir mahbus ma’lum darajada davlat budjetiga yuklama beradi. Shuning uchun insonparvarlik institutlari qo‘llanadi. Shuning uchun hozirda bizda ozodlikdan mahrum qilish jazosi me’yoriy holatda, desak bo‘ladi.
Abdumalik Abdullayev:
— Qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan ayblanuvchiga sudlarda ham ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi ehtimoli katta bo‘ladi, shunday yondashuv bor. Jabrlanuvchilar bilan yarashtirish masalasi ham qiyinlashib boryapti, shu sabab ta’sir qiladi jarayonga.
— E’tibor qilgan bo‘lsangiz, statistikaga ko‘ra, 2019 yildan buyon har yili 20 mingdan ortiq shaxs muddatidan oldin jazodan shartli ozod qilingan, 10 ming atrofidagi sudlanuvchilarning jazosi esa yengilrog‘iga almashtiriladi. Bunday holatda jazolangan shaxslarni nazorat qilish va umuman jazoning muqarrarligi shubha ostida qolmaydimi? Masalan, kimgadir shartli ozodlikka chiqib kelaman yoki jazoni yengilrog‘iga almashtirib olaman, degan kayfiyatni bermaydimi?
Sanobar Mamadaliyeva:
— Muqaddam sudlangan shaxslar ishi sudda ko‘rilganda tahlil etiladi. Ko‘pchiligida ma’lum sabablarga ko‘ra ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanmagan bo‘ladi va bu vaziyatda ular to‘g‘ri xulosa chiqarmaydi. Sudlar tomonidan tayinlanadigan jazolarning maqsadi qayta tarbiyalash bo‘ladi. Muddatidan ilgari ozod etiladiganlarning ishi ham sudlarga yuboriladi va sudlar yaxshi tomonga o‘zgarishni ko‘rolsa, yengillik beriladi ularga.
Ikrom Fozilov:
— Shartli ozod qilish institutlarining qo‘llanishi jinoyatchilik darajasiga ta’sir qilyaptimi, degan masala bo‘yicha tadqiqotlar bo‘lyapti. Shu kungacha qilingan tadqiqotlarga ko‘ra, bu narsa jinoyatchilikka salbiy ta’sir qilyapti. 2022 yilda 90 mingdan ortiq odam jinoyat sodir etgan bo‘lsa, shulardan 11 ming nafardan ko‘prog‘i muqaddam sudlangan shaxslar hisoblanadi. Bu degani 13 foiz (1/9) jinoyatlarni avval jinoyat sodir etganlar amalga oshirgan.
Bu borada xorijiy tajribalar o‘rganilmoqda. Xorijda bu borada maxsus komissiyalar faoliyat yuritadi. Bizda ham bu boradagi ishlarni takomillashtirish kerak hali.
Abdumalik Abdullayev:
— Hali takomillashtirilishi va o‘rganilishi kerak bo‘lgan institut bu. Jazoni yengillashtirish xuddiki jazoni ijro etish muassasaning huquqi bo‘lib qolgandek, sudga taqdimnomani aynan ular beradi. Inson omili bor bunda. Takomillashtirishda shu jihatlar ham e’tiborga olinishi kerak.
· Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Nido
Mavzuga oid
17:11 / 24.10.2024
10 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada qo‘lga olindi
19:20 / 21.10.2024
Toshkentda sudyalar uchun Germaniya va Sloveniya tashkilotlari hamkorligida seminar-trening boshlandi
21:33 / 19.10.2024
Rossiyada go‘dak bolaning o‘limida gumonlanayotgan o‘zbekistonlik enaga hibsga olindi
19:56 / 15.10.2024