O‘zbekiston | 19:53
8225
6 daqiqa o‘qiladi

Taftish.uz saytining 5 xodimi qo‘lga olindi. Ular tovlamachilik va firibgarlik jinoyatlarida ayblanmoqda

Taftish.uz saytining 5 nafar xodimi qamoqqa olindi. IIV xabariga ko‘ra, sayt vakillari “jamoatchilik nazorati kabi adolat pardasi niqobi ortida jinoiy guruh tuzib, tovlamachilik va firibgarlik sodir etib kelgan”. Jinoiy guruh yetakchisi saytning norasmiy rahbari G‘ayrat Aberayev ekani keltirilgan.

Taftish.uz saytining 5 xodimi ushlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB hamda IIV xabar berdi.

Poytaxt IIBBning rasmiy axborotiga ko‘ra, 16 yanvar kuni Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) va 168-moddasida (firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, 1988 yilda tug‘ilgan G‘ayrat Aberayev, 1992 yilda tug‘ilgan Azizjon Yuldashev, 2000 yilda tug‘ilgan Sardor Xamidov, 2006 yilda tug‘ilgan Marjona Eshquvvatova hamda 1998 yilda tug‘ilgan Dilshod Nishonov protsessual tartibda ushlangan.

“Hozirda ularning qo‘shimcha ravishda Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) hamda 244-6-moddasida (yolg‘on axborot tarqatish) ko‘rsatilgan jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda. Taftish.uz OAV yopilgani haqidagi xabarlar assosiz bo‘lib, ushbu nashr kundalik faoliyatini davom ettirmoqda”, deyiladi boshqarma rasmiy axborotida.

IIV xabarida keltirilishicha, sayt vakillari “jamoatchilik nazorati kabi adolat pardasi niqobi ortida jinoiy guruh tuzib, tovlamachilik va firibgarlik sodir etib kelgan”.

“Jinoiy faoliyatini daromad manbaiga aylantirib olgan Aberayev boshchiligidagi jinoiy guruh murojaatchilarni aldash bilan bir qatorda, fuqarolarni obro‘sizlantiruvchi yoki boshqa usulda sharmanda qiluvchi videolarini tarqatish bilan tahdid qilib, yoki shunday videolarni internet orqali e’lon qilinganidan keyin o‘chirib berish evaziga fuqarolardan pul talab qilish bilan shug‘ullanib kelgan. Ya’ni kelib tushgan murojaatlarni yoritganligi uchun bir tarafdan mablag‘ olgan bo‘lsa, tayyorlangan materiallarni o‘chirib yuborish uchun ikkinchi tarafdan pul talab qilishgan”, deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, 2025 yilning noyabr oyida jinoiy guruh a’zolari A.Yuldashev va D.Nishonov jinoiy guruh rahbari G‘.Aberayevning topshirig‘iga ko‘ra, “Chilonzor buyum savdo kompleksi” rahbariyati bilan mazkur hududdan do‘kon sotib olgan fuqaro o‘rtasidagi kelishmovchilik haqida bozor ma’muriyatini obro‘sizlantiruvchi videolavha tayyorlab, 5 dekabr kuni Taftish.uz YouTube kanaliga joylashtirgan. Tadbirkor va bozor ma’muriyati o‘rtasidagi ziddiyat allaqachon sud organlari tomonidan ko‘rib chiqilib, qonuniy qaror qabul qilingan bo‘lgan.

“Taftish.uz vakillari buni juda yaxshi bilishgan, lekin murojaatchining mablag‘i evaziga material bir tomonlama yoritilgan. Shundan so‘ng G‘.Aberayev, jinoiy guruh a’zolaridan biri S.Hamidov orqali bozor ma’muriyati bilan bog‘lanib, videoni o‘chirib berishi uchun 40 mln so‘m pul mablag‘larini tamagirlik yo‘li bilan talab qilgan. Evaziga, videodagi holat o‘z tasdig‘ini topmaganligi to‘g‘risida Telegram kanalda xabar joylashtirishga va’da bergan.

Tamagirlik holatini niqoblash uchun, bozor ma’muriyati Taftish.uz bilan 40 mln so‘mga shartnoma tuzishga majburlanadi. Bu ish S.Hamidovga topshiriladi. Shu tariqa, talab qilingan pullardan 10 mln so‘mi S.Hamidovning bank kartasiga tashlab beriladi”, deyilgan xabarda.

Bundan tashqari, jinoiy guruh a’zolari M.Eshquvvatova, A.Yuldashev va D.Nishonov 2025 yil noyabr oyida Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi “Black plast” MChJ faoliyati to‘g‘risida ikkinchi tomonning mablag‘i evaziga uydirma tafsilotlardan iborat videolavha tayyorlashgan va e’lon qilishgan. Firma faoliyati to‘g‘risida yana ikkita videoholat tarqatish bilan tahdid qilgan holda kompaniya mudiri X.To‘rayevni Taftish.uz ofisiga chaqirtirishgan. So‘ngra undan boshqa videolarni chiqarmaslik evaziga avvaldan ikki tadbirkor o‘rtasida 20 mlrd so‘mlik shartnoma ustidan go‘yoki qarzi qolganday ko‘rsatib, 1 oy muddatda qo‘shimcha 20 mlrd so‘m berish majburiyati haqida tilxat yozdirib olishgan.

Tadbirkorning katta miqdordagi pul berishga osonlikcha ko‘nganidan xursand bo‘lgan guruh a’zolari 60 mln so‘m talab qilib, jinoiy yo‘l bilan olinayotgan pullarni niqoblash maqsadida 60 mln so‘mlik shartnoma tuzishga majbur qilishgan. Tadbirkor belgilangan muddatda pulni berolmaganidan keyin jinoiy guruh a’zosi M.Eshquvvatovaning tahdidlari ortidan A.Yuldashev va D.Nishonov tadbirkorni obro‘sizlantiruvchi videolarni o‘z kanallarida tarqatishgan. Chorasiz qolgan tadbirkor ushbu videolarni o‘chirtirish evaziga joriy yilning 8 yanvar kuni jinoiy guruh a’zolaridan birining bank kartasiga dastlabki 30 mln so‘mni, 12 yanvar kuni esa yana 30 mln so‘m o‘tkazib bergan.

Vazirlik xabarida qo‘lga olinganlarning boshqa qilmishlari ham keltirib o‘tilgan. Shuningdek, agar ulardan jabrlangan fuqarolar bo‘lsa IIV Tergov departamentining (71) 231-40-66 raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligi bildirilgan. 

Mavzuga oid